Yesterday

Жизнь с прошлым

4-qism

Inson hayotida tasodiflar ko‘p bo‘ladi, ba’zida ketma-ket tasodiflar bo‘lib, bizni gangitib qo‘yadi. Ammo tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi, taqdir kimni kimga ro‘baro‘ qilishni aniq biladi. Yaratganning rejasi mukammal ekani qaysi dinda bo‘lsa ham aniq ta’kidlanganidek, hayotimizdagi tasodiflar ham juda mukammal. Ammo biz bilmaymiz, bu tasodiflar oxiri yaxshilik bilan tugaydimi? Yoki yomonlik bilan?

Sulli bugun ertaroq uyg‘ondi, soat 07:00 edi. U sekin o‘rnidan turdi. Oyog‘iga shippagini kiyib, uyqusiragan ko‘zlarini ishqalagancha o‘rnidan turdi va vanna tomon yura boshladi. Vannaga doimgidek shippagini yechib kirdi. Marmarga oyog‘i tegarkan, sovuqdan uyqusi ochildi. U sochlarini yig‘ib, badanini yuvdi. Iliq suvda u yengil tortdi. Yuzlarini va tishlarini yuvib, artindi, halatini kiyib oynaga qaradi-da, sochlarini tartibladi va vannadan chiqib formasini kiydi.

Sumkasiga darsliklarini solib, sekin pastga tushdi. Allaqachon nonushta tayyor edi. Sulli chuqur nafas oldi-da, ichkariga kirib dedi:

— Xayrli tong! — uning kayfiyati kechagi iliqlik va akasi bilan suhbatdan so‘ng yaxshilashgan edi.

— Xayrli tong, yaxshi dam oldingizmi? — xizmatkor ayol so‘radi.

— Yaxshi. Nonushta rosa yaxshi tuyilyapti, tezroq tatib ko‘rishni istayman! — Sulli stolga o‘tirdi.

— Mana nonushtangiz, yoqimli ishtaha. Hozir mashina ham kelib qolsa kerak! — xizmatkor ayol o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib ketdi.

Sulli maroq bilan nonushta qilishga kirishdi. Nonushta davomida telefonidan Minaga xabar yozdi.

Xabar: "Julietta, yaxshi dam oldingmi? Bugun maktabga ertaroq kel."

U javobni kutdi. Minadan xabar keldi:

"Ho‘p, hozir yo‘lga tushaman."

Sulli o‘qib xursand bo‘ldi va yana javob berdi:

"Men ham mashina kelishi bilan yo‘lga tushaman!"

U telefonini qo‘yib, nonushtasini yeb bo‘ldi. Sofi xonim hali uyg‘onmagan, Sonje esa allaqachon uyg‘onib, Sullining yoniga keldi. Sulli uni ko‘rishi bilan salom berdi.

— Salom, dadajon, yaxshi dam oldingizmi?

— Yaxshi, rahmat. O‘zingchi, qizalog‘im?

— Yaxshi, maktabga ketyapman. Mashina keldi shekilli, ishlarda charchab qolmang! — Sulli yelkasiga sumkasini ilgancha eshik tomon yurdi.

— Ho‘p, qizim, sening kuning ham yaxshi o‘tsin! — Sonje shunday deya nonushtaga o‘tirdi.

Sulli qo‘rg‘on eshiklaridan bardam qadam tashlab chiqdi. U eshikdan chiqishi bilan bir og‘ir yukdan qutulganday yengil "uhh" tortdi va qop-qora mashina tomon yurdi. Heosok mashinadan tushib, qizning eshigini ochdi.

— Salom, kichik xonim, marhamat o‘tiring! — Heosok jilmaydi.

— Salom, xayrli tong! Rahmat! — Sulli yengil qadamlar bilan mashinaga mindi.

Heosok Sullining eshigini yopib, o‘zi tezda rulga o‘tirdi. U sekin mashinani yurg‘izdi. Mashina yana o‘sha trassaga tushar ekan, Heosok sekin gapni boshladi.

— Sulli, kecha janob Sonje va Sofi xonimdan gap eshitmadingmi? O‘zing aytganingdek, seni "sen"lab chaqiraman. — Heosok kuldi.

— Ha, shunday chaqiravering. Kecha bahonam o‘xshadi, shuning uchun uncha gap eshitmadim.

— Unda yaxshi-da! Bugun erta turibsanmi? Kecha uxlab qolgan eding. — Heosok kulib yubordi.

— Ha, bugun ertaroq turdim. O‘zi erta turaman, kecha uxlab qolibman-da. — U qizargan yuzini qo‘li bilan yopdi.

— Ha yaxshi, Sulli, menga nomeringni yozib ber. Ba’zida o‘qishdan erta chiqaman, ba’zida kech. Senga moslashishim kerak. Sen o‘qishdan qachon chiqasan, vaqting qanday, so‘rab turaman. — U shunday deya telefonini Sulliga tutdi.

— Ho‘p, mayli! — U shunday deya raqamini yozib berdi.

Mashinada sukut cho‘kdi. Faqat katta trassada mashinaning ovozi va motorning baqirishi eshitilardi. Sulli telefonidan akasiga qo‘ng‘iroq qildi. Bu payt Germaniyada soat 00:30 edi. Seokjin qattiq uyquda edi, Yoongi esa sekin o‘rnidan turib telefonni qo‘liga oldi. U go‘shakni ko‘tardi va sekingina dedi:

— Alo! Sulliyim, xayrli tong! — Yoongi ataylab uni shunday chaqirdi.

— Sizga esa xayrli tun, bezovta qilmadimmi? — Sulli hijolat bilan dedi.

— Yo‘q, bezovta bo‘lmadim, hali uxlamagan edim! — Yoongi kulimsirab javob qildi.

— Aka, o‘zingizmisiz? Siz erta uxlar edingiz-ku? — Sulli ikkilanib qoldi va keyin Yoongi esiga tushib dedi. — Yoongi aka, sizmisiz?

— Hozirgina tanimaydi meni deb o‘tirgandim. Seokjin uxlab qolgan, men esa hali uxlamagan edim. Qayerdasan, maktabga otlandingmi? — Yoongi mayin ovozda so‘radi.

— Folbinmisiz? Ha, maktabga ketyapman. O‘zingiz nega uxlamadingiz? — Sulli havotir bilan dedi.

— Uyqum kelmadi, yana birozdan so‘ng uxlayman. O‘zing maktabda ehtiyot bo‘l, nimadir bo‘lsa ayt. Begonalardan ehtiyot bo‘l. Tushundingmi? — Yoongi jiddiy ohangda dedi.

— Ho‘p bo‘ladi, ehtiyot bo‘laman! O‘zingiz ertaroq uxlang, kasal bo‘lib qolasiz. — Sullining ovozi biroz mayus, xuddi yosh bolani ehtiyotkorlik bilan tergagandek chiqdi.

— Ho‘p, hozir uxlayman va sen menga ham qo‘ng‘iroq qilib tur. Men ham akang-ku, a? — Yoongi kuldi.

— Ho‘p, yaxshi dam oling! — Sulli kuldi.

— Ho‘p, kuning yaxshi o‘tsin! — Yoongi telefonni o‘chirib, yotog‘i tomon yurdi. U juda tez uxlab qoldi.

Sulli telefonini sumkasiga solgancha oynadan ochiq trassaga qarab, sekin derazani ochdi va qo‘lini chiqardi. Tongning salqin havosi derazadan kirib uning yuzini siladi, uning ko‘ngli shu yo‘l bilan taskin topdi. Uni kuzatib turgan Heosokning xayoliga behosdan yaxshi ko‘rgan suyuklisi, birinchi va oxirgi sevgisi keldi.

Uning xayoli:

— U shunday qo‘llarini derazadan chiqarib, shamol bilan o‘ynashishni yaxshi ko‘radi. Shamol ichkariga kirib uning mayin yuzlaridan silab, sochlarini o‘ynaganda u juda chiroyli va nafis ko‘rinadi. Hattoki shamolga ham havas qilaman, u hech bo‘lmasa unga tegina oladi. Men noshud esa undan kattaman, hattoki yillar ham bizga to‘sqinlik qiladi. U meni hech qachon yoqtirib qolmaydi, agar katta bo‘lsa ham! — u shunday xayollar bilan biroz xo‘rsinib qo‘ydi.

U xayollarga berilgan payt Sulli unga savol berdi, ammo u eshitmadi. Sulli savolini qaytardi.

— Heosok aka, maktab yaqinidagi Yarim Tun kutubxonasiga boramiz! Eshitdingizmi?

— Ha, nima? Eshitdim, ho‘p, birinchi u yerga boramiz. — Heosok xayollarini yig‘ishtirdi, ammo qalbining tub-tubida hali ham o‘sha xayollar edi.

— Nima xayol surib qoldingizki, buncha e’tiborsiz darajaga keldingiz? Muammolaringizmi yoki o‘qishingiz? — Sulli havotir bilan gapni davom etdi. — Aka, kuyinmang, o‘zim sizga ko‘maklashaman, o‘qishingizga ulgurasiz. Albatta, muammolar bo‘lsa aytasiz, dadamga aytaman, ertaga yo‘q bo‘ladi.

— Yo‘g‘-e, shukrki muammolar yo‘q, bo‘lsa mayli aytaman! — Heosok kulib yubordi.

— Unda nimani shuncha xayol qildingiz? — Sulli qiziquvchanlik bilan so‘rashda davom etdi.

— Sening harakatlaring menga bir insonni eslatib yubordi! — Heosok mashina oynasidan Sulliga qarab dedi.

— Haa, sevgilingizmi? — Sulli kuldi.

— Voy, bu kichkina sevgini ham biladi ekan-da? — Heosok kuldi va davom etdi. — Ha desam ham, yo‘q desam ham bo‘ladi.

— Voy, men bilaman-da, kitoblarda o‘qiganman, ammo his qilmaganman! — Sulli kuldi va yana dedi. — Nega ikkilanyapsiz yoki u sizga befarqmi?

— Menimcha shunday. — Heosok mashinani to‘xtatishi barobarida dedi.

— Unda sizga qiyin, ammo bir gap aytaman: nima bo‘lsa ham unga sevishingizni ayting, bo‘lmasa kech bo‘ladi! — Sulli mashinadan tushdi va kutubxona tomon ketdi.

Mashinada yolg‘iz qolgan Heosok yana o‘ylarga toldi. U Sullining gaplaridan biroz bo‘lsa ham dalda olgandi. U sekin telefonini oldi-da, Heringa qo‘ng‘iroq qildi. Heosokning ikki marta qilgan qo‘ng‘irog‘idan keyin Herin telefonni ko‘tardi va javob berdi.

— Alo! Ha aka, nima gapingiz bor? Bilasiz-ku, velosipedda ketayotib telefonni ko‘tara olmayman! — u hansiragancha dedi.

— Uzr, singlim, esimdan chiqibdi. Maktabga keldingmi? — Heosok sekin so‘radi.

— Ha, hozir yetib keldim, nima edi? — Herin ikkilanib dedi.

— Ha, hech narsa, kuning yaxshi o‘tsin! — Heosok boshqa gap ayta olmadi va behos chiqqan peshonasidagi terni artdi.

— Ho‘p, sizniki ham yaxshi o‘tsin. Ha, aytgancha, siz ham Sullini maktabga olib keldingiz shekilli?! — Herin yana savol berdi.

— Ha, shu atrofdagi kutubxonadamiz, hozir boramiz! — Heosok sekin javob berdi.

— Unda yaxshi! — Herin telefonni o‘chirdi va velosipedini qulflab, maktab ichkarisiga kirib ketdi.

Sulli kutubxona oldidagi peshtaxtaga ko‘z yugurtirgancha kutubxonaga tikilib qoldi. U biroz shoshib qoldi, chunki kutubxona obunasi ko‘rsatilmagan, lekin kutubxona shartlaridan qimmat ekani sezilib turardi.

Sulli qabul xonasiga kirdi, hammayoq qorong‘u, unga bu yoqayotgan edi. Sulli menejerning xonasiga kirdi, u sekin salom berdi.

— Salom, janob! Men obuna uchun kelgan edim. — Sulli biroz egildi.

— Salom, xush kelibsiz! Obuna bo‘lishingizdan boshimiz osmonga yetgan bo‘lar edi. — menejer jilmaydi.

— Obuna tariflari bilan tanishtira olasizmi, narxlar qancha? — Sulli biroz hijolat bo‘ldi.

— Obuna tariflari narxi quyidagicha: u uch pog‘onada bo‘lib, 1-VIP. Bu holda siz kutubxonadan shaxsiy xona olasiz, tunab qolishingiz ham mumkin. 2-O‘rtacha. Bu holda siz kutubxonada xona olasiz, lekin muqobil emas, siz faqat ish soatining bir qismidagina u yerda bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi. 3-bu holda siz kutubxonadan bemalol foydalanasiz, ammo xonangiz bo‘lmaydi. Ammo eslatib o‘taman, kutubxonada 3 ta obunada ham ovqatlarni olishingiz mumkin, kitoblarni ham. Ha, bir obuna 3 oy amal qiladi va 3 oydan so‘ng yana ro‘yxatdan o‘tsangiz kela olasiz, lekin ro‘yxatni bekor qilsangiz, boshqa obunachi qabul qilinadi. Va yana bu yerda ba’zi qoidalar bor, keyin tanishib chiqa olasiz. O‘sha qoidalar buzilsa, obuna bekor bo‘ladi va pullar qaytarib beriladi. Bir marta haydalganingizdan so‘ng qayta obuna bo‘la olmaysiz!

— Demak, obuna tariflari faqat xonalar uchun baholanadi, shundaymi? Qoidalarga rioya qilish qiyin emas!

— Ha, xuddi shunday, xona bilan bog‘liq narxlar, ammo kutubxonaning o‘zi ajoyib. Odobli qiz ekansiz!

— Aynan narxlarni aytmadingiz, narx qancha?

— (Koreya pulidan 1-eng qimmat narx, 2-o‘rtacha narx, 3-arzonroq narx yoz) mana shu narxlarimiz. Ha, aytgancha, tariflarimiz yaqinda yopiladi, VIPda bitta joy mavjud.

— O‘sha VIPga ro‘yxatga olib qo‘ying, keyin kelib to‘lov qilaman. — Sulli xursandchilikdan sho‘x ovozda dedi.

— Mayli, ammo u obuna bo‘sh emas hali, ro‘yxatdagi yigit kelib pul to‘lashini aytgan edi. Ammo hozircha sizni yozib qo‘yaman. Ismingiz nima? Va tug‘ilgan yil, oy, sana? — Menejer kompyuterga ro‘yxatga ola boshladi.

— Kim Sulli, 20.01.2010, bo‘ldimi?

— Ha, bo‘ldi. Keyinroq albatta kelishingiz talab qilinadi, chunki tarif limiti tugab bormoqda. Ha, yana aytgan yigitim pul olib kelib qolsa, VIPdagi oxirgi joy tugaydi, lekin agar xohlasangiz, o‘sha yigit bilan birga to‘lov qilsangiz bo‘ladi.

— Unda telefon raqamim mana shu, o‘sha yigit menga qo‘ng‘iroq qilsin! — Sulli nomerini yozib, qog‘ozni menejerga berdi.

— Xo‘p! Yaxshi boring, Sulli! — Menejer jilmaygancha uni kuzatdi.

— Rahmat! — Sulli u yerdan yugurib chiqdi.

Sulli xursand bo‘lib kutubxonadan chiqdi, u yugurayotganda sochlarini shamol silkitdi. Mayin kulgusi bilan mashina eshigini ochdi. Uning bu harakatlarini kutubxona tomon yugurib kelayotgan Taehyung ko‘rib, joyida qotib qoldi. Uning hayolida bir savol bor edi:

— Qorong‘u kutubxonadan uchib chiqqan bu farishta kim edi? Oldinlari o‘sha farishta men bilan birga kutubxonaga kirar edi, endi esa u yo‘q. Ammo endi bu farishta kim bo‘ldi?

U yana yo‘lida davom etdi va qabul xonasi tomon kirib ketdi.

Sulli mashinaga tezda chiqib oldi, maktabga kirish bo‘lishiga atigi 7 daqiqa qolgan edi. Heosok Sullining xursandchiligi nimadan ekaniga qiziqdi.

— Muncha xursand bo‘lmasang, nima seni buncha xursand qildi?

— Men kutubxonaga obuna bo‘lyapman, bu yerda juda ko‘p kitoblar bor, endi mazza qilib bu yerda kitob o‘qiyman. — U hayajon bilan dedi.

— O‘uww, buncha zo‘r, endi seni maktabdan tashqari shu yerdan topa olar ekanman-da? — Heosok kuldi.

— Ha, shunday. Ha, aytgancha, lekin bu yer haqida ota-onam bilmasin, iltimos! — Sulli Heosok tomon mo‘ltillagan ko‘zlari bilan qaradi.

— Nega, ular bilsa nima bo‘ladi? — Heosok ortiga qarab dedi.

— Ular buni bilishsa, muammo chiqishi aniq. Iltimos, bu bizning sirimiz bo‘lsin! — Sulli jimjaloq barmog‘ini Heosokka tutdi.

— Mayli! — Heosok jilmaygancha uning jimjalog‘iga o‘zinikini o‘radi.

Heosok mashinani yurg‘izdi, ular maktab tomon borishdi. Orada masofa uzoq emasdi, ular tez yetib borishdi. Heosok mashinadan tushdi va Sullining eshigini ochdi.

— Marhamat!

— Rahmat!

Sulli mashinadan tushdi. Shu payt Jisoo kelib qoldi. Jisoo Heosokni ko‘rarkan, ichini hayajon bosdi. Heosok ham Jisooni ko‘rishi bilan biroz titradi.

— Salom, Heosok aka! Salom, Sulli! — u jilmaygancha salom berdi.

— Salom, Jisoo! Yaxshimisan?

— Yaxshi, rahmat! O‘zingizchi?

— Ha, men yaxshi! Nega biznikiga bormay qo‘yding?

— O‘qishlar bilan band bo‘lib qolyapman. — Jisoo jilmaydi.

— Ha, mayli, o‘qishlar bilan charchab qolma! — Heosok jilmaydi. Keyin davom etdi. — Unda kuningiz yaxshi o‘tsin. Sulli, darslardan so‘ng seni olib ketaman, telefon qilaman, javob berishni unutma.

— Xo‘p bo‘ladi! Yaxshi boring! — Sulli unga qo‘l silkidi.

— Yaxshi boring, oq yo‘l! — Jisoo ham unga qo‘l silkidi.

Heosok mashinaga mingancha gazni bosib, o‘z o‘qishiga yo‘l oldi. Jisoo va Sulli maktab ichkarisiga kirib ketishdi. Jisooning ichida savol paydo bo‘ldi:

— Sulli va Heosok qanday tanish? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!

U hayollarini uchurib yubordi va savolni tashqariga chiqardi.

— Sulli, Heosok aka bilan qanday tanishsizlar?

— Ha, u Herinning akasi ekan-ku, buni kecha bildim men ham. Uni otam haydovchi sifatida ishga oldilar, maktab uzoq ekanini aytganim uchun! — Sulli Jisoo tomon burildi.

— Ha, yaxshi, — dedi Jisoo jilmayib.

Ular sinfxonaga kirishdi. Sullining ko‘zi birinchi bo‘lib g‘azab bilan qarayotgan Minaning ko‘zlariga tushdi. Sulli Minaga ertaroq kel deb, o‘zi ushlanib qolgandi. Sulli biroz uning oldida hijolat bo‘lib, sekin bordi. Jisoo ham uning oldiga yurdi.

— Salom, Mina, kechir, men kutubxonada ushlanib qoldim, seni ham aldab qo‘ydim. — Sulli sekin Minaning qo‘lini tutdi.

— Salom, mayli, hech qisi yo‘q, — dedi Mina jilmayib, keyin Jisooga qarab dedi. — Salom, Jisoo.

— Salom, xayrli tong! — dedi Jisoo jilmayib.

Sulli joyiga o‘tirdi, sumkasidan daftarlarni chiqarib, dars qilishga kirishdi. Herin va Jisoo deraza oldiga borib suhbatlasha boshlashdi.

— Jisoo, nega ertalabdan kayfiyating yomon, kimdir hafa qildimi? — Mina havotir bilan dedi.

— Yo‘q, kayfiyatim yaxshi, faqat... — u jim bo‘lib qoldi.

— Nima, faqat? Aytsangchi! — Mina Jisooni qistovga oldi.

— Men Heosok akamni ko‘rdim boyagina, u Sullining haydovchisi bo‘lib ishlayotgan ekan va...

— Va? Va nima? Bu yaxshi-ku, shu bahona ko‘rib tura olasan. — Mina endi pichirlashga o‘tdi.

— Va u mendan hol-ahvol so‘radi, nega kelmay qo‘yding dedi! — Jisoo qotib qoldi.

— Yaxshi-ku, u senga befarq emas demak! Nega kuyinasan, bu ajoyib-ku! — Mina quvonib ketdi.

— Yo‘q, u shunchaki singil sifatida so‘radi, yana nima ham bo‘lardi. — Jisoo xo‘rsindi.

— Eyy, nega bunday fikrlaysan, bunday o‘ylama bo‘ldi. Yaxshi tomoniga ham qara, kayfiyatingni ko‘tarish kerak. Buning uchun nima qila olaman? — Mina jilmaydi.

— O‘zingda nima gaplar, Julietta? Kecha zo‘r o‘ynading. Romeo kim ekan, qiziqib ketyapman! — Jisoo hiringlab kuldi.

— Bilmadim, ammo menga ham qiziq, ammo bekor shu rolni oldim, endi afsusdaman. — Minaning tabassumi birdaniga yo‘qoldi.

— Nega, nima bo‘ldi, nega afsuslanasan? — Jisoo havotir aralash dedi.

— Men bu haqida akam va Seokjin akamga aytmoqchi emasdim, Sulli esa telefonda kecha ularga aytib qo‘ydi. Seokjin akamning ko‘ziga zo‘rg‘a qaradim, o‘sha payt yer yorilmadi, men kirib ketmadim. — dedi Mina qo‘lini boshiga urarkan.

— U ham senga befarq emas shekilli unda, u bu gapga tez javob berdimi? — Jisoo tezda hayoliga kelgan gapni tiliga chiqardi.

— Ha, Romeo bo‘lmaydi, tamom-vassalom dedi. Men shoshib qoldim, bu aka sifatidami yoki yo‘q, sezish qiyin edi.

— Hech qisi yo‘q, o‘zing aytganing kabi, yaxshi-yamki befarq emas. — dedi Jisoo oynadan qararkan.

— Ha, yaxshi-yamki, — dedi Mina.

Jisoo va Mina joy-joylariga o‘tirishdi va uyga vazifalarni ko‘zdan kechirishdi. Eshik ochilib, undan Ustoz Nuna va Herin kirib keldi. Hamma joyiga o‘tirdi.

Sinf sardori:

— Hurmat! — dedi.

Hamma salom berishdi. Ustoz tilga kirdi:

— Salom hammangizga! Umid qilamanki, hammaning uyga vazifalari tayyor!? — Nuna sekin partalar orasidan o‘qituvchi partasining oldiga bordi.

O‘quvchilar jim, ammo bu sukut alomati rizo edi. O‘quvchilar bu fandan dars qilmasliklari mumkin emasdi. O‘qituvchi yangi darsni doskaga yozdi va joyiga o‘tirdi. U sinf tarkibiga qarab, hamma bor ekaniga qaradi.

— Jongsuk, nega kecha kelmagan eding? — Nuna xonim sababini bilsa ham, yana so‘roqqa tutdi.

— Men biroz shamollab qoldim, uyga vazifalarim tayyor! — dedi Jongsuk o‘rnidan turib, bo‘g‘iqroq ovozda.

— Hozir salqin, ehtiyot bo‘l. Hammangiz ehtiyot bo‘ling! Endi esa uyga vazifalarni tekshirib, keyin yangi darsni boshlaymiz.

Nuna ustoz telefonidan jurnalni ochdi. U yerdan birinchi turgan o‘quvchini emas, aksincha kecha juda aktiv bo‘lgan Sullini chaqirdi.

— Kim Sulli, qani daftaringni olib kel. — uning ovozida biroz sovuqqonlik bor edi.

— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Sulli va daftarni olib parta tomon yurdi.

Nuna ustoz daftarni qo‘liga olar ekan, mayda ammo chiroyli yozuvlarni maroq bilan tekshirdi. U Sulliga qarab bir zum haqiqiy qobiliyatni ko‘rdi, u adashmaganini bugun isbotini ko‘rgandi.

U sekin daftarni Sulliga tutqazib dedi:

— Mukammal, joyingga o‘tirishing mumkin.

Sulli joyiga o‘tirdi. Ustoz Jongsukni chaqirdi, daftarni qo‘lga olib uni tekshira boshladi. Nuna ustoz ko‘zlari bevosita qoldirib ketilgan misolni ilg‘adi.

— Bu yerda bitta misol qolib ketibdi, uni bajarib keyin daftarni olib kel. Menga chala qoldirilgan misollar bilan kelma!

— Xo‘p bo‘ladi ustoz, hozir bajarib kelaman. — dedi Jongsuk hovliqib.

— Xo‘sh, endi jurnal boshidan kelishingiz mumkin, — dedi ustoz vazminlik bilan.

Sinfdagilar tartibi bilan daftarlarini olib kelishdi, yangi mavzu ham boshlandi. Ular yangi mavzuni o‘tishdi, tanaffus boshlanishiga ham oz qolgan edi.

Ustoz sekin partasi ustidagi buyumlarni sumkasiga soldi. Kitobni qo‘liga olib, doskaga undagi uyga vazifani, undan tashqari misollarni ham belgilab yozib dedi:

— Mana shu misollarning hammasini ertadan keyingi darsimiz bor, o‘shanda tekshirib olaman. Hammasini to‘liq bajarasiz degan umiddaman, — dedi Nuna piching bilan.

— Albatta bajaramiz. Xayr, ustoz! — deyishdi barcha o‘quvchilar bir ovozdan.

Sinfdagi taranglik yo‘qoldi. Ustoz Nunaning bosimidan chiqqan o‘quvchilar yengil uhh tortishdi. Sulli sekin Minaga qaradi va gap boshladi.

— Mina, ertalab Yoongi akam bilan gaplashdim! Ular bizdan yaxshigina xavotir olishyapti shekilli, tez qo‘ng‘iroq qilishyapti. Kecha Romeo va Taehyung ismlarini eshitib, tepa sochlari tikka bo‘lishdi. — Sulli kulib yubordi.

— Kecha shu Romeo haqidagi gapni bekor aytding, — dedi boshini sekin egib Mina.

— Nima qilibdi, yashiradigan sirimiz bo‘lmasdi-ku, shunga aytgan edim. Nega o‘zi bunday deyapsan, yoki Yoongi akam senga telefon qilib nimadir dedimi? — Sullining ko‘zida havotir paydo bo‘ldi.

— Yo‘q, hech narsa bo‘lmadi, kel unutaylik. Shundoq ham Romeo kim bo‘lishi meni ezyapti. Tezroq tadbir o‘tib ketsa deyman, hali 2 hafta tayyorlanamiz. — Mina xo‘rsindi.

— O‘tib ketadi. Romeoga nomzod bor edimi? Yoki faqat Julietta sifatida seni tanlab qo‘yishdi, xolosmi?

— Menda nomzod bor! — dedi Jisoo yugurib kelib.

— Kim ekan? — dedi Herin ham qiziqish bilan.

— Jeon Jungkook, aniq o‘sha san’at sardori. U kecha senga mulozamat qilib yaxshi e’tirof bildirdi. Yana qolaversa, qaragin, narigi korpusdagi tayyorlov zali, u menimcha dialogni o‘qiyapti! Qaragin! — dedi Jisoo qo‘llari bilan ko‘rsatib.

Mina deraza oldiga borib, u yerdan qaradi. Jungkook dialogni o‘qib tayyorlanayotgan edi. Qo‘llarida dialog qog‘ozi, xonaning u yog‘idan bu yog‘iga yurib uni o‘qiyotgan edi. Mina hayrat bilan deraza oldida qotib qoldi, uning ortidan Sulli va Herin kelib qaradi.

— Romeoga gap bo‘lishi mumkin emas, bu axir maktab goldeni-ku! — dedi Herin kulib.

— Golden!? — kuldi Sulli.

— Ha, u rostdan maktab goldeni, ko‘rkam yigit, odobli va qizlarning erkatoyi. Menimcha, u Romeo bo‘lsa, senga ancha-muncha qizlar hasad qilishi aniq! — Jisoo Minaning yelkasiga urib qo‘ydi.

— Bilmadim! — Mina shunday deya derazadan Jungkookka qaradi.

Jungkook derazadan o‘ziga qarab turgan qizlardan birining yuzi tanish ekanini ko‘rib, qo‘l ko‘tardi. U bor ovozi bilan baqirdi:

— Juliettaa! Xayrli kun! — U qo‘lini Minaga silkitdi.

Mina quloqlariga ishonmadi, keyin ko‘zlarini qisib sinchkovlik bilan qarab, bosh barmog‘i bilan o‘zini ko‘rsatib, menga gapirdingizmi degandek ishora qildi. Jungkook bu harakatini ko‘rib kulib yubordi, deraza oldiga chiqib yana baqirib dedi:

— Ha, sizga gapirdim, Julietta! Sizdan boshqa Julietta bormikin bu maktabda? Qani, ortimdan qaytar! — dedi Jungkook bor ovozi bilan.

Hamma ularni kuzatib turardi, derazadan qarab turgan qizlar-u, maktab hovlisidagi barcha ularga hayrat bilan tikilib turishardi.

— Nimani qaytaray? — dedi Mina hayrat bilan.

— Kechagi dialogdagi so‘zlarni, ularni yana eshitishni istadim! Romeo... ismingni tashla. O‘sha ism evaziga mening butun qalbimni ol... Qani, buni yana qaytara olasizmi, Julietta?! — dedi Jungkook yana ovozini balandlatib.

Mina hayratdan qotib qoldi. Herin, Jisoo va Sulli lom-mim deya olmadi, bu haqiqiy Romeo va Julietta kabi edi.

Shu payt Jungkook turgan xonaga o‘qituvchi kirib, bu tomoshaga barham berdi. O‘qituvchi Jungkookning quloqlaridan tortib, derazadan tushirdi va yelkasiga urib dedi:

— Shuncha o‘quvchini oldida tomosha qo‘ymasdan, o‘qishlaringni to‘g‘irla, yaramas bola! — uning ovozida g‘azab emas, balki bir o‘quvchi sho‘xligiga barham beruvchi dakki bor edi.

— Iltimos, ustoz, qulog‘imdan emas faqat! Axx! — Jungkook og‘riqdan ingrab qo‘ydi.

— Darsingga bor, Romeo! — dedi ustoz kulib.

Jungkook eshikdan asta chiqib ketdi. Ustoz deraza oldiga kelib, bor ovozi bilan dedi:

— Tomosha tugadi, hamma darsiga jo‘nasin!

U xonadan chiqib ketdi.

Kirish qo‘ng‘irog‘i chalindi, o‘quvchilar joy-joylariga o‘tirishdi. Biologiya darsi. Ustoz o‘quvchilarga mavzuni tushuntirib bo‘lib, daftariga nimalarnidir qayd eta boshladi. O‘quvchilar esa o‘zaro pichir-pichirlarni boshlab yuborishdi.

Jisoo ortiga o‘girilib Minaga va Sulliga qaradi. Mina boshi egilgan, xato qilib qo‘ygan odamdek g‘amgin edi. Sulli esa daftariga biologiyadan konspekt qilish bilan band edi.

Jisoo birinchi qatorda ikkinchi partada, Herin uning yonidagi qatorda bir parta orqada, Sulli va Mina esa keyingi ikki yonma-yon qatorda teng oʻtirishardi.

— Sulli! Sullii! — chaqirdi pichirlab Jisoo.

Sulli eshitmadi, uning bor e’tibori darsga berilgan edi. U boyagina matematikadan berilgan misollarni berilib bajarayotgan edi. Jisoo yengil uff tortib Heringa pichirladi.

— Herin! Herinn! — uning ovozi ustoz eshitmasligi uchun pasaydi.

— Nima deysan? — Herin darrov javob berdi.

— Minaga berib yubor! — u qoʻlidagi qogʻozni berdi.

— Hoʻp, — dedi Herin qogʻozni olarkan.

Herin orqasiga qaradi. Mina na kitob oʻqiyotgandi, na yozayotgandi. U sekin uni chaqirdi.

— Mina! Minaa!

Eshitmadi. Herin endi Sullini chaqirishga urindi.

— Sulli! Sullii! — Herin yengil uhh tortdi, yaxshiyamki Sulli uni eshitdi.

— Ha Herin, nima deysan? — u ovozini iloji boricha pasaytirdi.

— Manabu qogʻozni Minaga ber ekan, Jisoo berdi! — u shunday deya qogʻozni Sulliga otdi.

Sulli qogʻozni ushlab oldi-da yoniga qaradi va boyagina shoʻx turgan qizning kayfiyati tushib ketganini, sochlarini gʻijimlab nimalarnidir hayol qilayotganini koʻrib ichida gʻashlik sezdi. U joyidan biroz qoʻzgʻalib unga yaqinlashgandek boʻldi, ustozning e’tibori daftarida edi. Sulli qoʻlini sekin Minaning yelkasiga qoʻydi va ikki silab sochlarini koʻtardi.

— Mina yaxshimisan? Ahvoling joyidami? — uning ovozi juda past, ammo undagi havotir sezilib turardi.

Mina boshini koʻtarmadi. U rostdan ham oʻzini xato qilib qoʻygandek his qilayotgan edi. U oʻz ahvolini oʻzi tushunmayotgan edi, boshini yanada egdi. Unga qarab turgan Sulli, Herin va Jisoo hayron qolishdi.

— Shunday shoʻx qiz nega bugun bu ahvolda? — shu savol ularni qiynayotgan edi.

Bu savolning javobini Jisoo anglab yetgandi. Shuning uchun qogʻozga unga taskin beruvchi gaplarni yozgandi.

— Mina eshityapsanmi? Havotirga solmasangchi, qani menga qara! — Sulli Minani amallab oʻziga qaratdi.

— Yaxshiman! Ssenariyni oʻqib koʻrayotgan edim, biroz murakkab ekan, boshim gʻovlab ketdi. — dedi Mina majburiy tabassum bilan.

Mina yaxshigina aktrisa edi. Uning bu tabassumi soxta, ammo ishonarli chiqdi. Aslida ichida mingta savol bor edi.

— Ssenariyni qoʻysangchi, keyin oʻqiysan. Meni havotirga qoʻyding, shuni bilasanmi?

— Kechir, mayli. Endi nima demoqchi eding? — Mina unga savolli nigohlar bilan qaradi.

Sulli darrov qogʻozni qoʻliga oldi.

— Manabu qogʻozni Jisoo berdi! Senga, ushla. Va endi murakkab ishlarni dars jarayonida qilma.

— Hoʻp, hoʻp, — u qogʻozni qoʻliga oldi.

Qogʻozdagi soʻzlar:

"Mina, nega u holdasan? Kechagi gaplarni, bugungi holatni oʻylab siqilayotgan boʻlsang, ularni unut! Iltimos, boshingni koʻtar, seni koʻrib men ham siqilib ketyapman. Qani tabassum qil! Hali imkon koʻp, ikki hafta koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadi."

Mina bir qogʻozga, bir unga qarab turgan Jisooga qarardi. U kulib yubordi. Kulgusi ajoyib taskin beruvchi edi. Uni koʻrib Jisooning koʻngli taskin topdi. Sullining havotiri tarqadi, Herinning savoli yoʻq boʻldi, ammo bu pastgina kulgu oʻqituvchini sinfga qarashga majbur qildi.

Oʻqituvchi kim kulganini ilgʻay olmay qoldi, lekin oʻrnidan gʻazab bilan turdi.

— Men sizlarning pichirlashlaringizga, oʻzaro suhbatlaringizga koʻndim! Hech boʻlmasa kulgularingizni ichingizga yutishni oʻrgansangiz boʻlar edi! — uning ovozi sinfxona boʻylab tarqaldi, ovozlar sinf devorlariga urilib aks-sado berdi.

U sekin qoʻliga lineykasini olib sinf boʻylab aylana boshladi.

Butun sinfning pichirlashlari-yu suhbatlari tindi, hamma tinchlik saqlab ustoz qadamlarini sanay boshlashdi. Ustoz sinfni ikki marta aylanib chiqdi, shu payt katta tanaffus qoʻngʻirogʻi chalindi.

Sinfxonadagi oʻqituvchining boyagi qoʻpolligi va baqirib aytgan gaplari yoʻqoldi. Taranglik tarqab, hamma oʻrnidan turdi. Katta tanaffusda kimdir oshxona tomon ketsa, kimdir maktab hovlisiga chiqdi.

Sulli darsliklarini chetga surib deraza oldiga bordi, u yana hayollariga botdi. Ikki kun davomida u bu oʻylardan qutulgan edi, bugun esa yana hammasi tiklandi.

— Nega men bilan shunday ishlar sodir boʻlgan ekan-a? Nega aynan men? Otam juda yaxshi inson, lekin oʻsha kuni aytgan gaplari... Toʻgʻri, men yoshman, tushunmasligim mumkin ularni. Lekin uning aytgan gaplari va shubhalarini tushunish qiyin emasku! Ota-onamning bu tortishuvlari qachongacha davom etar ekan? Akam ham oldimda emas, bir oʻzim ham aybdor, ham guvoh boʻlayotgandekman.

Sulli hayollarini chetga surib, berilib dars qilayotgan Herinning oldiga bordi.

— Herin, nimalarni bajaryapsan? — Sulli Herinning oldiga stul qoʻyib oʻtirdi.

— Kecha ustoz bergan misollarni bajarib qoʻyyapman, bugun uyda ishlarim koʻp, vaqtim boʻlmaydi. — Herin e’tiborini daftardan uzmagan holda javob berdi.

— Ha, shunday degin, kel yordam beraman, tezroq boʻlib nimadir yeb kelar edik.

— Ha, tezroq bajaringlar, qornim ochib ketdi, hammamiz birga boramiz! — Jisoo suhbatga qoʻshildi.

— Hoʻp, tezroq bajaramiz, sabr qilib tur! — dedi Herin kulimsirab.

Sinfda faqat ular qolgan edi. Mina ssenariyni oʻqib ichidagi savollarni yoʻqotishga urinayotgan edi. Jisoo esa unga ikkinchi rolni oʻqib, rol oʻynashga yordam berayotgan edi. Herin va Sulli tezlikda misollarni bajarishga kirishishdi. Ular misollarni yakunlashga bir oz vaqt qolganda Jongsuk sinfga kirib keldi. Uning sochlari biroz toʻzgʻigan, qoʻllarida esa bir paketda gamburger va qahva bor edi.

— Salom qizlar! Herin, buni sen uchun olib chiqdim, yana darslar bilan band boʻlib och qolmagin dedim-da! — u qoʻlidagilarni unga tutdi.

Mina va Jisoo bor hayratini yashira olmay:

— Ouvv! — deya baqirib yuborishdi.

Herin qizarib ketdi, axir bu deyarli doimgi holat edi. Sulli esa savolli nigohi bilan Jongsukga qaradi.

— Jongsuk, mehnatingni qadrlayman, avvalambor rahmat! Lekin biz oshxonaga bormoqchi edik, qizlar bilan. — Herin ikkilanib javob berdi.

— Ha, shunday degin. Men seni yana darslar bilan boʻlib, oshxonaga tusha olmaysan deb oʻylabman. Mayli, hech qisi yoʻq, buni oʻzim oshxonaga olib tushaman. — Jongsuk shunday deya unga uzatilganlarni sekin ortga tortdi.

— Faqat ranjish yoʻq. Xohlasang yur biz bilan oshxonaga! Sulli va Mina bilan ham yaxshilab tanishasan, darvoqe hali ular bilan tanishmading. — Herin Sulli va Minaga ishora qildi.

— Aytgancha, boya tanaffusda sizlar bilan tanishmoqchi edim, ustoz chaqirib qoldi. Mening ismim Lee Jongsuk, sinf sardoriman. Menimcha, sen Kim Sullisan, sen esa Min Mina. Sizlar bilan tanishganimdan xursandman.

— Haa, tanishganimdan xursandman. — dedi Sulli biroz nim jilmayish bilan.

— Men ham xursandman. — dedi Mina ssenariy qogʻozini parta ustiga qoʻyib.

— Jongsuk, shu qizga ovqat tashiyverib charchamading sen ham? — Jisoo kulib dedi.

— Nega unday deysan, axir doʻstlarmiz, charchab boʻlarmidi? Qolaversa, unga qoʻshib senga ham olib kelaman-ku doim! — Jongsuk kulib yubordi.

— Endi toʻrt kishi uchun ovqat olib berishingga toʻgʻri keladi, bizning guruhga Mina va Sulli ham qoʻshildi. — Herin hazil aralash dedi.

— Mayli, guruhimizdagi yagona yigit sifatida men buni bajaraman! — Jongsuk endi jiddiy ohangga oʻtib dedi.

— Unda ketdik, mening qornim ochdi! Tan olishim kerak, ertalab eringanimdan choy ichmagan edim. — Jisoo nolingandek kulib dedi.

Hamma kulib yubordi. Ular sekin sinfdan chiqib, oshxona tomon yura boshlashdi. Oshxona ikki korpus oʻrtasida qurilgan boʻlib, oʻquvchilar soniga mos ravishda tashkil qilingan edi. Har katta tanaffusda ikki korpusdagi oʻquvchilar ham u yerga yigʻilishardi.

Ular oshxonaga kirishdi, u yer shinam va tartibli edi. Ovqatlarning, fastfudlarning hidi dimogʻga urilib, oshqozonni junbushga keltirardi. Ular sekin chekkaroq joydagi boʻsh oʻrinlarga joylashishdi.

— Kim nima yeyishni istaydi, xonimlar? Men? — Jongsuk kulib ularga yuzlandi.

— Voyboʻy, buncha iltifot shart emas edi! — Sulli hijolat bilan dedi.

Hamma kulib yubordi.

— Menga kimpap va sutli qahva. — Jisoo kulgu aralash Jongsukga dedi.

— Menga esa boyagi gamburger boʻladi, qahvani issigʻidan faqat. — Herin ham kulgusini tiyib zoʻrgʻa javob qildi.

— Mmm, menga ramen yetadi, yoniga sutli qahva bilan. — Mina biroz hijolat bilan dedi.

— Menga qahva yetarli, hech narsa yegim yoʻq. — Sulli shunday deya telefonini qoʻliga oldi.

— Sulli, agar puliga hijolat boʻlayotgan boʻlsang, buni oʻylama. Men qancha boʻlsa ham toʻlayman. — Jongsuk ichida yaralgan savolni sirtiga chiqardi.

— Yoʻq, yoʻq, bunday oʻylamanglar. Ertalab yetarlicha nonushta qilgan edim. — Sulli unga savolli qarab turgan nigohlarga tezlikda javob berdi.

— Mayli, unda men bilan kim boradi? Axir mening toʻrtta qoʻlim yoʻq-ku! — Jongsuk kulib dedi.

— Men boraman. — Jisoo tezda oʻrnidan turib unga ergashdi.

Jongsuk va Jisoo aytilgan narsalarni tezlikda olib kelishdi. Ular maroq bilan tamaddi qilishar edi. Tamaddi qilib boʻlib, ular sekin u yerni tark etishdi. Katta tanaffus tugab, hamma sinfiga kirishdi. Hozir ularga fizika darsi boshlandi, lekin ayni paytda Janob Kim kompaniyasida vaziyat ancha tarang edi.