Izlaganim 4-Qism
Shifoxona daxlizi bo‘ylab Jungkookning odamlari uni aravachasida ehtiyotkorlik bilan olib ketishardi. U atrofga beparvo qarab borarkan, kutilmaganda dahliz burchagidan tanish siymo chiqib keldi. Bu — Hyesun edi.
Hyesun ularni ko‘rib to‘xtadi va aravachada o‘tirgan yigitga ma’noli tikildi. — Biz yana uchrashdik... kasal yigit.
Jungkook ko‘zlarini uzmay, qizning yuziga tikildi. Qizning dadil yurishi, sovuqqonligi unda g‘alati bir qiziqish uyg‘otgandi. Hyesun biroz yaqinroq kelib, piching qildi.
— Meni uzoqdan kuzatishni juda yoqtirasanmi, deyman? Ro‘paradagi oynadan durbin bilan tikilib turganingni sezmadim deb o‘yladingmi?
Jungkook zarracha uyalmay, o‘zining jozibador ovozida xotirjam javob berdi.
— Chunki sen chiroylisan. Chiroyli narsalarni kuzatish esa odatda yoqimli bo‘ladi.
Hyesun uning bu qadar dadilligini kutmagandi, u qoshlarini chimirib so‘radi — Shifoxonaga nega kelding o‘zi? Ortimdan ergashib yuribsanmi?
— Yo‘q, haqiqatdan ham kasalligim uchun shu yerdaman, — dedi yigit o‘z holatiga shama qilib.
— Tushunarli, — Hyesun chuqur xo‘rsindi. — Unda sen davolanishda davom et, men esa ketyapman.
U shunday dedi-da, Jungkookning yonidan beparvo o‘tib ketdi. Biroq u uzoqqa ketolmadi. Jungkook kutilmaganda aravachasidan sapchib turdi-da, bir necha qadamlar bilan Hyesunning ortidan yetib oldi va uning yo‘lini to‘sib, to‘g‘ri qarshisida to‘xtadi.
Hyesun, hayron bo‘lib yigitning uzun qomatiga qaradi. So‘ng lablarini burishtirib dedi.
— Demak, oyog‘ing butunlay yaxshi ekan-da? Menga bu yerda bechora kasal bo‘lib tomosha ko‘rsatmay qo‘ya qol.
Jungkook elkalarini qisib, sekingina jilmaydi.
— Men shunchaki aravachada xotirjam dam olish uchun o‘tirgandim, xolos. Haqiqatdan ham oyog‘im sog‘lom.
Hyesun uning bu o‘yinlariga vaqt sarflagisi kelmay, qo‘lini siltadi.
— Ko‘rishguncha, — dedi-da, chiqish eshigi tomon yurdi.
— To‘xta... Ismimni so‘ramaysanmi? — ortidan yangradi Jungkookning ovozi.
Hyesun ortiga qayrilib ham qaramasdan, eshikni ocharkan, sovuq ohangda javob berdi.
— Sening isming meni zarracha ham qiziqtirmaydi.
U eshikni yopib, daxlizdan chiqib ketdi. Jungkook esa uning ketgan tomoniga qarab, hayrat va mamnuniyat aralash jilmayib qo‘ydi. Bu qiz uni tobora o‘ziga rom etib borayotgandi. Yigit sekin oldinga qarab yura boshladi.
U daxliz bo‘ylab borarkan, Hyonhining palatasi yonidan o‘tayotib, ichkaridan kelayotgan g‘azabli ovozlarni eshitib qoldi.
— Nega? Nega So oilasining qo‘riqchilarini darhol chaqirmading? — deb baqirardi u.
Jungkook beixtiyor eshik yonida to‘xtadi va ichkariga ko‘z tashladi. Palatada Hyonhi o‘rnidan turib, g‘azabdan telbaga aylangan holda Do Wonning yoqasidan bo‘g‘gudek tutib olgandi. Uning ko‘zlaridan olov sachrardi.
— Lee Hyesun... uni o‘ldirish oson ish emasligini tushunib yetgandirsan? Bu daxshat Ammo boshqalar bu haqida bilishiga mutloq yo‘l qo‘ymayman Kim ham tahmin qilibdi deysan... o‘sha aqli zaif qizning hozir bunchalik mukammal va yaxshi kurasha olishini?
Jungkook palata eshigi yonidan hech qanday tovush chiqarmay, indamay o‘tib ketdi. Uning nigohida o‘sha yovuz juftlikka nisbatan nafrat va sovuqqonlik aks etardi. Chiqish eshigi tomon shaxdam qadamlar bilan yurarkan, yonida ergashib kelayotgan sodiq yordamchisiga buyruq berdi.
— Shin Hyonhi va So Do Wonni qattiq nazoratga ol. Har bir bosgan qadamini kuzat.
U shifoxonaning keng va salqin hovlisiga chiqqanda, tun bag‘ridagi tanish siymoni ko‘rib beixtiyor to‘xtadi. Hyesun bir chekkada, turib, sigaret chekayotgan edi. Jungkook uning yoniga yaqinlashdi va uning e’tiborini tortish uchun ohista ovoz berdi.
Hyesun qayrilib qaradi. Uning ko‘zlarida g‘alati bir xotirjamlik bor edi. Qiz sigaret qutisini biroz ko‘tarib, kinoya bilan so‘radi — Chekasanmi?
Jungkook javob berish o‘rniga, birdan tomog‘i qichishib, qattiq yo‘talib yubordi. Buni ko‘rgan Hyesunning yuzidagi beparvolik yo‘qoldi. U sigaretni darhol yaqin atrofdagi axlat qutisiga tashladi. Tun shamoli esganda, qizning yelkalari biroz qaltirab, uning sovqotayotgani sezilib qoldi.
Jungkook egnidagi kostyumini yechdi-da, uning yelkasiga yopib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo Hyesun uning qo‘lini sekingina qaytardi.
— Men sovqatmayman. O‘zing kiy, senga ko‘proq kerak.
Jungkook qizning bu qaysarona rad etishidan biroz g‘azablanib, qo‘lidagi kostyumni yerga, tashladi.
— Sen kiymasang, uni boshqa hech kim kiymaydi.
Aynan shu so‘zlarni aytishi bilanoq, yigitni yana qattiq yo‘tal tutdi. U ko‘kragini changallab, engashib qoldi. Hyesunning lablarida beixtiyor iliq bir jilmoyish paydo bo‘ldi. U yerda yotgan kostyumni oldi-da, changini qoqib, Jungkookning yelkasiga qayta o‘rab qo‘ydi.
— Sening tanang juda zaif, tez sovqatasan...
Hyesun gapira turib, kutilmaganda Jungkookning qo‘llaridan tutdi.
— Qara, qo‘llaring juda sovuq. Xuddi muz kabi...
— Ular hech qachon isimaydi, — pichirladi Jungkook,
Hyesun hech narsa demay, yigitning muzlagan kaftlarini o‘z lablariga yaqin olib keldi. So‘ng ohista, qaynoq nafasi bilan ularni puflay boshladi. Uning har bir harakati g‘oyatda mayin va samimiy edi. Birozdan so‘ng jilmayib, uning ko‘zlariga tikildi.
— Endi isidi, shunday emasmi? Men ketyapman.
Jungkook uning qo‘llarini qo‘yib yuborgisi kelmay, pichirladi — Hozir... yana sovib qoldi.
Hyesun to‘xtab, qoshlarini chimirdi, ammo ko‘zlaridagi o‘sha iliqlik so‘nmagandi.
— Xo‘sh, yana nima xohlaysan, kasal yigit?
Jungkook yana yo‘taldi-da, o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinib dedi — Muammo emas... sovisa sovisin.
Hyesun uning bu injiqligiga shunchaki bosh chayqadi va oldinga qarab yura boshladi. Buni ko‘rgan Jungkook yelkasidagi kostyumni yana yerga tashladi. Uning orqasidan kelayotgan sodiq yordamchisi daxshatga tushib, darhol kostyumni yerdan ko‘tardi va yigitning ustiga yopmoqchi bo‘ldi.
Ammo Jungkook unga shunday sovuq o‘qraydiki, yordamchining qo‘llari havoda qotib qoldi.
— Yerga tashlangan axlatni menga kiydirmoqchimisan? — deya o‘shqirdi u.
Hyesun bu gapni eshitib to‘xtadi. U ortiga o‘girilib, yana Jungkookning qarshisiga keldi.
— Sening isming nima edi o‘zi?
Jungkook mag‘rur qomatini tik tutib, uning ko‘zlariga qaradi — Mening ismim — Jeon Jungkook.
Hyesunning ko‘zlari hayratdan biroz kengaydi, so‘ng lablarida g‘alati bir kinoya uyg‘ondi.
— Qochayotganimda poyezdda men qutqargan o‘sha ojiz kasal yigit... demak, butun mamlakatga mashhur Janob Jeon ekanda?
Hyesun gapini tugatishi bilanoq, kutilmaganda bir qadam oldinga o‘tib, Jungkookni mahkam bag‘riga bosdi.
— Xo‘sh... hozir ham sovqotyapsanmi, Janob Jeon? — pichirladi Hyesun uning qulog‘iga.
Jungkook qizning atri hididan sarxush bo‘lsa-da, yuragida g‘alati bir rashk uyg‘ondi. U qizni o‘zidan uzoqlashtirmay, past ovozda so‘radi.
— Boshqalar uchun ham shunday qilasanmi? Hammaga shunday mehribonmisan?
Hyesun uni quchoqlashdan to‘xtab, ko‘zlariga qaradi.
— Biz shunchalik yaqinmizmi? Bundan senga nima? — Menga ayt... — Jungkookning ohangida talabchanlik bor edi.
Hyesun uning qat’iyatiga taslim bo‘lgandek, pichirladi — Hozircha... faqat senga.
Jungkookning yuragi g‘alati urib ketdi. U qizning yuziga yaqinroq kelib so‘radi — Biz hozircha degan gapdan butunlay qutula olamizmi?
Hyesun uning lablariga barmog‘ini ohista bosdi,
— Haddingdan oshma, Jeon Jungkook.
Jungkook jilmaydi — Mashinaga o‘tir. Seni o‘zim bilan olib ketaman.
Hyesun bu taklifni rad etmadi. U mashina ichiga xotirjam o‘tirdi. Jungkook esa uning ortidan qarab, yuzida g‘olibona va baxtli jilmoyish bilan mashinaning narigi tomoniga o‘tish uchun ergashdi.
Tungi shahar chiroqlari ostida qora mashina silliq tezlikda ilgarilab borardi. Salon ichida esa g‘alati, keskin, ammo ayni paytda jozibali bir sukunat hukmron edi.
Jungkook yonida o‘tirgan Hyesundan ko‘zini uzolmasdi. Uning nigohi bexosdan qizning bo‘ynidagi qizg‘ish izga tushdi. Yigitning qoshlari chimirilib, ohista so‘radi — Og‘riyaptimi?
Hyesun derazadan tashqariga qaragancha, beparvo javob qaytardi.
— Og‘riyotgan bo‘lsa nima qilasan? Yigʻlab berasanmi
Jungkook savolga so‘z bilan javob bermadi. U kutilmaganda oldinga egilib, Hyesunning lablaridan shiddatli va kutilmagan bo‘sa oldi. Bu harakat shunchalik tez sodir bo‘ldiki, Hyesun bir lahza qotib qoldi.
— Jeon Jungkook, sen aqldan ozdingmi? — deya baqirdi Hyesun va yigitni bor kuchi bilan o‘zidan itarib yubordi.
Jungkook muvozanatni yo‘qotib, boshini mashina eshigining qattiq oynasiga urib oldi — Ah... Jungkook ingrab yuborib, boshi g‘ovlagancha o‘sha joyni qo‘li bilan ushladi.
Mashina haydovchisi ko‘zgudan daxshat ichida ularga qaradi — Lee xonim, iltimos, ehtiyot bo‘ling Janob Jeon og‘ir kasal, har qanday jarohat uning hayoti uchun xavfli.
Hyesun bir muddat nima bo‘lganini tushunmay hayron bo‘lib turganda, Jungkook boshi aylanib, ko‘zlari suzilib borayotgan bo‘lsa-da, haydovchiga qarab o‘shqirdi.
— Unga... unga nega baqiryapsan?..
Shu gapni aytdi-yu, Jungkookning ko‘zlari yumilib, hushidan keta boshladi. U gandiraklagancha boshini to‘g‘ri Hyesunning tizzasiga qo‘yib oldi.
Hyesun sarosimaga tushib, yigitning yuziga urdi— Hey, Senga nima bo‘ldi? Ko‘zingni och, hoziroq shifoxonaga haydang.
Jungkook esa ko‘zlarini zo‘rg‘a yarim ochib, pichirladi — Meni... meni sen itarib yubording... Barchasi sening aybing... — U gapini tugatolmay, butunlay hushini yo‘qotdi.
Jungkook asta-sekin ko‘zlarini ochdi. Mashina hamon harakatda edi. U darhol atrofga qaradi, ammo mashina salonida Hyesun yo‘q, uning o‘rni bo‘shab qolgan edi. Yuragi g‘alati urib ketgan yigit shoshilib so‘radi.
— U... u qayerga ketdi? Haydovchi xavotir bilan orqaga ko‘z tashladi.
— Janob Jeon... Lee xonim ketdi Biz hozir shifoxonaga ketyapmiz.
— Nima? Shifoxonaga borishni xohlamayman Jungkook asabiylashib o‘rnidan turib o‘tirdi. — Men sendan u qayerga ketdi deb so‘rayapman.
— Janob Jeon, ahvolingiz haqiqatan ham yaxshi emas, — deb tushuntirishga urindi haydovchi. — shifokoringiz Janob Siwoo sizni zudlik bilan tekshirishi kerak. O‘simta asoratlari yana qo‘zg‘ashi mumkin.
— U mening hayotimni saqlab qoldi... ikki marta, — dedi Jungkook Men, Jeon Jungkook, hech qachon hech kimdan qarzdor bo‘lib qolmayman. Shifoxonani unut. Meni hoziroq Hyesunning yoniga olib bor.
Mehmonxona xonasining eshigi ohista ochildi. Bo‘sag‘ada, Jungkook turardi. Uning nigohida charchoq bo‘lsa-da, qat’iyat so‘nmagandi.
Hyesun eshikka suyanib, uni boshdan-oyoq kuzatdi. Lablarida qaysarona va kinoyali bir jilmoyish paydo bo‘ldi.
— Jeon Jungkook haqiqatan ham meni tinch qo‘ymayapsan Oxiri shu yergacha ta’qib qilib keldingmi? Men bilan birga uxlashni shunchalik xohlayapsanmi?
Jungkook uning pichinglariga javob bermadi. U xotirjamlik bilan ichkariga kirdi va ortidan eshikni qulfladi. Yigitning nigohi — qizning yalangoyoq turgan poyiga tushdi.
— Kiyishni xohlamadim, nima qilibdi? O‘z xonamda qanday yurishimni senga hisobot berishim kerakmi?
Jungkook ortiqcha gapirib o‘tirmadi. U kutilmaganda oldinga qadam tashlab, Hyesunni ko‘tarib oldi. Qiz nima bo‘layotganini anglashga ulgurmay, yigit uni kresloga ehtiyotkorlik bilan o‘tqazdi. Hyesun kreslo suyanchig‘iga suyanib, unga g‘azab aralash tikildi.
— Jungkook Haqiqatan ham men bilan yotoqni baham ko‘rish uchun keldingmi? Maqsading nima o‘zi?
Jungkook biror so‘z demasdan, birdan Hyesunga juda yaqin keldi. Ularning nafasi bir-biriga urilib turgan soniyada, yigit qizning lablaridan ehtirosli va chuqur bo‘sa oldi. Bu safar u uzoqlashgach, Hyesun uni itarib yubormadi, shunchaki nafasi tiqilib, uning ko‘zlariga tikildi.
— Jungkook... sen rostdan ham kasalmisan?
Jungkookning nigohi mayus tortdi, ovozi pichirlashga o‘tdi.
— Ha... miyamda o‘simta bor. Davosiz dard. Ayta qol, endi meni yomon ko‘rasanmi? Mendan jirkanasanmi?
Hyesunning yuragi g‘alati bir tezlikda urib ketdi, ammo u o‘zini qo‘lga oldi.
— Meni nega qidirib kelding unda? Nima uchun aynan men?
— Uyim yo‘q... — dedi Jungkook yerga qarab. — Boradigan joyim yo‘q.
Hyesun uning yuzini diqqat bilan o‘rgandi. Professional qotilning zehni qisqa soniyalarda hamma narsani tahlil qilib bo‘lgandi. U zaharxanda bilan kulib yubordi.
— Sen meni reja asosida bezovta qilyapsan. Meni xursand qilishga, ko‘nglimga yo‘l topishga harakat qilyapsan... Bularning barchasi o‘sha kuni aeroportda senga bergan dorim uchun, shunday emasmi?
Jungkookning ko‘zlari biroz kengaydi. Uning xayolida shifokori Siwooning shifoxonadagi gaplari aks-sado berdi Miyyangdagi o‘simta qanday qilib bunchalik qisqardi? Bizga o‘sha dorining formulasi kerak.
— Nega gapirmayapsan? — Hyesun unga yaqinroq egildi. — Yoki to‘g‘ri tahmin qildimmi? Menga dorining formulasi uchun yaqinlashyapsanmi?
Jungkook chuqur nafas oldi va qizning ko‘zlariga qaradi.
— U dori... sen uchun juda qimmatlimi?
Hyesun kresloga yaxshilab joylashib oldi va nigohini shiftga qaratdi, ovozida chuqur bir mayuslik bor edi.
— Rostini aytadigan bo‘lsam... men shunchaki yetkazib beruvchiman. C4 dorisining formulasi menda yo‘q. Uni yaratgan maxfiy laboratoriya bundan 10 yil avval daxshatli yong‘inda yo‘q bo‘lib ketgan. U yerdagilardan hech kim tirik qolmagan. Dunyoda o‘sha doridan faqat bitta qolgan, ulardan birini senga ichirdim.
Jungkook daxshatga tushdi — Meni u bilan qutqarding... Uni mendan boshqa hech kimga bera olmasding. Bu sening hayoting, uchun xavfli emasmi? Sen o‘z hayotingni garovga qo‘yding-ku.
Hyesun uning xavotirini ko‘rib, beparvo qo‘l siltadi.
— Bu mening muammoyim, senga mutloq aloqasi yo‘q. Men uchun xavotir olma. Sen yaxshisi avval o‘zing haqingda, o‘sha miyangdagi o‘simta haqida o‘yla. Chunki u dori senga vaqtincha ta’sir qiladi, keyin esa...
Jungkook uning gapini oxirigacha eshitmadi. U Hyesunning qo‘llaridan mahkam tutdi. Uning ko‘zlarida doriga bo‘lgan ehtiyoj emas, balki qizga nisbatan cheksiz bir samimiyat porlardi.
— Bu dori meni zarracha ham qiziqtirmaydi, Hyesun. Agar u dori senga zarar keltiradigan bo‘lsa, agar u sening hayotingni xavf ostiga qo‘ysa... men uni umuman xohlamayman.
Hyesun kreslodan shiddat bilan turdi. Uning nigohidagi sovuqqonlik ortida g‘alati bir bezovtalik yashiringan edi. Yigitning kutilmagan samimiyati professional qotilning muzlagan yuragiga og‘irlik qilayotgandi.
— Yaxshi, yetarli, — dedi Hyesun ovozini qat’iy ohangga keltirib. — Ahmoqona o‘yin o‘ynashni bas qil. Baribir maqsading men bilan uxlash, shunday emasmi? Unda uxla.
Hyesun Jungkookning bilagidan tutib, uni yotoqxonaga boshlab kirdi. Biroq Jungkook karavot chetiga o‘tirishi bilan qizning qo‘lidan mahkam tortdi, uning ko‘zlarida yolg‘izlik va ilonjsizlik aks etardi.
— Qayerga ketyapsan? Meni tashlabmi?
Hyesun sekingina, ammo qat’iyat bilan o‘z qo‘lini yigitning panjalari orasidan tortib oldi.
— Men bilan uxlashni shunchalik xohlayapsanmi? Unutma, og‘ir kasaling bor, o‘zingga zarar yetkazma. Shunchaki tinchgina uxla.
U ortiqcha gapirmay xonadan chiqdi va dahliz orqali keng balkonga yo‘l oldi. Tungi shahar chiroqlari ostida sovuq shamol uning yuziga urilarkan, Hyesun chuqur xayolga toldi.
Jeon Jungkook... Butun mamlakat tanigan Jeon oilasining vorisi... Uning ham uyi yo‘qmi? Xuddi men kabi... hamma narsasi bo‘la turib, hech vaqosi yo‘q odammi u ham?
Shu lahzada qizning ko‘z oldida to‘rt yil avvalgi daxshatli xotira qayta jonlandi...
4 yil avval. Leelar oilasining villasi...
Hovlida dabdabali ziyofat avjida, hamma joy chiroqlar va gullar bilan bezatilgan edi. Hyesun qo‘lida chiroyli shirinlik qutisini mahkam qisgancha hovliga kirib keldi. Uning yuragi hayajondan gursillab urardi.
Oyim va dadam meni butunlay yaxshilanganimni, ko‘rib, albatta juda hayron qolishadi... deb o‘ylagandi u ichida.
Biroq hovlidagi baland ayvonda Hyunwoning qat’iy ovozi yangradi.
— Hammaga salom Bugun sizlarga hayotimdagi eng muhim insonni rasman tanishtirishni xohlayman.
Ziyofatga yig‘ilgan o‘nlab nufuzli mehmonlar jim bo‘lib yuqoriga qarashdi. Aynan shu soniyada chiroyli libos kiygan Hyonhi Sara bilan birga jilmayib Hyunwoning yoniga kelib to‘xtadi. Hyunwo cheksiz g‘urur va mehr bilan Hyonhining yelkasidan quchdi.
— Bu mening eng sevimli, qizim — Shin Hyonhi dedi u baland ovozda.
Hovli chetida turgan Hyesunning qo‘llari bo‘shashdi. U yuqoridagilarga tikilib qoldi.
— Bugun uning o‘n sakkiz yoshga to‘lgan tug‘ilgan kuni — davom etdi Hyunwo qadahini ko‘tarib. Barchangizga bugungi quvonchli kunimizda biz bilan birga bo‘lganingiz uchun rahmat aytaman.
Butun hovli mehmonlarning olqishlariga to‘ldi, hamma qadahlarni yuqoriga ko‘tardi.
— Janob Leening sevimli qiziga uzoq umr va baxt tilaymiz.
Hyesun ko‘zlariga qalqqan yoshni yashirish uchun sekingina yerga qaradi. Qo‘lidagi shirinlik qutisi endi unga g‘irt keraksiz matohdek tuyulardi.
— Hyonhi uchun qadah ko‘taramiz — deb baqirdi Hyunwo va qizining boshini mehr bilan silab qo‘ydi.
Hyonhi esa o‘zini baxtning cho‘qqisida his qilib, erkalangan ohangda pichirladi.
— Dada... Oyi... Rahmat sizlarga.
Atrofdagi mehmonlarning pichir-pichiri Hyesunning quloqlariga o‘qdek qadala boshladi.
— Lee oilasining qizi haqiqatan ham juda chiroyli ekan-a?
— Ha, mamlakatdagi eng boy oilaning qizi bo‘lganidan keyin, albatta shunday bo‘ladi-da... Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.
Hyesun ortiq bu yerda tura olmadi. Hech kim uni payqamadi, hech kim uning kelganini ham bilmadi. U indamay ortiga o‘girildi-da, villani butunlay tark etdi. O‘sha kecha u o‘z uyi, o‘z oilasi yo‘qligini darslikdek anglab yetgan edi.
Hyesun balkondagi temir to‘siqlarni qo‘llari bilan mahkam siqdi. Uning ko‘zlaridan tun zulmatiga bir tomchi achchiq yosh yumalab tushdi. Lablaridan esa o‘sha yillar davomida ichiga yutgan haqiqat sizib chiqdi.
— Ular meni hech qachon yaxshi ko‘rishmagan... Buni eng boshidanoq juda yaxshi bilgan edim. Hech kim... ahmoqni yaxshi ko‘rmaydi. Shin Hyonhi esa aqlli u ularning haqiqiy qizi... Meni esa xorijga yuborishgan o‘sha kundan boshlab... butunlay uysiz, qoldim.
Hyesun dahlizdan ohista yurib xonaga qaytdi va charchoqdan toliqqan tanasini divanga tashladi. Ko‘zlarini yumib, tinchlanishga urindi. Ammo ko‘p o‘tmay qadam tovushini eshitib, ko‘zlarini ochdi. Jungkook uning ro‘parasida turardi.
Hyesun unga qarab, charchoq aralash kinoya bilan pichirladi.
— Agar men bilan birga uxlashni shunchalik xohlayotgan bo‘lsang, rostini ayt Janob Jeon. Ortiqcha o‘yin o‘ynashga hojat yo‘q... To‘xta, nega qo‘llaring hali ham muzdek?
Jungkook divan chetiga o‘tirib, uning ko‘zlariga bolalarcha samimiyat va biroz tortinish bilan tikildi.
— Bu yer biroz sovuq ekan... Xavotir olma, mening ham bunaqa narsalarda tajribam yo‘q. Sendan avval hech bir ayolga bunday yaqinlashmaganman.
Hyesunning lablariga g‘alati bir tabassum yugurdi. U o‘rnidan biroz ko‘tarilib, yigitning yuzini qo‘llari orasiga oldi.
— Unda hozir barchasini senga o‘rgatishim kerakmi?
U gapini tugatishi bilanoq, Jungkookning lablaridan mayin, ammo o‘tkir bir bo‘sa oldi. So‘ng undan uzoqlashib, jiddiy ohangda so‘radi.
— Xo‘sh, endi borib tinchgina uxlay olasanmi?
Jungkook qizning lablaridagi taftni his qilaroq, ko‘zlarini qisdi.
— Bu yetarli emas... Men ko‘prog‘ini xohlayman, Hyesun.
Hyesun uning ko‘kragidan tutib, shartta ortga itarib qo‘ydi.
— O‘zingni bos, kasalsan. Keskin harakat qilish senga mumkin emas. Hoziroq borib joyingga yotib uxla, aks holda seni xonadan haydab yuboraman.
Jungkook qizning qat’iy ohangiga qarshi chiqolmay, jilmaygancha yotoqxonaga qaytib kirdi va joyiga yotdi. Uning yuragi nihoyat xotirjamlik topgandek edi.
Ayni shu daqiqalarda, Do Won va Hyonhi o‘rtasida keskin suhbat ketayotgan edi. Do Won asabiy holda sochlarini changalladi.
— Jeon oilasining to‘ng‘ich vorisi Jeon Jungkook... U qanday qilib Hyesunga yordam berishi mumkin? O‘sha ahmoq qiz bunga loyiqmi axir?
Hyonhi uning ko‘zlariga sovuq tikilib, pichirladi.
— Do Won, haqiqatni tan ol. Hyesun endi o‘sha sen bilgan ahmoq, aqli zaif qiz emas. U butunlay o‘zgargan.
— Ha, shunday... — Do Won tishlarini g‘ijirlatdi. — U xohlagan vaqtida o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha narsani, qaytarib olishi mumkin. Biz xavfdamiz.
— Pushaymonmisan? Hyonhining ovozida kinoya bor edi.
— Bas qil — baqirib yubordi Do Won. — Men Jeon Jungkook kabi daxshatli dushman orttirishni xohlamayman Bundan tashqari, Hyesun endigina qaytib keldi. Sen baribir Lee oilasining sevimli, kichik qizi bo‘lishda davom etasan-ku.
Hyonhi uning yoqasidan ushlab, o‘ziga yaqinlashtirdi. Uning ko‘zlarida yovuzlik miltilladi.
— Do Won, ba’zi narsalar bor... Senga bir haqiqatni eslatib qo‘yishim kerak. Kim kafolat bera oladi, u bolaligini eslamaydi deb? Sen buni shunchaki unutib yuboradi deb o‘ylaysanmi? Yoki chin dildan Lee oilasining g‘azabiga duchor bo‘lishni xohlayapsanmi? Hyesun va oilasi o‘rtasida hali ham kuchli ziddiyat bor ekan, fursatdan foydalanib uni o‘ldir.
— Lekin Jeon Jungkook buni bilib qolsa-chi? — Do Won vahima ichida ortga chekindi. — U bilsa, ikkimiz ham ertangi kunni ko‘ra olmaymiz.
Hyonhi daxshatli tarzda iljaydi— Jeon Jungkook uyidan qochib ketganiga ikki yil bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysan, Jeon oilasining qolgan a’zolari undan nafratlanmaydimi?
Do Won bir zum qotib qoldi, so‘ng vaziyatni anglay boshladi.
— Sen aytmoqchisanki... Jeon oilasining ichida ham Jeon Jungkookning o‘lishini xohlaydiganlar bor?
— Xuddi shunday — Hyonhi uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Tashqaridan professional qotil yolla va Hyesunni butunlay yo‘q qil. Keyin esa hamma so‘raganlarga u yana chet elga ketdi deb aytamiz. Sen allaqachon qaytib bo‘lmaydigan nuqtadan o‘tding, Do Won. Bir marta chegaradan chiqdingmi, oxirigacha bor. Lee oilasining boyligi haqida o‘ylab ko‘r... Tasavvur qilib bo‘lmas darajadagi ulkan boylik Yoki sen bularning barchasidan voz kechmoqchimisan?
Do Won Lee oilasining cheksiz boyligini va Hyesun o‘lsa, hamma narsa ularga qolishini o‘ylab, ko‘zlari ochko‘zlikdan yondi. U chuqur nafas olib, boshi bilan tasdiqladi.
— Yaxshi... Ishni tezda bitiradigan odam topaman.
Ertalabki quyosh nurlari xonani yorita boshlaganda, Hyesun ko‘zlarini ochdi. U divandan turib, to‘g‘ri yotoqxonaga, Jungkook yotgan joyga o‘tdi. Yigitning yuziga qaradi-yu, yuragi g‘alati bo‘lib ketdi — Jungkook sovuq terga botib, og‘ir nafas olayotgan edi. Hyesun egilib, uning peshonasini ushlab ko‘rdi:
— Yana isitmang bor... pichirladi u xavotir bilan. — Borib dori olib kelaman.
U xonadan chiqib, mehmonxona dahlizi bo‘ylab keta boshladi. uning yonidan shoshilib o‘tib ketayotgan ofitsiantga ko‘zi tushdi. Hyesun bir lahza to‘xtadi va uning poyabzaliga qarab, ichida o‘yladi Bu ofitsiantning poyabzali nega bunchalik iflos? Besh yulduzli mehmonxona xodimi hech qachon bunday yurmaydi...
U xavfni sezishga ulgurmay, ofitsiant to‘xtadi va yashirib qo‘ygan o‘tkir pichog‘ini chiqarib, shiddat bilan Hyesunning bo‘g‘ziga tiradi.
Ayni shu daqiqalarda yotoqxonada Jungkook ko‘zlarini ochdi. U atrofga qaradi, ammo Hyesun ko‘rinmasdi. Yigit qiyinchilik bilan o‘rnidan turib, dahlizga chiqdi va Hyesunni chaqirdi.
— Hyesun... Hyesun, qayerdasan?
Hech kim javob bermadi. Jungkookning yuragida g‘azab va ayni paytda g‘alati bir og‘riq uyg‘ondi Mendan bo‘sa oldi-yu, lekin hatto xayrlashmay ketib qoldimi? Yana meni tashlab ketdimi? U asabiylashib, shoshilgancha tashqi eshikni ochdi va yo‘lakka chiqdi.
Biroq dahlizda u mutloq boshqa manzaraga guvoh bo‘ldi.
Hyesun haligi soxta ofitsiantni bir necha soniyada yerga qulatgan, uning ustiga chiqib, oyog‘i bilan tomog‘idan bosib turardi.
— Seni kim yubordi? gapir Ulardan qancha pul olding? Gapir deyapman.
— Hyesun... ortdan zaif, ammo hayratga to‘la ovoz eshitildi.
Hyesun shiddat bilan ortiga o‘girildi. Bu — Jungkook edi. Qiz darhol o‘zini qo‘lga olib, ohangini yumshatdi.
Jungkook Hyesunning bilagiga tikilib qoldi. U yerdan sizib chiqayotgan qon tomchilari polga tomayotgandi.
— Jarohat olibsan... — yigitning ovozi titrab ketdi.
— Issig‘ing bor edi, — dedi Hyesun senga dori olish uchun tashqariga chiqmoqchi edim, lekin kutilmaganda mana bu qotilga duch keldim... Kechir, seni yana bezovta qildim.
Jungkook qizning u uchun qayg‘urganini, eshitib, ichidagi bor g‘azabi portlab ketdi. U yerda yotgan ofitsiantni bor kuchi bilan ura boshladi. Uning ko‘zlari qonga to‘lgandi.
— Bas qil — Hyesun uni to‘xtatishga urindi. — Bunday qilsang, kasalliging yanada yomonlashadi, Jungkook.
Ammo Jungkook uni eshitmasdi, u dushmanini shafqatsizlarcha qorniga tepdi. Yigitning o‘pkasi siqilib, darmonsizlana boshlaganini ko‘rgan Hyesun uning ro‘parasiga o‘tdi va ko‘zlariga qarab, qat’iy ohangda dedi.
— Jungkook Meni quchoqla yoki uni urishda davom et... Birini tanla
Jungkookning mushti havoda qotib qoldi. U og‘ir nafas olgancha qizga qaradi va sekingina uning yaralangan qo‘lidan tutdi.
— Yo‘q, — Hyesun bosiqlik bilan jilmaydi. — Men bunaqa og‘riqlarga allaqachon o‘rganib qolganman.
Mehmonxona yo‘lagida Jungkookning maxfiy qo‘riqchilari paydo bo‘lishdi. Ular darhol yerda yotgan soxta ofitsiantni tutib, qo‘llarini qayirishdi.
— Uni olib ketinglar, — buyurdi Jungkook sovuq ovozda. — Kim yuborganini yaxshilab surishtiringlar.
Odamlari qotilni sudrab olib chiqib ketishgach, Jungkook Hyesunga yaqinlashdi. Uning nigohida mislsiz bir qat’iyat bor edi.
— Bundan keyin... seni o‘zim himoya qilaman. Hech kimning senga zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymayman.
Hyesun uning bu gapidan g‘alati bo‘lib ketdi, ammo baribir piching qilishdan o‘zini tiyolmadi.
— Sen-a? Sen kasalsan-ku. O‘zing bu dunyoda qancha yashashingni ham bilmaysan, shunday ahvolda meni himoya qilmoqchimisan?
Ular xonaga qaytib kirishdi. Hyesun Jungkookning isitmasini tushirish uchun unga dori berdi. Jungkook karavot chetiga o‘tirarkan, boshini quyi soldi.
— Bundan keyin bunday qilma... Men juda qo‘rqyapman.
Hyesun unga dori qutisini uzatib, kulib yubordi.
— Qo‘rqyapsanmi? Butun mamlakatni titratadigan Jeon oilasining to‘ng‘ich vorisi, ulkan imperiya egasi qondan qo‘rqadimi? Bunga birov ishonadi deb o‘ylaysanmi?
Jungkook sekin boshini ko‘tardi, uning ko‘zlarida chinakam yolg‘izlik bor edi.
— Qondan emas... Ketib qolasan deb qo‘rqdim. Meni tashlab ketishingdan qo‘rqdim.
Hyesun bir muddat jim qoldi. U yigitning ko‘zlaridagi chuqur samimiyat qarshisida ojiz qolayotgandi.
— Demak, ketishimdan qo‘rqasan... Dunyoda ayollar ko‘p-ku, Jeon Jungkook. Nega aynan menga yopishib olding?
Jungkook qizning qo‘lidan tortib, uni o‘ziga yaqinlashtirdi.
— Kecha... o‘sha bo‘sa mening hayotimdagi birinchi bo‘sa edi. Va buni sen boshlading. Endi meni tashlab ketolmaysan.
Yigit shunday dedi-da, charchagan boshini ohista Hyesunning tizzasiga qo‘yib oldi. U qizning taftidan taskin topgandek, ko‘zlarini yumdi va past ovozda so‘radi.
— Meni uzoq yashamaydi deb o‘ylaysan, shundaymi?
Hyesun tizzasida yotgan yigitning sochlarini ohista silarkan, chuqur xayolga toldi va ichida o‘yladi.