September 1, 2019

Aziz Nesin. Demokratiya shunqori (hikoya)

Shakarpazlikda bobomning oldiga tushadigan odam bo‘lmagan ekan. Otam rahmatlik serg‘ayrat odam bo‘lganidan do‘kon ochib, qandolatfurushlik qila boshlabdi.
Yonimizdagi miskar ancha bema’niroq ekan, kelgan xaridorlarning eshagini to‘g‘ri do‘konimizning oldiga bog‘lataveribdi. Buni ko‘rib otamning jahli chiqibdida, miskarlik hunarini ham o‘rganib olibdi. Unga achchiq qilib miskar ham qandolat sotishga o‘tibdi. Ro‘parada bir bazzoz bo‘lardi, o‘sha deng hamma axlat suvini qandolatxonamizning oldiga shaloplatib to‘kish odatini chiqaribdi. O‘sha vaqtlarda yosh bola edim, otam:
— Biri do‘konimning oldiga eshagini bog‘lasa, ikkinchisi mag‘zavasini to‘ksa, shu ham insofdanmi. Endi mendan ko‘ringlar! — deb baqirib-chaqirgani hali-hali esimda.
O‘sha bazzozga o‘chakishib otam Istambuldan anvoyi gazlamalar oldirib keldi. Qarabsizki, do‘konchamizda shirinliklar bilan miskarlik buyumlaridan tashqari, anvoyi gazlama-yu matolar ham sotiladigan bo‘ldi.
Kunlardan birida otam tushmagur chap biqinidagi kavushdo‘z usta bilan aytishib qolibdi. Natijada, do‘konimizga Istambuldan xil-xil kavushlar keladigan bo‘ldi. Xotin-qizlar uchun maxsus tikilgan ajnabiy kavushlarning zo‘ri faqat bizning do‘kondan topilardi.
Padarimiz qazo qilganlarida do‘konimiz yer yuzida chiqadigan jamiki mollardan nusxa topsa bo‘ladigan darajaga kelib qolgan edi. Xudo menga yozish-chizish havasini inoyat qilgan ekan, savdo sohasida qiladigan ishim qolmagani uchun qalamni sinab ko‘rishga ahd qildim.
Aslida o‘rta maktabni bitirgandan keyin boshqa o‘qimadimu, lekin rosa she’r yozdim. Bu yog‘ini so‘rasangiz, uch daftar to‘la she’rim bor. Lekin durustroq bir nima yozgani uncha qo‘lim bormaydi, chunki bu yerning odamlari yozg‘uvchilikni tushunishmaydi.
Istambulda chiqadigan bir jurnalga she’rlarimni yuborgan edim, ancha ma’qul kelibdi. Ba’zi juz’iy kamchiliklarini tuzatib bersangiz, albatta bosib chiqaramiz, deyishibdi. Bu gaplar g‘irt yolg‘onligini bilaman. Iste’dodimni ko‘risholmaydi, shuning uchun she’rlarimni bosishmagan-da.
«El-yurt taraqqiyoti uchun nimalar qilish kerak?» degan mavzuda yigirma ikki qog‘ozli bir maqola yozib, gazetalardan biriga jo‘natdim. Shu maqolam biror aqlli odamning qo‘liga tushsa, gazetaning birinchi betida bosh maqola o‘rnida bosib chiqazishiga ishonchim komil.

Bir payt bir oshnam «gazetada maqolang chiqibdi», deb qoldi-yu. Esim chiqib ketdi. O‘sha gazetani vergulidan nuqtasigacha, hijjalab o‘qigan edim-ku, nega ko‘rmabman-a. Ammo shunda ham sirni boy bermadim.
— Bo‘sh vaqtlarda gazetalarga ul-bul yozib qo‘yaman. Juda ko‘p redaktsiyadan iltimos keladi-yu, lekin vaqt qayoqda bunga. Maqolam qaysi birida chiqibdi?
Oshnam qo‘lidagi gazetaning beshinchi betini ochnb, «Gazetxonlar bilan suhbat» degan joyini ko‘rsatdi. Azamatlar yigirma ikki qog‘oz maqolani besh satrga joylashibdi. Redaktsiyadagilar ismi sharifimni va turar joyimni yozib, «vatandoshlarimizdan biri el-yurt taraqqiyoti uchun savodxonlikni oshirishni va qand lavlagi ekishni taklif qilyapti» deyishibdi-da, o‘sha besh satr gapni keltirishibdi. Bunisi ham meniki emas, o‘zlari to‘qigan. Boplab raddiya yozmoqchi bo‘ldimu, lekin redaktsiyadagilarni xafa qilib qo‘ysam, gazetaga ikkinchi bor meni yo‘latishmaydi, deb qo‘rqdim. Besh satr bo‘lsa, besh satr-da, shunga ham ota go‘ri qozixonami. Bugun besh satr bo‘lsa, ertaga olti, indinga oltmish satr bo‘lib qolar.
Gazetada chiqish g‘alati narsa-da. Ota meros qandolatxonada shirach bilan nag‘al sotish qayoqda-yu, bu qayoqda. Darrov hammaning og‘ziga tushdim. Iltimoslar ham yog‘ilib ketdi:
— Xudo xayringni bersin, shu munitsipalitet raisini bir urib chiqqin.
— Yo‘l azobini bir boplab yoz.
— O‘rmonlar qay ahvolda ekanligini yozib yubor.
Ana besh satr gapning qudrati! Agar o‘n besh satr bo‘lganida, nima bo‘lardi?
Rostakam yozuvchi bo‘laman degan odam redaktsiyaning ichiga kirib olishi kerak. Shu maqsadda men ham bilgan gazetalarimning hammasiga: «Mo‘tabar gazetangizning birinchi soni chiqqan kundan buyon, zo‘r e’tibor bilan kuzatib kelyapman», degan mazmunda xat yozib yubordim.
Shulardan bittasidan javob kelib qoldi. Bu gazeta yangi tashkil qilinganligi uchun muxbirlarga muhtoj ekan. Bizga muxbirlikka rozi bo‘lsangiz, bir dona suratingizni yuboring, deyishibdi. Darhol rasmimni jo‘natdim. Muxbirlik vasiqasi ham qo‘lga tegdi. Do‘kondorlikni vaqtincha tark etib, muxbirlikka sho‘ng‘ib ketdim.
Muxbirlikni bir xotin qizil yarim oy jamiyatiga ellik ming lira hadya qilganini yozib yuborishdan boshladim. Xabar gazetada chiqmadi. Keyin bo‘lib o‘tgan futbol o‘yinlarini xabar qildim. Unisiniyam berishmadi. Jinoiy ishlardan yozdim, yo‘llar remont qilinganini bildirdim. Anqaradan kattalar kelgani haqida xabar qildim — biror natija yo‘q. Yozganlarimni goh telefonda beraman, goh telegramma qilaman yoki xat orqali jo‘natib turibman. Bu yog‘ini so‘rasangiz, odamlarga! «Bizning narsani ertaga gazetada o‘qiysiz», deb qo‘yaman-da, chiqmaganidan keyin rosa sharmanda bo‘laman. Qolaversa, ta’nalar ham ko‘payib ketdi:
— Hamidbey tomini bo‘yatibdi, darrov gazetaga xabar qil!
— Bakir afandining eshagi yo‘qolibdi, yozib chiq buni!
Bir kuni redaktsiyadan xat oldim. Xatning mazmuni shunday edi: «Muhtaram muxbirimiz! Bizning mahsadimiz gazetani bir ideal va yo‘nalishga qaratgan holda chiqarmoqlikdir. Shu vajdan siz gazetamizga birinchi navbatda noyob xabarlar yuborib turasiz, degan umiddamiz. Afkor ommaning e’tiborini tortib, unda qiziqish tug‘diradigan xabarlar gazetachilikda g‘oyat qadrlanadi.
Masalan: besh kishi bir kishini o‘ldirishi mumkin, bunga ishonsa bo‘ladi. Ammo bir kishi beshtasini o‘ldirsa-yu, keyin murdalarni bir boshdan yeya boshlasa, bu noyob xabar hisoblanadi. Yana bir misol: biror futbol o‘yini paytida ishqibozlar sudyani tutib uradigan bo‘lsa, qo‘yavering, bu bo‘ladigan gap, lekin ishqibozlar sudyadan kaltak yegan bo‘lsa, bunday xabarni jon deb bosamiz. Yetmish yashar chol to‘satdan xotin kishiga aylanib, besh bola tug‘ibdi, deganga o‘xshagan noyob, tesha tegmagan hodisalarga juda muhtojmiz. Zamonaviy tushunchalar ruhida chiqadigan gazetamizning bir vakili sifatida shu izohlarimizni e’tiborga olgan holda, bizga yaxshi xabarlar yo‘llab turarsiz, degan umiddamiz.
Ishingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz».

Xatni o‘qib chiqqanimdan keyin ko‘zim moshdek ochildi. Ilgari yuborgan xabarlarimdan birontasi ham nimaga bosilib chiqmaganligini endi tushundim. Men ham vaqtni boy bermay, darhol noyob voqealarni izlashga tushdim. Ammo qancha urinsam ham, hech bunaqasini topa olmadim. Qiziq, gazetalar shuncha noyob xabarni qayerdan olisharkin? Oshna-og‘ayni oldida yuzim qora bo‘lgani uchun ko‘chaga ham chiqolmay qoldim.
Bir kuni uyda, derazamning tagida o‘tirgan edim, sal narida o‘tlab yurgan bir gala qo‘yga ko‘zim tushdi. Yangi qo‘zilagan bu qo‘ylarning yonida eshak ham yurgan ekan. Ilhomim jo‘shib ketdi, darrov qo‘limga qalam oldim. Yozgan narsamni telegramma bilan darhol redaktsiyaga jo‘natdim. Ertasigayoq u gazetaning uchinchi betida bosilib chiqdi. «Eshak qo‘zi tug‘di» sarlavhali maqolam shunday boshlanardi: «Muxbirimiz xabar qiladi: kecha bizning shaharda qirq besh yashar bir hangi eshak ikkita qo‘zi tug‘di. Qo‘zilardan biri bulbulga o‘xshab xonish qilsa, ikkinchisi kar va soqov bo‘lib tug‘ilgan. Hangi eshak ikkala qo‘ziga dumidan sut bermoqda. Shu yerlik qariyalarning aytishiga qaraganda, yurtimizda demokratiya quyoshi balqib chiqqandan buyon bunday hodisa yuz bermagan. Demak, hangi eshakdan ikki qo‘zichoq tug‘ilishi yaxshilik alomatidir».
Muxbirlik sha’nimni oqlab oldim. Birinchi muvaffaqiyat odamning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shar ekan. «Osmondan baliq yog‘di» degan ikkinchi xabarim gazetaning birinchi betida bosilib chiqdi: «Maxsus muxbirimiz …dan bildiradi: kecha bizning shahrimizda do‘l o‘rniga osmondan cho‘rtanbaliq bilan laqqabaliq yog‘di. Bularning har qaysisi kamida 6—7 kilo keladi. Baliqlarning ichidan turli ovqatlar chiqyapti. Ikki soat davom etgan baliq yomg‘iri natijasida, ekinlar bilan meva daraxtlari shikastlandi. Agar yana shunaqa yomg‘ir bo‘ladigan bo‘lsa, bu yil ocharchilik boshlanishi mumkin. Tegishli doiralar kelgusida baliq yomg‘iriga yo‘l qo‘ymaslik uchun osmonga qarmoq o‘rnatishga va’da berishdi».
Xabarni do‘ndiradigan bo‘lib qoldim. Bir odam o‘zining ho‘kizi bilan tepishib qoldi, ikkinchi bir odam zotli buqasiga ruju qildi, bir xotin chaqaloq o‘rniga qurbaqa tug‘ib qo‘ydi, qabilida ketma-ket xabarlarim bosilib chiqdi. Gazetani o‘qigan kishi bizning viloyatimizda boshqacha odamlar yashar ekan, hayvonlari ham bo‘lakcha ekan, degan fikrga kelishi turgan gap. Chunki bizning sigirlar sakkiz boshli buzoq, biyalarimiz ikki quyruqli qulun, ayollarimiz esa yarmi ho‘kizga, yarmi devga o‘xshagan maxluq tug‘ishardi.
Xullas, savdoni butunlay yig‘ishtirib, muxbirlikka o‘tib oldim. Yozgan narsalarimga endi haq keladigan bo‘ldi, xabarlarimning narxi ham sekin-asta osha bordi. Mening xabarlarim bosilib turgani uchun gazetaning tiraji ham ko‘tarilib ketdi.
Olti yashar qizaloq yoshi o‘ttizga chiqqan kap-katta erkakni toqqa olib qochgani, yetmish yashar bir kampir o‘n yashar bolani uyiga qamab olgani haqida gazetada ikkita xabarim chiqqan kuni viloyatimizga poytaxtdan katta amaldor keldi. Gazetaga quling o‘rgilsin bir xabarni do‘ndirib tashlash mumkin edi-yu, lekin bizning tomonlarga ikkinchi bor qadam ranjida qilgan mana shu odamni yoqtirib qolganim uchun umrimda birinchi marta haqiqatni yozib yuborishga ahd qildim. Nomi chiqqan muxbir bo‘lganim uchun maqolam bosilib chiqishiga imonim komil edi. O‘sha kuni bo‘lgan gaplarning hammasini qandoq bo‘lsa, shundoq yozib yubordim, o‘zimdan bir og‘iz ham gap qo‘shmadim. Nega deganda partiya haqida, el-yurt haqida gap ketayotganligi uchun yolg‘on ishlatishga haqqim yo‘q edi-da.
Muxbirlik hayotimda birinchi marta redaktsiyaga bo‘lgan voqeani yozib yubordim. O‘sha xabarim gazetada bosilib chiqqan kuni meni qamoqqa olishdi. «Sochi olingan demokratiya shunqori qamoqda» deb gazetalarda bosilib chiqqan suratimni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Muxbirlik kasbimga xiyonat qilganim uchun qamoqqa tushgan bo‘lsam ham, demokratiya shunqori degan nom oldim. Aslida o‘zi muxbir bo‘lib shundan qisilib yurgan edim, mana endi bunisiga ham erishdim. Hozir qamoq muddatini tugatay deb qoldim.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi

@kitob_kerak

@Ibrat_kutubxonasi