May 29

Qonli Muhabbat qissasi

14-qism

Tonggi quyosh nurlari qo‘rg‘on darvozalariga urilar ekan, tun bo‘yi davom etgan shiddatli ehtiros va pinhona hayajonlar o‘rnini sovuq, rasmiy bir muhit egalladi. Dasturxon atrofida nonushta mahali. Ammo havo shunchalik og‘ir ediki, pichoq bilan kessa bo‘lardi.Yoongi eng sarf harbiy libosida, ko‘kragida imperiya kiyiklari va yangi tuzum nishonlari yarqirab o‘tirardi. Uning qarshisida charchoqdan ko‘zlari kirtaygan, ammo mag‘rur Syan, yonida esa tungi bo‘ron asoratlaridan yuzlari hamon qizg‘ish, qadamlarini ohista bosayotgan Rou o‘tirardi. Jungkook akasining o‘ng tomonida, nigohini likopchasidan uzmay, jiddiy o‘yga tolgan. Bolalar xonasida mitti Teanyon bilan qolgan Mey esa dasturxonga kelmagan edi.

Yoongi choy qadahini ohista stolga qo‘ydi. Uning bu harakati sukunatni parchalab, hamma unga tikildi.

— "Men bugun poytaxtga jo‘nab ketyapman," — dedi Yoongi ovozi go‘yo tog‘ qoyasidek qat’iy va vazmin yangrab.

— "Janob Zou va uning otasi pishirgan soxta sotqinlik hujjatlarini, o‘sha iflos tuhmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentning stoliga qo‘yish vaqti keldi. Men o‘z nomimni va Shanxay daxlsizligini birovlarning qora maktublariga qurbon qilmayman."

Syan xavotir bilan Yoongining qo‘lidan tutdi:

— "Yoongi... poytaxt hozir qaynab turgan qozon. Janob Zou u yerda ham tuzoq tayyorlagan bo‘lsa-chi? Sizni o‘sha yerning o‘zida hibsga olishsa..."

Yoongi xotinining qo‘lini qattiq siqib, uning ko‘zlariga tikildi:

— "Mening ortimda butun boshli Shanxay armiyasi turibdi, Syan. Men u yerga General sifatida boryapman, aybdor sifatida emas. Mening mitti arslonlarim o‘z otasining nomini toza saqlashini istayman."

So‘ngra Yoongi yuzini Jungkookka burdi. Uning nigohida ukasiga bo‘lgan cheksiz ishonch va og‘ir bir mas’uliyat bor edi.

— "Jungkook," — dedi Yoongi ukasining yelkasiga qo‘lini qo‘yib.

— "Men yo‘qligimda bu qo‘rg‘on, askarlar, xotinim, o‘g‘illarim va... mana shu qizlar senga omonat. Janob Zou men yo‘qligimdan foydalanib, qo‘rg‘onga dushmanlik qilishi, kutilmagan hiyla ishlatishi mumkin. Ko‘zingni ochib yur. Bu uyni chinakam erkakdek himoya qil."

Jungkook o‘rnidan turib, akasiga harbiycha ta’zim qildi. Uning ko‘zlari tunda Rou bilan boshdan kechirgan osha shiddatli onlardan so‘ng yanada qat’iyroq va olovliroq ko‘rinardi.

— "Xotirjam bo‘ling, akajon. Qonimning oxirgi tomchisi qolguncha omonatingizni asrayman. Agar o‘sha it qo‘rg‘on eshigiga qadam bossa, uni tiriklayin shu tuproqqa ko‘maman. Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin."

Rou yashirincha Jungkookka qarab, yuragi dukillab urdi. U kecha uning quchog‘ida butunlay eritgan o‘sha ehtirosli oshig‘i hozir qanday qilib bunday temir irodali jangchiga aylanganiga hayratda edi.

Yoongi dasturxondan turib, Syanning peshonasidan uzoq o‘pdi-da, sovuq dahliz bo‘ylab otlar shay turgan hovliga yo‘l oldi. O‘sha kuni tushdan keyin qo‘rg‘on darvozasi oldida Janob Zouning shubhali odamlari ko‘rina boshlagan edi.

Yoongining ketishi bilan qo‘rg‘on uzra yana o‘sha mudhish sukunat cho‘kdi. Biroq u uzoq janubdagi va poytaxtdagi tuzoqlarni fosh etish ilinjida yarim askarlarini olib poytaxt yo‘liga otlanganida, eng dahshatli xatoga yo‘l qo‘yganini hali bilmas edi.

Janob Zou va uning otasi — Bosh vazir pinhona rejasini allaqachon amalga oshirib bo‘lishgandi. Shanxayning sharqiy chegara burchagidagi qalin o‘rmonlar va tepaliklar ortida poytaxtdan kelgan maxfiy, og‘ir qurollangan yirik askarlar guruhi allaqachon pistirmada turardi. Ular Yoongining Shanxayni tark etishini, qo‘rg‘on himoyasiz va yarim kuch bilan qolishini poylashayotgan edi.Chopar poytaxt qo‘shinining qo‘mondoniga xabar yetkazdi:

— "General Min Yoongi yarim qo‘shini bilan poytaxt yo‘liga chiqdi! Shanxay qo‘rg‘onida faqat yosh general Jungkook va oz sonli soqchilar qoldi!"

Qo‘mondon sovuq tirjaydi va qilichini qinidan chiqardi:

— "Ajoyib. Janob Zou aytganidek, Yoongining o‘zi oyoqlari bilan o‘lim tuzog‘iga boribdi. Endi bizning vazifamiz

— Shanxay qo‘rg‘onini butunlay yo‘q qilish va ichkaridagi 'sotqin urug‘i'ni qirib tashlash.
Olg‘a!"

Qo‘rg‘on ichida esa tushdan keyin havo birdan buzilib, qora bulutlar osmonni qopladi. Jungkook mahkama zalida xaritalarni ko‘zdan kechirar ekan, yuragida g‘alati bir bezovtalikni his qildi. U eshik ortida turgan soqchini chaqirdi:

— "Chegaradagi soqchilardan biror xabar bormi? Nega bugun aloqa bo‘lmadi?"

— "Yo‘q, generalim. Ertalabdan beri chegara burchagidan hech kim kelmadi. Balki ob-havo tufaylidir..." — deb javob berdi soqchi.

Jungkookning ko‘zlari qisildi. Tunda Rou bilan kechgan o‘sha go‘zal onlardan so‘ng uning qalbida o‘z ayolini va akasining oilasini asrash tuyg‘usi har qachongidan kuchliroq edi. U qilichini kamariga mahkamladi:

— "Yo‘q, bu yerda g‘alati gap bor. Hamma askarlarni jangovar shaylikka keltiring! Darvozalarni mahkamlang!"

Ayni shu daqiqalarda bolalar xonasida Mey mitti Teanyonni bag‘riga bosib, uning yuziga termulib o‘tirardi. Uning qo‘lidagi qadimiy ajdarho tasviri tushirilgan tumor birdan sovuq tun havosida qizib ketgandek tuyuldi. Meyning yuragi mudhish bir xavfni sezib, urishdan to‘xtab qolgudek bo‘ldi. Syan esa xonaga kirib, singlisining qo‘llaridan tutdi:

— "Mey... nimadir bo‘lyapti. Tashqarida askarlarning shovqini eshitilyapti."

Poytaxtning yollanma va shafqatsiz qo‘shini Shanxay chegarasidan o‘tib, qo‘rg‘on devorlari sari bostirib kela boshlagan edi.

Qo‘rg‘on eshiklari dushman o‘qlari va zarbalaridan titray boshlaganida, Jungkook o‘z mas’uliyatini to‘la his qildi. U mahkamadan otilib chiqib, Syan, Rou va Mey o‘tirgan xonaga bostirib kirdi. Uning yuzida vahima emas, balki qat’iy va shafqatsiz bir jangchining ifodasi bor edi.

— "Rou! Syan opa! Mey! Tezda bolalarni olinglar!" — deb baqirdi Jungkook, uning ovozi dahlizdagi to‘polon ovozlarini bosib ketdi.

— "Poytaxt askarlari chegarani buzib o‘tishgan. Qo‘rg‘on qurshovda! Men ularni darvoza oldida ushlab turaman, sizlar esa orqa maxfiy yo‘lak orqali vodiyga qochishingiz kerak!"

Rou Jungkookning poyiga o‘zini tashladi, tunda unga borligini bergan bu erkakdan ayrilishni istamasdi:— " Jungkook, yo‘q! Sizni bu yerda tashlab ketmayman! Birga o‘lamiz!"

Jungkook Rouni yelkalaridan tutib, tik turg‘izdi va uning ko‘zlariga qarab baqirdi:

— "Menga qara, Rou! Sen mening xotinimsan, akamning omonatisan! Agar hozir ketmasangiz, barchamiz shu yerda qonimizga belanamiz! Akamning o‘g‘illarini saqlab qolish sening va mening burchim! Hozir gap qaytaradigan vaqt emas, ketinglar!"

U Rouning lablaridan oxirgi marta shiddat bilan o‘pdi-da, uni Mey va Syanning ortidan maxfiy eshik sari itardi. Mey mitti Teanyonni bag‘riga mahkam bosgan, qo‘lidagi ajdarho tumorini qisgancha ko‘z yoshlarini ichiga yutib yugurardi. Syan esa ikkinchi o‘g‘lini ko‘targan holda, Jungkookka so‘nggi bor najotli nazar tashladi.

Ular maxfiy yerosti yo‘lagiga kirib, qo‘rg‘ondan uzoqlashishni boshlagan lahzada, tashqarida haqiqiy qiyomat boshlandi.

— "Darvozani ochinglar! Sotqin Min urug‘ini yo‘q qilinglar!" — Janob Zouning otliqlari va poytaxt qo‘mondonining askarlari qo‘rg‘on darvozasini parchalab ichkariga bostirib kirishdi.

Jungkook qilichini qinidan chiqardi. Uning ortida bor-yo‘g‘i bir necha o‘nlab sodiq askarlar qolgan edi, dushman esa yuzlab edi. Ammo uning ko‘zlarida qo‘rquvdan asar ham yo‘q edi, chunki u o‘z ayolini va akasining qonini qutqarib qolishga ulgurganini bilardi.

— "Olg‘a, Shanxay arslonlari!" — deb hayqirdi Jungkook.

— "Bu iflos sotqinlarga dars berib qo‘yamiz! Bugun hech kim ortga chekinmaydi!"

Jungkook dushman safiga o‘zini urdi. Uning qilichi havoda yashindek porlab, birinchi to‘qnashuvdayoq uchta poytaxt askarining kallasini tanasidan judo qildi. Qo‘rg‘on hovlisi bir zumda qonga, faryodlarga va qilichlarning jarangiga to‘lib ketdi. Jungkook xuddi yaralangan qoplondek jang qilar, har bir zarbasi ortida Rouga bo‘lgan muhabbati va akasining omonati turardi.

Biroq dushman qo‘shini tinimsiz oqib kelar, Jungkook va uning oz sonli askarlari qurshov xalqasining markazida qolib borishayotgan edi.

Janob Zou esa uzoqroqdan turib, g‘olibona jilmayish bilan bu qonli manzarani tomosha qilardi.

Zulmat qoplagan, rutubatli yerosti yo‘lagida uchta ayol va ikki murg‘ak go‘dak bor kuchlari bilan yugurib borishardi. Oyoq ostidagi sovuq toshlar, devorlardan sizib chiqayotgan namlik va tashqaridan kelayotgan portlash ovozlari tunda vahimali aks-sado berardi. Mey Teanyonni bag‘riga bosgancha ko‘z yoshlarini ichiga yutib chopar, Syan esa ikkinchi o‘g‘lini mahkam tutib yugurardi.Birdan eng orqada kelayotgan Rou to‘xtab qoldi. Uning ko‘kragi xuddi zaharli o‘q sanchilgandek shiddat bilan kuydi, nafas yo‘llari bo‘g‘ilib, yuragi dahshatli og‘riqdan sanchdi. Bu shunchaki jismoniy og‘riq emas, balki tunda unga borligini bergan, vujudiga o‘z nafasini muhrlagan erkakning qismati bilan bog‘liq ilohiy bir rishtaning uzilishi edi.

Ayni shu soniyalarda...

Qo‘rg‘on hovlisidagi qonli qiyomatning qoq markazida, o‘nlab dushmanlar davrasida sherdek jang qilayotgan Jungkookning yelkasiga poytaxt askarining og‘ir, qo‘rg‘oshin o‘qi kelib urildi. Zarbning kuchidan yigitning go‘shti parchalnib, suyaklari qarsillab ketdi, uning bo‘g‘zidan achchiq faryod otildi. Issiq, quyuq qon uning harbiy libosini bir zumda bo‘yab yubordi. Zarb asoratidan u bir tizzasiga yiqildi, qilichiga tayanib qoldi.

— "Jungkook! Yo‘q!" — yerosti yo‘lagida qolgan Rou o‘zini yo‘qotib baqirib yubordi. U ko‘zlaridagi yoshni to‘xtata olmay, Syanning "To‘xta, Rou! Orqaga qaytma!" degan faryodlariga ham quloq solmay, ortiga — o‘lim xavfi topinib turgan qo‘rg‘on sari bor kuchini yig‘ib yugura boshladi. Uning oyoqlari toshlarga urilib qonamoqda, liboslari yirtilmoqda edi, ammo xayolida faqat bir narsa bor edi: Jungkook.

Hovlida esa, Janob Zouning askarlari yiqilgan yosh generalning ustiga yopirilishdi. Ammo Jungkook o‘lish uchun hali erta ekanini bilardi. U tishlarini bir-biriga bosdi, og‘riqdan ko‘zlari qonga to‘lgan holda, bor kuchini yig‘ib qaytadan oyoqqa turdi. U qilichini shunday shiddat bilan siltadiki, unga yaqinlashgan uchta dushmanning tomog‘i ochilib, qon faryodi hovliga sachradi.

— "Kelinglar, ifloslar! Shanxay taslim bo‘lmaydi!" — deb hayqirdi u, yaralangan yelkasidan oqayotgan qon tuproqni loyqa qilib borayotgan bo‘lsa-da.Rou yerosti yo‘lagining eshigini yorib, qo‘rg‘on dahliziga otilib chiqdi. Ko‘cha eshigidan kelayotgan olov nurlari uning yuziga urildi. U dahlizdan hovliga qarab yugurayotganida, ko‘zlari uzoqdan jang qilayotgan, butun vujudi qonga belangan eriga tushdi.

Ayni u yetib kelishiga bir necha soniya qolgan mahalda, dushman merganining ikkinchi o‘qi Jungkookning ko‘kragini teshib o‘tdi. Bu safargi zarba shunchalik dahshatli ediki, yigitning o‘pkasi qon bilan to‘ldi, uning qo‘lidagi po‘lat qilich jaranglab yerga tushdi. U muvozanatini yo‘qotib, chalqanchasiga qon ko‘liga yiqildi. Uning yarim yumilgan ko‘zlarida faqat oqshom osmonidagi qora bulutlar va unga tomon yugurib kelayotgan Rouning siymosi qoldi.

— "YO‘O‘O‘Q! JUNGKOOK!..."

Rouning bor ovozi bilan chiqargan hayqirig‘i butun qo‘rg‘on devorlariga urilib, o‘lim to‘polonini ham bir lahzaga bo‘g‘ib qo‘ygandek bo‘ldi. Qiz o‘zini dushman o‘qlari va qilichlari ostidan o‘tkazib, erining qonga belangan jonsiz tanasi ustiga otdi. Uning mitti qo‘llari Jungkookning teshilgan ko‘kragini, oqayotgan issiq qonni to'xtatish uchun yopishdi, yuzlarini uning sovuq bo‘lib borayotgan yuziga bosib, faryod chekdi.

Jungkook zo‘rg‘a ko‘zlarini ochdi, lablari chetidan qon sizib chiqarkan, oxirgi kuchi bilan Rouning yuzini silashga urindi, ammo qo‘llari holsiz polga tushdi. Uning so‘nggi nafasi qizning yuziga urildi:

— "Qoch... Rou..."

Janob Zou esa bu manzarani chetdan kuzatar ekan, qilichini ko‘tarib ular tomon yaqinlasha boshladi.

— "Rou... ket... iltimos, ket..." — Jungkookning bo‘g‘zidan oxirgi so‘zlar qon aralash, pichirlash bo‘lib otilib chiqdi.

Uning tunda Rouning mayin sochlarini silagan, vujudini ehtiros bilan zabt etgan o‘sha baquvvat qo‘llari endi qonli tuproqda jonsiz titrardi. Ko‘zlaridagi hayot nuri soniyalar sayin so‘nib borar, haroratini yo‘qotayotgan tanasi sovuq polga singib ketayotgan edi.

Rou uning gaplarini eshitishni ham, atrofda qilich yalang‘ochlab turgan o‘lim askarlarini ko‘rishni ham istamasdi. U o‘zini tamomila yo‘qotgan, ko‘z yoshlari yuzidagi qon dog‘larini yuvib, daryodek oqardi. Qiz mitti barmoqlari bilan yigitning teshilgan ko‘kragidan otilib chiqayotgan issiq qonni to‘xtatmoqchi bo‘lib, jarohatni mahkam qisdi. Ammo qon uning barmoqlari orasidan pishqirib chiqar, go‘yo baxtsiz muhabbatning tugashidan darak bergandek erining vujudini tark etayotgan edi.

— "Yo‘q... Yo‘q! Siz o‘la olmaysiz, Jungkook! Siz meni tashlab keta olmaysiz!" — Rou bor ovozi bilan o‘ksib-o‘ksib faryod chekdi. Uning o‘pkasidan chiqayotgan oh-voh butun qo‘rg‘on dahlizlarini titratib yubordi.

— "Siz... siz kecha tunda menga va’da bergansiz-ku! Biz hali uzoqlarga ketishimiz kerak edi... Bizning... xih... bizning mitti ayiqchalarimiz bo‘lishi kerak edi-ku! Menga 'imkon ber' deganingiz shumidi?! Uyg‘oning, iltimos, ko‘zingizni oching!"

Rou erining qonga belangan, muzlay boshlagan tanasini bor kuchi bilan quchdi. Yuzlarini uning bo‘yniga bosib, tunda o‘zi tirnagan va ehtiros bilan o‘pgan o‘sha tananing so‘nggi taftini hidladi. Uning har bir yig‘isi, har bir nafas olishi yurakni tilka-pora qiladigan darajada og‘riqli edi. Jungkook ko‘zlarini zo‘rg‘a ochiq tutib turardi, lablari chetidan sizayotgan qon ko‘li ichida u so‘nggi bor Rouga tikildi. Uning nigohida o‘lim qo‘rquvi emas, balki bu mitti go‘zalini yolg‘iz qoldirayotgani uchun cheksiz bir uzr so‘rash bor edi.

Ayni shu qiyomat lahzasida, ularning ortidan shoshilmay, etiklari bilan qonli poldan tovush chiqarib Janob Zou yaqinlashib keldi. Uning qo‘lidagi uzun, yaltiroq po‘lat qilichdan qizil tomchilar yerga tomar, ko‘zlarida esa vahshiyona, g‘olibona bir nafrat chaqnardi. Bu ikki qalbning bir-biriga bo‘lgan bunday buyuk talpinishi yovuz shifokorning ichidagi hasad olovini yanada quturtirib yuborgandi.

Zou qilichini ikki qo‘llab baland ko‘tardi. Havoda po‘latning sovuq vizillashi eshitildi va u butun og‘irligi bilan, shafqatsizlarcha zarba berdi.

Qilich o‘tkir tig‘i bilan avval Rouning orqasidan kirib, uning nafis vujudini teshib o‘tdi va xuddi shu lahzada uning ostida yotgan Jungkookning ham ko‘kragiga chuqur botdi. Bu birgina dahshatli zarba ikkala qalbni birdaniga chil-chil qildi.

Rouning vujudi bir silkindi-da, bo‘g‘zidan achchiq bir nafas otilib chiqdi. Ammo uning yuzida endi og‘riq emas, g‘alati bir xotirjamlik paydo bo‘lgan edi. U o‘lim kelayotganini his qildi, ammo eridan ayrilmagani, u bilan birga ketayotgani uchun so‘nggi bor baxtli edi. U bor kuchi bilan Jungkookning qonli lablariga o‘z lablarini bosdi.

— "Sizni sevaman... azizim..." — deb pichirladi Rou, uning ko‘zlaridan oqqan so‘nggi yosh tomchisi Jungkookning yuziga tushdi.Jungkook ham o‘z tanasida qizning qonini va so‘nggi nafasini his qildi. U bor kuchi bilan qo‘llarini qizning beliga qo‘yishga urindi, uning ko‘zlaridan ham yosh sizib chiqdi:

— "Men ham... seni... sevaman..."

Ular bir-birining quchog‘ida, qonli sovuq tuproq ustida jonsiz qotib qolishdi. 1912-yilning o‘sha sovuq va qonli tongida pinhona va shiddatli boshlangan bu muhabbat hikoyasi fojiali ravishda, ammo bir tan va bir jon bo‘lib abadiyatga ko‘chdi. Zou esa qilichini qonli murdalardan sug‘urib olar ekan, uning ortidan qora kiyim kiygan askarlar va vahshiyona hayqiriqlar qo‘rg‘onni qoplab borardi.