Yesterday

Qonli Muhabbat qissasi

Poytaxtning ulkan va sovuq ma’muriyat darvozalari General Min Yoongining qarshisida go‘yo temir devordek yopildi. U o‘zining haq ekanini, Janob Zou va Bosh vazir pishirgan makkorona tuhmatlarni fosh etish uchun bor kuchi bilan kelgan edi. Ammo hamma narsa allaqachon tayyorlab qo‘yilgan, tuzoq qopqog‘i yopilgan edi.Darvoza tepasida turgan poytaxt gvardiyasining boshlig‘i pastga, Yoongi va uning yarim qo‘shiniga qarab ovozini baland ko‘tardi:

— "General Min Yoongi! Prezident farmoniga binoan siz yangi hukumatga qarshi xiyonatda ayblanasiz! Sadoqat maktublarini soxtalashtirganingiz va janubdagi isyonchilar bilan til biriktirganingiz fosh bo‘ldi. Sizga darvozadan kirish taqiqlanadi! Darhol qurollaringizni topshiring va taslim bo‘ling!"

Yoongi otining jilovini qattiq tortdi, uning ko‘zlarida g‘azab va mag‘rurlik olovi yondi. U o‘zining sodiq askarlari oldida bosh egishni istamasdi:

— "Men bu yerga jinoyatchi kabi yashirincha kelganim yo‘q! Men Shanxay generaliman! To prezident janoblarining o‘zi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, mana bu qo‘limdagi haqiqiy hujjatlarni ko‘rsatmagunimcha, hech qachon taslim bo‘lmayman! Darvozalarni ochinglar!"

Ayni shu lahzada gvardiya boshlig‘i qo‘lidagi rasmiy, qora muhrli farmonni ochib, sovuq ohangda o‘qiy boshladi:

— "Prezidentning maxsus farmoniga ko‘ra: xoin deb e’lon qilingan Min urug‘i va ularning odamlari tomonidan biror-bir qilich qinidan chiqsa yoki biror qurol o‘qlansa, hech qanday sud va so‘roqsiz, joyning o‘zida xoin sifatida o‘ldirilsin!"

Bu so‘zlar havoda gumburlaganida, Yoongining askarlari qilichlarining dastasiga qo‘l uzatishdi. Ammo Yoongi qo‘lini ko‘tarib, ularni to‘xtatdi. U poytaxt qo‘shinining ularga qaratilgan yuzlab miltiq o‘qlarini ko‘rib turardi. Hozir jang qilish — uning barcha sodiq yigitlarini shunchaki qirg‘inga tashlash degani edi. Eng yomoni, u o‘zining bu yerda ushlab turilishi aslida Shanxay qo‘rg‘onini himoyasiz qoldirish uchun qilinganini endi ich-ichidan his qila boshlagan edi. Uning xayolidan Syan, endigina tug‘ilgan mitti o‘g‘illari va uyni topshirib ketgan Jungkook o‘tdi. Yuragi mudhish bir vahimadan simillab ketdi.

— "Qurollarni tashlang..." — dedi Yoongi tishlarini bir-biriga bosib, ovozi g‘azabdan bo‘g‘ilib.

— "Biz taslim bo‘lamiz. Ammo men prezident bilan barbir gaplashaman!"

Poytaxt askarlari Yoongining atrofini o‘rab olishdi. Uning qo‘lidagi General qilichini, Shanxay muhrini va haqiqat yozilgan maktublarni shafqatsizlarcha tortib olishdi. Qudratli, mag‘rur General Min Yoongini qora zanjirlar bilan bog‘lab, poytaxtning eng qorong‘u va rutubatli maxfiy qamoqxonasiga tashlashdi. U sovuq tosh polda o‘tirarkan, o‘zining asirligidan ko‘ra, Shanxayda qolgan oilasining taqdiri haqida o‘ylab, devorlarni mushtlab baqirardi. U hali u yerda Jungkook va Rou allaqachon bir qilich ostida qoniga belanib bo‘lganini bilmas edi...

Yerosti yo‘lagining sovuq va nam devorlari ortidan chiqishganida, tashqaridagi tun qo‘rg‘ondan tarqalayotgan achchiq tutun va faryodlar bilan to‘lgan edi. Syan va Mey murg‘ak go‘daklarni bag‘irlariga bosgancha, o‘rmonning qalin daraxtzorlari orasiga o‘zlarini urishdi. Biroq orqadan kelayotgan otliqlar ovozi va itlarning hovillashi dushman ularning iziga tushganidan darak berardi.

Syan birdan to‘xtadi. Uning ko‘zlarida qo‘rquv emas, balki qat’iy bir fidoyilik porlab turardi. U o‘zining qumri qushdek nozik kaftlari bilan Meyning titrayotgan yelkalaridan tutdi.

— "Opa... nega to‘xtadingiz? Yuguring, orqamizdan kelyapti o‘sha vahshiylar!" — dedi Mey nafas-bo‘g‘ziga tiqilib, mitti Teanyonni bag‘riga yanada mahkamroq bosarkan.

— "Mey, eshit meni... Ikkalamiz birga qochsak, bolalarni ham, o‘zimizni ham o‘ldirishadi. Ularning maqsadi

— Men va Yoongining nasli!" — Syan shoshilgancha belidagi hamyonni, bor-budini va barcha tilla tangalarini chiqarib, Meyning qo‘liga tutqazdi.

— "Anavi adirlik ortida janubga ketayotgan katta savdo karvoni bor. Men ularning boshlig‘ini taniyman. Mana shu tillalarni berib, o‘zingni va bolalarni ularga qo‘shib yubor."

Meyning ko‘z oldi qorong‘ulashdi, u opasining qo‘llariga yopishdi:

— "Yo‘q! Yo‘q, opa! Sizni bu yerda tashlab ketmayman! Ikkinchi o‘g‘lingiz-chi? Uni qanday tashlab ketaman?!"

Syan ko‘zlaridagi yoshni tiya olmay, o‘z bag‘ridagi go‘dakni (aslida Yoongining haqiqiy o‘g‘lini) ham Meyning quchog‘iga berdi. Mey endi ikki mitti hayotni bag‘riga bosib turardi.

— "Ular sening bolalaring, Mey! Bugundan boshlab ikkisi ham sening farzanding! Teanyon ham, bu mitti arslon ham! Ularni asrash sening burching," — Syan singlisining peshonasidan mayin o‘pib, uni karvon yo‘li sari itardi.

— "Men dushmanni chalg‘itish uchun boshqa tomonga qochaman. Menga qara, Mey! Orqangga qayrilma! Yugur! Taehyung qaytmaguncha bu bolalarni tirik saqlashing kerak!"

— "Opaa!..." — Meyning bo‘g‘zidan faryod otildi, ammo u farzandlarining mitti nafasi uchun, Taehyungning omonati uchun qorong‘u o‘rmon ichiga, savdo karvoni tomon bor kuchi bilan yugurib ketdi

Syan singlisi va go‘daklar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, chuqur nafas oldi. U ataylab daraxt shoxlarini sindirib, o‘z ko‘ylagining bir parchasini tikanlarga qoldirdi va dushman kelayotgan yo‘nalishning butunlay teskari tomoniga qarab qoch boshladi. Uning maqsadi Janob Zouning odamlarini o‘z ortidan ergashtirish edi.

Biroq ko‘p o‘tmay, qalin butazorlar orasidan otliqlarning mash’alalari ko‘rindi. Syan holsizlanib, oyoqlari chalkashib yerga yiqildi. Shu lahzada uning atrofini qora kiyimli, qurollangan yollanma askarlar o‘rab olishdi.

Chiroq yoorug‘ida Janob Zouning eng ishonchli sarbozi iljayib yaqinlashdi:

— "Sotqin Generalning xotini... Nihoyat qo‘limizga tushding, Xonim!"Ular Syanning nozik qo‘llarini shafqatsizlarcha bog‘lab, uni qo‘rg‘on tomon sudrab keta boshlashdi. Syan azobdan inqillasa-da, ich-ichidan Tangriga shukr qilardi — chunki uning singlisi va go‘daklari allaqachon karvon safiga yetib olishgan edi.

Qo‘rg‘onning eng qorong‘u, nam va sovuq yerosti zirhli xonasida mash’alalar lovullab yonar, havoda qon va zang hidi anqirdi. Syan temir zanjirlar bilan devorga bog‘langan, uning oppoq va nafis liboslari yirtilib, yuz-ko‘zlari qonga belangan edi. U qanchalik og‘ir ahvolda bo‘lmasin, nigohidagi mag‘rurlikni yo‘qotmagan edi.

Eshik og‘ir gumburlash bilan ochilib, ichkariga Janob Zou va uning singlisi Rana kirib kelishdi. Rana eng qimmatbaho ipak kiyimida, yuzida vahshiyona va nafratga to‘la tabassum bilan qadam bosardi. Zou esa qo‘lida qonli qamchini o‘ynatib, sovuq qarab turardi.Rana shoshilmay Syanning qarshisiga keldi. U o‘zining nafis barmoqlari bilan Syanning iyangidan qattiq qisib, boshini yuqoriga ko‘tardi. Uning ko‘zlaridan yillar davomida to‘planib qolgan hasad olovi sachrardi.

— "Xo‘sh, yalangoyoq go‘zal..." — dedi Rana ovozi nafratdan titrab.

— "O‘zingni xuddi malikalardek tutishingni bir ko‘r. Qayerda o‘sha seni poyiga tiz cho‘kib sevgan qudratli Generaling? Hozir u poytaxtda kalamushlar bilan birga gorda chiriyapti! Sen esa mening qo‘limdasan!"

Syan og‘riqdan ingrab yubordi, ammo Rana bilan ko‘z urishtirishdan qo‘rqmadi. U lablaridagi qonni yerga tufladi:

— "Siz... siz va akangiz razilsiz. Yoongi baribir qaytadi. U sizlarning kirdikorlaringizni fosh qiladi!"

Bu gapdan keyin Rana quturib ketdi. U shunday shiddat bilan Syanning yuziga tarsaki urdiki, zarbning kuchidan qizning labi yorilib, boshi devorga urildi.

— "Yop ovozingni!" — deb baqirdi Rana, uning mag‘rur qiyofasidan asar ham qolmagandi.

— "Men Bosh vazirning qizi edim! Men Yoongiga butun dunyoni, eng oliy mansablarni va’da qilgandim! Men unga iltifotlar qilganimda, u menga qayrilib ham qaramadi! Sen o‘sha bir pulga qimmat asira bo‘la turib, mening Yoongimni mendan tortib olding! U sening ko‘zlaringga qarab sevaman deb pichirlaganida, mening ichimda qanday olov yonganini bilasanmi?! Sening o‘sha baxtli tabassuming meni har kuni tiriklayin o‘ldirardi! Endi men seni qiynab o‘ldiraman!"

Janob Zou singlisini biroz tinchlantirib, oldinga qadam tashladi. Uning nigohi sovuq va hissiz edi. U qo‘lidagi qamchini Syanning yelkasiga ohista tekkizdi.

— "Singlimning dardi shaxsiy, Syan. Mening maqsadim esa boshqa," — dedi Zou ovozini pasaytirib.

— "Menga o‘yin ko‘rsatma. Sening xonangda ikkita chaqaloq bor edi. Va o‘sha o‘jar singling Mey ham g‘oyib bo‘lgan. Ular qayerda? Bolalarni qayerga yashirding?!"

Syan tishlarini bir-biriga bosdi. Uning xayolidan hozirgina savdo karvoniga yetib olgan Mey va ikki mitti go‘dak o‘tdi. U dushmanga vaqt kerakligini, ularni chalg‘itishi shartligini bilar edi.

— "Men... men ularni o‘ldirdim," — dedi Syan soxta pichirlash va holsiz ovozda.

— "Siz kabi vahshiylarning qo‘liga tushguncha, ularni o‘z qo‘llarim bilan o‘rmondagi daryoga otdim. Singlim ham o‘zini suvga tashladi. Endi qidirsangiz ham faqat jasadlarini topasiz."

— "Yolg‘on gapiryapti!" — deb qichqirdi Rana, g‘azabdan ko‘zlari qon bo‘lib.

— "U bolalarini jonidan ortiq ko‘radi, hech qachon bunday qilmaydi! Aka, uning terisini shilib bo‘lsa ham haqiqatni bilib ol!"

Zou qamchini baland ko‘tardi. Havoda charmning dahshatli vizillashi eshitildi va u butun kuchi bilan Syanning tanasiga urildi.Qarsillagan ovoz yarim qorong‘u xonada aks sado berdi.

— "Ahhhhh!..." — Syanning bo‘g‘zidan otilib chiqqan faryod devorlarga urildi. Uning yelkasidagi teri parchalnib, yangi, issiq qon oqa boshladi.

— "Gapir! Qayerda ular?!" — Zou ikkinchi bor qattiq urdi.

— "Bilmayman... o‘ldi dedim-ku... o‘ldiring meni ham..." — Syan azobdan o‘zini yo‘qotib borar, ammo sirni sotmaslik uchun lablarini tishlab qonatgandi.

Rana Zouning qo‘lidan qamchini yulqib oldi. U Syanning sochlaridan changallab, boshini orqaga tortdi:

— "Yo‘q, uni osonlikcha o‘ldirmaymiz, aka! Men uning go‘zalligini yo‘q qilaman. Yoongi qaytganida ham uning bu parchalangan vujudiga qarab jirkanadigan bo‘lsin!"

Rana qamchi dastasidagi o‘tkir temir bo‘lagi bilan Syanning oppoq yuzini, bo‘yinlarini shafqatsizlarcha tirnay boshladi. Syan og‘riqning dahshatidan ko‘zlarini yumib, hushidan keta boshladi. Uning vujudi zanjirlarga osilib qoldi.

Zou singlisini to‘xtatdi:

— "Bo‘ldi, Rana. Hushidan ketdi. Hozir o‘lib qolsa, bolalarning joyini bila olmaymiz. Uni zindonda qoldiringlar. Ertaga tongda soqchilarni butun o‘rmonga, savdo yo‘llariga safarbar qilaman. Baribir o‘sha Meyni va go‘daklarni topaman!"

Ular Syanni qonga belangan va holsiz holda zanjirda qoldirib, xonadan chiqib ketishdi. Syan yarim yumilgan ko‘zlari bilan qorong‘ulikka tikilib, so‘nggi bor pichirladi: "Mey... bolalarni asra..."

Poytaxtning nam zindoni va Shanxayning qonli er osti xonasi... Bir hafta davomida ikki ayro shaharda Min Yoongi va Syanning qismati yagona qiynoq zanjiriga bog‘landi. Ularning tanasiga berilgan har bir zarba, har bir og‘riq go‘yo parallel ravishda, bir vaqtning o‘zida harakatlanayotgan tasvirlardek bir-birini takrorlardi.

Poytaxt zindoni — Tungi soat uch.

Yoongining mag‘rur va baquvvat vujudi temir dorga zanjirlangan. Uning ustidagi general formasi allaqachon tilka-pora qilingan, keng ko‘kragi qizigan temir tamg‘alarning kuygan izlari va chuqur qamchi jarohatlariga to‘lgan edi. Poytaxt tergovchisi navbatdagi og‘ir, nam qamchini havoda vizillatib urdi.

Qars!

Yoongining yelkasidan yangi qon otilib chiqdi. U tishlarini bir-biriga bosdi, bo‘ynidagi tomirlari bo‘rtib ketdi, ammo u biror marta baqirmadi. Faqat bo‘g‘zidan yirtqich arslonning xirillashi chiqdi.

Ayni shu soniyalarda, Shanxay qo‘rg‘onining tagida...
Charm qamchining xuddi o‘sha qarsillagan dahshatli ovozi Syanning xonasida aks sado berdi. Rananing shafqatsiz buyrug‘i bilan yollanma askar qamchini qizning nozik tanasiga urgan edi.

Qars!

Syan chiday olmay, bor ovozi bilan hayqirib yubordi:

— "Ahhhhh!..."

Uning oppoq liboslari qonga belanib, devorga zanjirlangan bilaklari temirga urilib qonardi. Rana uning qarshisiga kelib, sochlaridan yulqib boshini orqaga tortdi:

— "Hali ham gapirmaysanmi, yalangoyoq?! Bolalar qayerda?!"

Poytaxt zindoni

— Ertasi kuni tong.Tergovchi Yoongining yuziga bir chelak muzdek suvni sepdi. General og‘ir nafas olib ko‘zlarini ochdi, lablari chetidan sizayotgan qonni polga tufladi.

— "Baribir imzo chekmayman," — dedi Yoongi ovozi go‘rdan chiqayotgandek vazmin va qo‘rqinchli yangrab.

— "Men davlat to‘ntarishini rejalashtirganim yo‘q. Sadoqat maktublarini Bosh vazir soxtalashtirgan! Men xoin emasman!"

Tergovchi g‘azablanib, askarlarga ishora qildi. Ular Yoongining tirnoqlari ostiga ingichka po‘lat ignalarni sanchishni boshlashdi. Generalning vujudi dahshatli og‘riqdan silkinib ketdi, u devorga boshi bilan urildi, ko‘zlari qonga to‘ldi. Ammo uning ongida faqat bitta narsa aylanyotgandi: Syan... mitti o‘g‘illarim... Sizlar yaxshimisizlar?

Ayni shu soniyalarda, Shanxayda...

Rana o‘choqda qizib turgan uzun, temir tishli asbobni oldi. U zaharli va aqldan ozgan nigoh bilan Syanning rangpar, go‘zal yuziga yaqinlashdi.

— "Demak, bolalar daryoda o‘ldi deb yolg‘on gapirishda davom etasan-a?" — Rana qizigan temirni Syanning bo‘yniga, nozik terisiga yaqinlashtirdi.

Temir teriga tekkanda jizillagan mudhish ovoz chiqdi va xonani kuygan go‘sht hidi qopladi. Syan ko‘zlarini katta ochgancha o‘zini yo‘qotib baqirdi, og‘riqning shiddatidan nafas olishi to‘xtab qolgudek bo‘ldi.

— "Yooo... Yoongi!..." — deya pichirladi u hushidan ketishidan oldin. U erining poytaxtda xuddi o‘zi kabi jahannam azobini chekayotganini ruhan his qilayotgandek edi.

Bir haftalik azobning oxirgi kechasi — Parallel zulmat.

Poytaxtda Yoongi zanjirlarga osilgan holda, sovuq tosh ustiga bosh qo‘ygan. Bir hafta davomida uxlatilmagan, och va tashna qoldirilgan General endi o‘lim bilan hayot orasida edi. U yarim yumilgan ko‘zlari bilan zindon shiftiga qararkan, xayolan Syanning mayin kulgisi va Teanyonning mitti barmoqlarini ko‘rdi. Yuragi urishdan to‘xtamoqchi bo‘layotgan har safar, u ichida o‘sha qasos olovini yoqardi: Tirik qolishim kerak... Ularni asrashim kerak...

Shanxayda esa Syan xuddi shu holatda zindonda osilib turardi. Rananing qiynoqlari uning tanasini butunlay holsizlantirgan, go‘zal yuzi qon va tirnalgan izlar ostida qolgan edi. Uning ko‘zlaridan so‘nggi yosh tomchisi yerga tushdi. Syan dushmanga birorta ham sirni aytmadi, Mey va go‘daklarning tirikligini qonining oxirgi tomchisi evaziga bo‘lsa ham asrab qoldi.Ikki shahar, ikki ayro zindon, ammo bir xil qonli qismat. Er va xotin bir-birlaridan yuzlab chaqirim uzoqlikda bo‘lsalar-da, mana shu bir hafta ichida ruhan birga o‘lib, qayta tirilishayotgan edi. Janob Zou va poytaxt amaldorlari ularning vujudini sindirishdi, ammo Min urug‘ining mag‘rur ruhini bo‘ysundira olishmadi.

1912-yilning o‘sha qonli haftasi yakunlanar ekan, Bosh vazirning saroy to‘ntarishlari o‘zining eng oliy va mudhish nuqtasiga yetdi .

Pinhona maktublar, soxtalashtirilgan hujjatlar va poytaxtdagi siyosiy o‘yinlar samara berib, General Min Yoongini qatl etish haqidagi oliy farmon rasman imzolandi. Shu kunning o‘zida Shanxay mahkamasi va uning bepoyon yerlari to‘liqligicha Janob Zouning qo‘liga qonuniy meros sifatida topshirildi.Poytaxtning markaziy maydoni sovuq izg‘irin ostida edi. Maydon o‘rtasiga ulkan, quvvatli to‘rtta ot keltirilgan, ularning har birining jilovini shafqatsiz jallodlar ushlab turishardi.

Min Yoongini zindondan olib chiqishdi. Uning tanasi bir haftalik og‘ir qiynoqlardan ezilgan, ammo uning qora ko‘zlaridagi o‘sha qo‘rqinchli, mag‘rur General nigohi hamon so‘nmagan edi. Jallodlar uning o‘ng va chap qo‘llarini, o‘ng va chap oyoqlarini yo‘g‘on, kenevir arqonlar bilan bog‘lab, har bir arqon uchini to‘rtta otning egarlariga mahkamlashdi. General to‘rt tomonga tortiladigan o‘lim maydonining qoq markazida, osmon ostida chorasiz qoldi.

Bosh jallod qamchisini baland ko‘tardi:

— "Xoin Min Yoongi! Qilmishlaring evaziga jazo muqarrar! Olg‘a!"

Qamchi ovozi yangrashi bilan to‘rtta ot to‘rt tomonga qarab shiddat bilan otildi. Yoongining tanasidagi barcha suyaklar qarsillab ketdi, arqonlar uning go‘shtini tilib, chuqur botib bordi. Uning vujudi havoda g‘olibona osildi. General tishlarini shunday qattiq bosdiki, ular sinib, og‘zidan quyuq qon otilib chiqdi. Ammo u dushmanlari qarshisida faryod chekmadi. Uning bor kuchi, bor nafrati va so‘nggi nafasi mana shu shiddatli og‘riqqa qarshi isyon ko‘tardi.

Ayni shu soniyalarda, Shanxay zindonining qa’rida...

Rana o‘choqdan eng qaynoq, qip-qizil bo‘lib cho‘g‘langan, temir tamg‘ani qo‘liga oldi. U aqldan ozgan yovuzlik bilan Syanning qarshisiga keldi. Syan allaqachon hushini yo‘qotish arafasida, zanjirlarga osilib turardi.

— "Erining o‘lim soati keldi, Syan!" — deb baqirdi Rana, uning ko‘zlarida vahshiyona quvonch bor edi.

— "Uni poytaxtda otlar bilan parchalashyapti! Sen esa u bilan birga ketasan!"

Rana qo‘lidagi olovli qaynoq temirni shafqatsizlarcha Syanning ko‘kragiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning mitti yuragi ustiga bosdi.Jizillagan mudhish ovoz va go‘shtning kuyish nafasi zindonni qopladi.

— "YOONGIII!..." — Syanning bo‘g‘zidan otilib chiqqan so‘nggi, dahshatli faryod butun yer osti devorlarini titratib yubordi. U o‘z tanasidagi olovli og‘riqni emas, poytaxtda erining vujudi parchalnayotganini butun ruhi bilan his qildi.

Ayni shu lahzada... poytaxt maydonida otlar bor kuchlari bilan yugurishdi va General Min Yoongining qo‘l va oyoqlari tanasidan daxshatli tarzda uzilib ketdi. Uning qudratli vujudi parchalanib, qonli tuproqqa sochildi.

Va xuddi shu soniyada, Shanxayda... Syanning yuragi ustiga bosilgan osha olovli qaynoq temir ostida uning ojiz, nozik yuragi urishdan butunlay to‘xtadi. Uning yarim ochiq ko‘zlari manguga yumildi, boshi holsizgina zanjirlar orasiga tushdi.

Ikki shahar... Er va xotin yuzlab chaqirim narida, ayni bir soniyada, bir-birlarining dardi va fojiasi bilan bu qonli dunyoni tark etishdi. Ular o‘limda ham parallel ravishda uchrashishdi. Shanxay va poytaxt endi Min urug‘ining buyuk rahbarlari qoniga belangan edi.

Zou va Rana g‘alaba qozondik deb o‘ylashdi, ammo ular qidirayotgan mitti Teanyon va Yoongining haqiqiy o‘g‘li uzoq janubiy yo‘llarda, Meyning bag‘rida tirik edi. Endi butun qasos va kelajak umidi o‘sha ikki go‘dakda qoldi.

Qonli bir qismatda birlashdi jonlar,
To‘rt tomonga ketdi parchalab otlar.
Yurakda o‘chganda so‘nggi nafaslar,
Manguga qovushdi ikki buyuk qalb.

Qonli Muhabbat qissasining bu eng og‘ir va fojiali sahifasidan so‘ng, endi butun voqealar oqimi uzoq janubga — Mey va mitti merosxo‘rlarga ko‘chadi.