February 19

Yoshlar -Kelajak Kaliti

Yoshlar – Kelajak Kaliti

         Yoshlar – jamiyatning eng katta kuchi va harakatlantiruvchi omili. Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ularning muammolari tinglandi va yechimlar taklif qilindi. Ta’lim, ish bilan ta’minlash, uy-joy va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari asosiy e’tiborda bo‘ldi. Bugun yoshlarga berilgan imkoniyatlar ertaga yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi.
       Yoshlarning har bir g‘oyasi, tashabbusi va mehnati jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi. Shuning uchun davlat tomonidan ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Xususan, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi, bepul kasb-hunar kurslari va yosh tadbirkorlar uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Agar har bir yosh o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalansa, yurtimizda yangi innovatsion g‘oyalar, kuchli mutaxassislar va muvaffaqiyatli tadbirkorlar safi kengayadi.
       Bundan tashqari, yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish, ularning ovozi va fikri muhim ekanligini his qildirish maqsadida turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yoshlar parlamenti, startap loyihalar uchun grant dasturlari va jamoat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularga o‘z yo‘nalishlarida yetuk mutaxassisga aylanishi uchun sharoit yaratilmoqda. Eng muhimi, bugungi yoshlarga bo‘lgan e’tibor va berilayotgan imkoniyatlar ularning ertangi hayotini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan.
        Shu bois yoshlar ham bu ishonchni oqlab, o‘z ustida ishlashi, ilmga intilishi va tashabbuskor bo‘lishi lozim. Zero, kelajak kaliti yoshlar qo‘lida va ularning bugungi harakati, izlanishi ertaga mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘ladi.