February 18

Yoshlar bilan uchrashuv 

Yoshlar bilan uchrashuv: Ilhom, mas’uliyat va yangi maqsadlar
14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
yoshlar bilan uchrashib, ularning fikrlarini eshitdi, muammolariga yechim topish
bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda ishtirok etish men uchun katta
sharaf bo‘ldi. Bu nafaqat shaxsiy rivojlanishim uchun muhim tajriba, balki yoshlar
siyosatining qanchalik ustuvor yo‘nalish ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniyati
ham bo‘ldi.
Uchrashuv davomida yoshlar ta’limi, tadbirkorlik imkoniyatlari, innovatsiyalar,
atrof-muhit muhofazasi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalar bo‘yicha dolzarb
masalalar ko‘tarildi. Prezidentimiz yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash,
ularni ilm-fan, texnologiya va biznesda ilgari surish bo‘yicha muhim fikrlarni
bildirib o‘tdilar. Ayniqsa, har bir yoshning o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun
barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgani meni juda ruhlantirdi.
Uchrashuvda ta’kidlangan muhim jihatlardan biri – har bir yosh o‘z hayoti va
kelajagi uchun mas’ul ekanidir. Davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan
unumli foydalanish, o‘z ustida ishlash, tashabbus ko‘rsatish va jamiyat ravnaqiga
hissa qo‘shish har birimizning burchimizdir. Shu bois men ham ushbu uchrashuvdan
katta ilhom oldim va o‘zimga yangi maqsadlar belgiladim.
Uchrashuvda ta’lim sohasi, ayniqsa, xalqaro tajribani o‘rganish va zamonaviy
bilimlarni egallash muhim ekani alohida ta’kidlandi. Meni ayniqsa Prezidentning
texnologiyaga e’tibor qaratish hamda xalqaro tajriba almashish haqidagi fikrlari ilhomlantirdi.
Men o‘zim ham Fizika-matematika va axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotganim sababli, IT texnologiyalarini  o‘rganish va jahon miqyosidagi bilimlarni o‘zlashtirishning naqadar
zarur ekanini yaxshi tushunaman. Davlat tomonidan bu yo‘nalishda katta
imkoniyatlar yaratilayotgani esa yoshlar uchun ajoyib imkoniyatdir.
Bugungi kunda yoshlarning o‘z biznesini boshlashi, innovatsion startaplar
yaratishi uchun keng imkoniyatlar borligi ham uchrashuvda ta’kidlandi. Prezident
tadbirkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kreditlar ajratish, yangi bozorlarni
o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar haqida gapirdi. Bu esa menda o‘z
loyihalarim ustida yanada jiddiy ishlash istagini uyg‘otdi. Har bir yosh o‘z
tashabbuslari bilan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkinligi meni yanada
ilhomlantirdi.
Uchrashuvdan so‘ng men shuni angladimki, yoshlar uchun imkoniyatlar
nihoyatda ko‘p. Eng muhimi – ulardan to‘g‘ri foydalanish, izlanish va harakat
qilishdir. Davlat rahbarining yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi, ularning g‘oyalarini
tinglashi va ularga amaliy yordam berishi kelajakka bo‘lgan ishonchni
mustahkamlaydi. Men ham bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanishni va o‘z
bilimim bilan yurtim rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qildim.
Bu uchrashuv menga katta ilhom berdi. Endi eng katta vazifa – bu ilhomni
amaliy ishga aylantirish!

Tolibjon Qurbonboyev – Buxoro davlat universiteti Fizika-matematika va axborot texnologiyalari fakulteti yoshlar ittifoqi koordinatori