YANGI IMKONIYATLAR DAVRI
Har bir yoshning orzusi – o‘z kelajagini barpo etish, bilim va mehnati bilan yuksalishdir. Prezident bilan muloqot yoshlar hayotini yaxshilash uchun yangi yo‘nalishlar belgilab berdi. Iqtidorli yoshlarga grantlar, innovatsion loyihalar uchun mablag‘ va ish o‘rinlari yaratish rejalashtirildi. Bu islohotlar yosh avlodni yanada faollikka undaydi.
Yangi imkoniyatlar davrida har bir yosh uchun o‘z qobiliyatini namoyon qilish va kelajagini mustahkamlash yo‘llari ochilmoqda. Davlat tomonidan ta’lim olish istagidagi yoshlar uchun imtiyozli grantlar ajratilishi, kasb-hunar markazlari va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha maxsus dasturlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ayniqsa, IT, muhandislik, bioinnovatsiyalar va tadbirkorlik sohalarida yoshlarning faol ishtirokini rag‘batlantirish uchun maxsus moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, bandlik masalasida ham yangi yechimlar taklif etilmoqda. Yoshlar startaplar ochishi, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda o‘z biznesini boshlashi uchun kredit va subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlarga qo‘shimcha imtiyozlar berilib, ularning malakasini oshirish hamda ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu islohotlarning barchasi yosh avlodni yanada faollikka undaydi, o‘z kuchiga ishonchni oshiradi va ularga yangi marralarni zabt etish imkonini beradi. Eng muhimi, yoshlarning orzulari endi faqat xayolda emas, balki real hayotda ro‘yobga chiqishi uchun mustahkam asos yaratilmoqda.
Buxoro davlat universiteti Yoshlar ittifoqi Harbiy vatanparvarlik koordinatori Joʻrayev Daler