April 14

Maʼrifat darsi

2025-yilning 14-aprel kuni O`zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi mudiri, professor B.E.Qilichev o`ziga biriktirilgan guruhlarga Oʻzbekiston Respublikasining siyosiy - ijtimoiy, iqtisodiy hayotida hafta davomida ro‘y bergan voqealar yuzasidan “Ma’rifat darsi” mashgʻulotlarini o`tdi..


O‘zbekiston Prezidenti Parlamentlararo ittifoq doirasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
2025-yil 7-aprel O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ochilishida nutq so‘zladi. Anjumanda 140 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashdi. O‘z safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tdi.
So‘zining avvalida O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib borayotganini qayd etdi.
- Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda, – dedi Prezident.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashabbusi bilan bu galgi Assambleya “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazildi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi
4,5 barobarga ortgan. Lekin insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Keyingi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Milliy parlamentimizda xotin-qizlarning ulushi bugungi kunda 38 foizga yetdi. 2021 yilda Oliy Majlis palatalari qoshida ilk bor yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik bo‘lgan qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995-yildagi
11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilgan. So‘nggi yillarda yurtimizda BMT institutlari va Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammiti samarali o‘tkazildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti anjuman ishtirokchilarini shu yil sentyabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida faol ishtirok etish uchun taklif qildi. Davlatimiz rahbari sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishni bugungi zamonning o‘zi talab etayotganini ta’kidladi. Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘ladi. Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar Parlamentlararo ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga to‘la mos ekani qayd etildi. So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti yubiley Assambleya ishiga hamda ishtirokchilari katta yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.O‘zbekiston Prezidenti Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida tashrif buyurgan turli mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi
2025-yil 7-aprel
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sohiba Gafarova, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Raisi Fayzali Idizoda, Turkmaniston Majlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya, Pokiston Islom Respublikasi Senati Raisi Yusuf Rizo G‘iloniy boshchiligidagi delegatsiya, Hindiston Respublikasi parlamentining quyi palatasi – Lok Sabha Spikeri Om Birla boshchiligidagi delegatsiya, Arab parlamenti Raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahiy, Bahrayn parlamenti Vakillar kengashi Spikeri Ahmad bin Salmon Al-Musallam, Misr Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali Al-Jabaliy, O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Al-Ma’avali, Qatar Sho‘ro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-G‘anim va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al-Nuaymiy, BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maala va Vetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qildi.
Renovatsiya tartib-tamoyillari bo‘yicha axborot berildi
2025-yil 9-aprel
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz aholisi 6 millionga ko‘paydi. Shu davrda yarim millionga yaqin xonadonlar barpo etildi. Jumladan, o‘tgan yili 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, bu yil yanada
ko‘p – 130 mingdan ortiq xonadon reja qilingan.
Yaqin yillarda aholimiz soni 40 million nafarga yetishi kutilmoqda. Bunday o‘sishda yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo bo‘ladi. Bu har yili qo‘shimcha 2 ming gektar yer kerak, degani. Lekin yer maydonlari ham cheklangan.
Bunday holatda renovatsiya dasturi qo‘l keladi. Masalan, respublikada
17 mingta 2-3 qavatli eski uylar bor. Ulardagi sharoit, muhit bugungi zamonga munosib emas. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, ko‘plarida oqova tarmog‘i ham yo‘q.
Shularning o‘rnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashadi. Asosiysi, xonadonlarda yangi kommunikatsiya, issiq va sovuq suv, oqova tarmog‘i bo‘ladi. Odamlar ozoda, shinam va fayzli sharoitlarda yashaydi. Bu orqali minglab oilalarning turmush darajasi o‘sadi, muhimi, ular ushbu sharoitlarni ilk bor o‘zlari o‘sib-ulg‘aygan joyda his etishni boshlaydi.
Yana bir muhim tomoni – energiya tejamkorlik masalasi. Turar joylar yaxlit bo‘lsa, infratuzilma tarmoqlari, energiya kam sarflanadi.
Hozirgacha bu borada yagona hujjat yo‘q edi. Shu bois, xorijiy tajriba asosida, “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Taqdimotda renovatsiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari ko‘rib chiqildi.
Bunday dasturlar 3 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Avval, shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovatsiya jamg‘armalari tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi. Uchinchi bosqichda uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.Renovatsiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati ham oshadi. Yangi uylarning 1-2-qavatlarida savdo, xizmat kursatish va kichik ishlab chiqarishlar bo‘ladi. Shuningdek, bu tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilingan.
Xususan, birinchi bosqichda renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni, avvalo, u yerda yashovchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, tizimli va adolatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda mutasaddilar, tuman hokimlari va ularning tegishli o‘rinbosarlari renovatsiya tartib-qoidalari va ishni to‘g‘ri tashkil qilish choralari bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitilishi aytildi.
Renovatsiya hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash, developer va quruvchi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Turizm va investitsiya masalalari muhokama qilindi
2025-yil 9-aprel
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan.
Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti.
Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana
2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor.
Shu bois yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Masalan, Sariosiyo tumanining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. U yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi. Chortoq tumani ham go‘zal tabiati, shifobaxsh suvi bilan mashhur.
Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bugungi kunda “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallarda, 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistonga sayohat keng targ‘ib qilinmoqda. Viza tartiblari soddalashtirilyapti, zamonaviy samolyotlar olib kelinyapti.
Endi bu imkoniyatlardan foydalanib, sohadagi salohiyatli bozorlardan sayyohlarni jalb qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda Milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda. Endi unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanadi. Shuningdek, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinadi.
So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor kuchaygani uchun mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ko‘p topiladi.
Shu bois endi har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.
Sohadagi yana bir yo‘nalish – madaniy meros obyektlari. Oxirgi 4 yilda 327 ta shunday majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi. Hozir yana 485 ta obyekt ta’mirtalab.
Bu ishlarga xususiy sektorni jalb etib, biznes loyiha qilish mumkinligi aytildi. Madaniy meros obyektlarini ijaraga berishni takomillashtirish, ularga tushumlarni raqamlashtirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.Turizm bo‘yicha oliy ta’lim muddati 4 yildan 3 yilga kamaytirilib, dual tizimga o‘tkazildi. Endi buning davomi sifatida, talabalarni amaliyot va ishlash uchun xorijga yuborish yaxshi samara beradi.
Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga bu yil 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar tahlili bo‘ldi.
Bu yil birinchi chorakning o‘zida Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yaqinda Samarqandda o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi.
Mamlakatimizda 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyiha amalga oshirilishi, donor tashkilotlardan 2 milliard dollar grant hamda banklar tomonidan 6 milliard dollar jalb qilinishi belgilangan.
Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar hududlar va hamkor mamlakatlar kesimida tahlil qilindi.
Masalan, ilgari investor bormagan, temir yo‘l yoki magistral yo‘l ham o‘tmagan Oltinsoy tumanida 100 million dollarlik 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yoki Qo‘shrabotda granit tosh qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 75 million dollarlik 2 ta yangi loyiha boshlangan. Izlansa, bunday imkoniyatlar har bir hududda bor.
O‘tgan oyda Londonda “O‘zbekiston investorlari kuni” tashkil etildi. Shu yilning o‘zida 2 milliard 770 million dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi biznes markazlarida ham tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Xususiylashtirishga oid katta dastur ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi, 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarishi mo‘ljallangan. Bular ham xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun ulkan imkoniyat.
Shu oyda Jizzaxda, iyunda esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi. Ularda investorlarga taklif qilish uchun loyihalar jamlanmasini puxta shakllantirish zarur.
Xalqaro moliya institutlari bilan yangicha tizimda ishlanayotgani tufayli yil boshidan buyon 706 million dollar o‘zlashtirildi. Issiqlik stansiyalari, hududiy elektr tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, avtoyo‘l va temir yo‘l tizimlaridagi loyihalar ancha oldinga siljidi.
Lekin vaqtida bajarilmagan yoki asossiz cho‘zilayotgan holatlar ham bor. Bundan keyin tayyor loyihaga o‘zgartirish kiritish faqat Hukumat doirasida ko‘rib chiqilishi, qo‘shimcha ishlar loyiha tugagach, tejalgan mablag‘ hisobidan bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.
Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Chet ellik sheriklar mamlakatimizdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayapti.
Jumladan, o‘tgan oylarda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiya rivojlanish agentligi, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakillari Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoga borib, 200 ga yaqin tadbirkor bilan ishladi. Qisqa vaqt ichida 1,5 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishga kelishildi.
Bosh vazir o‘rinbosariga bu amaliyotni tizimga aylantirib, boshqa hududlarda ham yana kamida 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar, xorijiy davlatlardagi elchilar va sohadagi tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Quacquarelli Symonds (QS) tashkiloti vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 10-aprel
10-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev  xalqaro miqyosda oliy ta’lim muassasalarini baholovchi nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) reyting tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashini ta’minlash, ta’lim eksporti hajmini oshirish va mamlakatning global ilmiy-ta’lim makonidagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muloqot davomida, shuningdek, 2030-yilgacha kamida 10 ta O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasini QS reytingining TOP-1000 taligiga kiritish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar va hamkorlik mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Kelajak uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish: kasbiy ta’limda samaradorlikka erishish strategiyalari
2025-yil 10-aprel
10-aprel kuni ayni mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Shveysariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilayotgan VET4UZ loyihasi hamkorligida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Turizm qo‘mitasi, Prezident huzuridagi Ta’lim loyihalari markazi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Xalqaro rivojlanish agentliklari, jumladan, Shveysariya elchixonasi, Malaka rivojlantirishga faol qatnashuvchi xususiy sektor vakillari, 180 dan ortiq mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirok etishdi.
Anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev ishtirok etib, ta’lim sohasi mutaxassislari hamda turli tarmoqlar vakillari bilan ochiq va konstruktiv muloqot olib bordi. Suhbat davomida kasbiy ta’limning dolzarb masalalari, kelajak kasblari va zamonaviy mehnat bozorining ehtiyojlari muhokama qilindi. Maʼrifat darsi soʻngida barcha savollarga javob berildi. Maʼrifat darsi oʻz maqsadiga erishdi