Imkoniyatlar muvaffaqiyatga yoʻl ochadi
2025-yil 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan videoselektor shaklida muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning bandligini ta'minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari yoshlarni "xalqimizning oltin fondi" deb atab, ularning mamlakat rivojidagi muhim rolini ta'kidladi. Muloqot davomida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida uchta muhim hujjat imzolandi. Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida 100 million dollar mablag‘ bilan ta'minlangan Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.
Shuningdek, yosh tadbirkorlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilishi belgilandi. Bu tashabbuslar yoshlarning o‘z bizneslarini boshlashlari va rivojlantirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Prezident ta'lim sohasida ham muhim o‘zgarishlarni e'lon qildi. Oliy ta'lim qamrovi kengaytirilishi, kontrakt to‘lovlariga yordam ko‘rsatilishi va foizsiz ta'lim kreditlari ajratilishi yoshlar uchun quvonarli yangilik bo‘ldi.
Uchrashuv davomida davlat rahbari yoshlar bilan maslahat va muloqotni o‘z faoliyatining asosiy mezonlaridan biri deb bilishini ta'kidlab, ularni Vatanimizni har tomonlama rivojlantirishda oldingi saflarda bo‘lishga chaqirdi. Ushbu muloqot va qabul qilingan qarorlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.