February 19

Yangi Oʻzbekiston-imkoniyatlar zamini

2025-yil 14-fevralda muhtaram yurtboshimiz  tomonlaridan o‘tkazilgan yig'ilishda yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi va ularning hayotini yengillashtirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi. Yoshlar siyosati davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. 

    Prezidentimiz yoshlar bilan bo'lgan ochiq muloqotda bilim va ko'nikmalarni rivojlantirish, innovatsiyalar va tadbirkorlikning ahamiyatini ta'kidlab, yoshlarni mamlakatning eng qimmatli boyligi deb atadilar. Yaratilgan imkoniyatlardan to'liq foydalanib, biz yoshlar Yangi O'zbekistonni qurishda yanada yuksak cho'qqilarni zabt eta olishimizga yuksak ishonch bildirdilar. 

Qay bir sohaga yuzlanmaylik, biz yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar tahsinga sazovor. Xususan, ta'lim sohasidagi o'zgarishlar biz yoshlarni yanada intilishga, o'z ustimizda ishlashga, yanada shijoatli va tashabbuskor bo'lishga undamoqda. Jumladan, Xorijiy tillarni o'rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o'quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o'quvchilarning o'z mablag'idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to'lab beriladi.

Yoshlarning innovatsion g'oyalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida butun mamlakat bo'ylab “yoshlar biznes inkubatorlari” tashkil etilmoqda. Bu inkubatorlarda yoshlar 6 oydan 3 yilgacha o‘z startaplarini rivojlantirishlari mumkin.

Hatto rivojlangan davlatlarda ham yosh tadbirkorlarga bunday qulay sharoitlar yaratilmagan. AQSh, Germaniya yoki Janubiy Koreyada startaplar uchun investitsiyalar asosan yirik kompaniyalarga tegishli yoshlarga beriladi. O'zbekistonda esa har bir iqtidorli yigit-qiz startap yaratib, 50 ming dollardan 1 million dollargacha investitsiya olishi mumkin.

Xotin-qizlarning ta'lim olishi va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ajratilayotgan kreditlarning kamida 30 foizi ham aynan xotin-qizlarga beriladi.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekistonda biz yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar bugungi kunda dunyoda tengsizdir. Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqoti bizga yangi motivatsiya va katta
kuch berdi. Bizga bildirilgan ishonch – nafaqat sharaf, balki ulkan mas’uliyat hamdir.

Sevarabonu Karimova
Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti 2-bosqich talabasi, Yoshlar ittifoqi koordinatori