February 20

Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun yangi imkoniyatlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti davomida qator muhim tashabbuslar ilgari surdilar.  Ulardan biri xorijiy tillarni o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarning o‘quv xarajatlarini “2+6” shaklida qoplab berish tizimi joriy etilishi haqidagi yangilik bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz yoshlariga katta imkoniyat eshigini ochishi aniq.
Bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni bilish nafaqat shaxsiy taraqqiyot, balki mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi. Chet tillarini puxta egallagan yoshlar xalqaro kompaniyalarda ishlash, xorijiy universitetlarda tahsil olish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shu boisdan, davlat tomonidan yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashish ulkan ahamiyatga ega. “2+6” tizimi aynan shu maqsadda ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda talabgor dastlabki ikki oy mobaynida o‘qish xarajatlarini o‘zi qoplaydi, keyingi olti oy esa davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu esa yoshlarni o‘qishni davom ettirishga undaydi, o‘z ustida ishlashga rag‘batlantiradi va ularning mas’uliyatini oshiradi.
Mazkur dastur qanday natija beradi degan savolga toʻxtaladigan boʻlsak birinchidan ko‘proq yoshlar xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi
Odatda chet tili kurslari ancha qimmat bo‘lib, har bir yosh ham bunday xarajatlarni qoplay olmaydi. Davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ajratilishi yoshlarning bilim olish istagini kuchaytiradi.
Ikkinchidan, yangi ish o‘rinlari va kasbiy o‘sish imkoniyatlari yaratiladi
Xorijiy til bilgan insonlar ko‘proq ish topish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ayniqsa, tarjimonlik, xalqaro biznes, IT va ta’lim sohalarida talab yuqori.
Uchinchidan, ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali sifatli ta’lim olishga rag‘bat oshadi. Natijada xorijiy tillarni mukammal o‘rgangan yoshlar ko‘payadi.Yoshlar bu imkoniyatdan qanday foydalanishi kerak? Yoshlar bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasliklari, o‘z oldilariga aniq maqsad qo‘yib, muntazam shug‘ullanishlari lozim. Faqatgina davlat yordamiga tayanmasdan, o‘zlari ham qattiq mehnat qilishlari zarur. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar orqali, masalan, onlayn kurslar va mobil ilovalardan ham samarali foydalanish mumkin.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsam davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “2+6” tizimi yoshlarning kelajagiga qaratilgan juda muhim qadamdir. Bu tashabbus yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash va natijada mamlakatimizning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlar ushbu imkoniyatdan samarali foydalangan holda, o‘z kelajaklarini mustahkamlashlari kerak.