YOSHLARGA E'TIBOR-KELAJAKNING ASOSIY OMILI
Jamiyatda yoshlarga e’tibor berilishi – kelajakni barpo etishning asosiy omilidir. Yoshlar  o‘zining kuch – g‘ayrati va  ijodkorligi bilan jamiyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydilar. Ularga imkoniyatlar yaratish, ta’lim, kasb-hunar va ijodiy faoliyatda qo‘llab-quvvatlash jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti uchun juda zarur. Bunday ulkan vazifalar davlatimiz siyosatining asosini tashkil qilishini mamlakatimiz Prezident Shavkat Mirziyoevning  iqtidorli yoshlar bilan muloqoti misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
14-fevral kuni davlatimiz rahbari Sh. M. Mirziyoevning  mamlakatimizdagi iqtidorli yoshlar bilan  bo‘lib o‘tgan  muloqoti  yoshlarimizga bo‘lgan  ishonchning yaqqol namunasi bo‘ldi, – deyishimiz mumkin. Buni davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz. Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”,- degan ta’kidida ham ko‘rishimiz mumkin.
Yoshlarga bo‘lgan e’tiborning o‘zgarishi, ularning o‘z salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari yoshlarimiz o‘zlarining fikrlari, g‘oyalari va tashabbuslari bilan jamiyatni rivojlantirishda faol ishtirok etishlari kerakligini ta’kidlar ekan, shunday dedi: “Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda.”
Yoshlarimiz o‘zlariga berilgan bunday ishonch va   imkoniyatdan ruhlanib, mamlakat taraqqiyotida  faol ishtirok etish uchun beqiyos kuch olmoqda. Ularning zamonaviy texnologiyalar va bilimlardan foydalanib, o‘z orzularini amalga oshirish uchun kurashayotganiga har jabhada guvoh bo‘lmoqdamiz. Davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilgan sharoitlar, ta’lim dasturlari, grantlar va loyihalar ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Ta’kidlash kerakki,  millatning bugungi va kelajagi yoshlarning bilimliligi, ta’limni rivojlantirish masalasiga hukumat darajasidagi muammo sifatida qaralishi bilan bevosita bog‘liq. Bilimli yoshlar mamlakatning rivoji va taraqqiyotining asosi bo‘lib, ularning salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilishi kerakligi muloqot jarayoni qayta va qayta takrorlandi va keyingi yillarda bu sohada erishilgan yutuqlar e’tirof qilindi. Jumladan, “O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.”  Albatta, bunday ta’kidlar davlatimiz rahbarining yoshlarni ta’lim olishdagi imkoniyatlarni kengaytirishga bo‘lgan e’tiborini yaqqol ko‘rsatadi. Xorijda ta’lim olish esa yoshlarga zamonaviy bilimlarni egallash, yangi texnologiyalar bilan tanishish va global miqyosda raqobatbardosh mutaxassislarga aylanish imkonini beradi.  Davlatimiz rahbari, xorijda tahsil olayotgan  har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarga ham e’tibor qaratish lozimligini alohida qayd qilib o‘tdi.Muloqot jarayonida yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ulardagi tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganishlariga ko‘maklashish ustuvor vazifa sifatida e’tirof qilindi va bu sohada erishilgan yutuqlar alohida ta’kidlandi: ”O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi.” Albatta,  yoshlarni tadbirkorlikka rag‘batlantirish va ularning biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlash  mamlakatimiz rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Bunday oqilona siyosat iqtisodiy mustaqilligini va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda yoshlar o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanayotganlarini yuqorida qayd qilingan raqamlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlar faolligini yanada oshirish, ularning mavqeini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish masalasiga doimiy e’tibor berib kelmoqda. Muloqot jarayonida “Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”, - degan ta’kidlarida jadid bobolarimiz ulug‘ g‘oyalariga sodiqlikni his qildim. 
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Muloqotda yoshlarimiz o‘z orzulari, maqsadlari va istiqboldagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Davlatimiz rahbari ularning fikrlarini diqqat bilan eshitib, har bir yoshning salohiyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga va’da berdi.
Ta’kidlash kerakki,  davlatimiz rahbarining yoshlarga bildirgan ishonchi – bu mas’uliyat. Yoshlar, o‘z navbatida, bu ishonchni oqlash va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun faol harakat qilmoqlari lozim. 
Rajabova Ma’rifat Baqoyevna, f.f.d, prof.