February 18

Yoshlar-kelajak tayanchi

2025-yil 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtidorli har sohada intiluvchan hamda ma’rifatparvar yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv davomida asosiy eʼtibor yoshlarning ilmiy, innovatsion, ijodiy yutuqlari hamda ularning jamiyat hayotidagi o‘rniga qaratildi.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti davomida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Yoshlarning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus dasturlar joriy qilinayotganini qayd etdilar.  Ulardan biri xorijiy tillarni o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarning o‘quv xarajatlarini “2+6” shaklida qoplab berish tizimi joriy etilishi haqidagi yangilik bo‘ldi. Bu esa biz  yoshlarga katta imkoniyat eshigini ochishi aniq.Bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni bilish nafaqat shaxsiy taraqqiyot, balki mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi. Chet tillarini puxta egallagan yoshlar xalqaro kompaniyalarda ishlash, xorijiy universitetlarda tahsil olish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek uchrashuvda “Yoshlar bandligi” dasturi doirasida yangi ish o‘rinlari yaratish, oliy ta’lim muassasalarida qizlar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, magistratura kvotalarini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Ayniqsa, qizlarning ta’lim olishiga oid imtiyozlar kengaytirilishi va dasturchi ayollar sonini ikki barobar oshirish rejalari biz yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Prezidentimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar – nafaqat qo‘llab-quvvatlash, balki har birimiz uchun ulkan mas’uliyat yukidir. Bizga berilayotgan ishonch va imkoniyatlardan foydalangan holda, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz!