November 1, 2025

UNESCO bosh konferensiyasining 43-sessiyasi to’g’risida munosabat

Samarqand shahrida 2025 30 oktabrda boshlangan UNESCO bosh konferensiyasining 43-sessiyasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon hamjamiyati uchun tarixiy ahamiyatga ega voqeadir. Bu deyarli 40 yil ichida Parijdan tashqarida o’tayotgan ilk sessiyaning yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini, ayniqsa, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi tashabbuskorligini yaqqol namoyon etadi.

Yurtimizda bo’lib o’tayotgan bu siyosiy yig’ilishda dunyoning 190ta mamlakatidan yig’ilgan 2800 dan ortiq mehmonlarning ishtirok etishi davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va hamkorlik tamoyillarini chuqurlashtirish uchun ham xizmat qiladi. Bu jarayon global tinchlik, barqaror rivojlanish va inson salohiyatining yuksalishida ham muhim rol o’ynaydi.

Sessiyada zamonaviy dunyoda ta’limning raqamlashtirilishi, sun’iy intellektning ta’lim tizimidagi o‘rni, ekologik savodxonlik, madaniy merosni asrash kabi dolzarb mavzular muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, yoshlar uchun sifatli ta’lim, ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy innovatsiyalarni rag‘batlantirish masalalari bugungi kunning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan UNESCO bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda tarixiy merosni asrash, madaniy yodgorliklarni restavratsiya qilish, qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash va ilm-fan rivojiga hissa qo‘shish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Samarqandda sessiyaning o‘tkazilishi esa O‘zbekistonning xalqaro miqyosda ishonchli hamkor va tashabbuskor davlat sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

Bugungi global muammolarni hal etishda yoshlarning roli beqiyos. Shu sababli sessiya doirasida yosh avlodni innovatsion tafakkur, kreativ yondashuv va raqamli kompetensiyalar bilan qurollantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston yoshlari uchun bu xalqaro tajribadan o‘rganish, yangi g‘oyalarni tatbiq etish va jahon miqyosidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.

UNESCOning 43-sessiyasi O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi faol pozitsiyasini, yoshlar, ta’lim va madaniyatga bo‘lgan e’tiborini yana bir bor tasdiqladi. Bu nafaqat o‘tgan yutuqlarni e’tirof etish, balki kelajak uchun yangi yo‘nalishlar belgilab olish uchun ham muhim maydondir. Samarqandda o‘tayotgan ushbu tarixiy yig‘ilish insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biridir.

Buxoro davlat universiteti,

Xorijiy tillar fakulteti

Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik

kafedrasi mudiri D.I.Xodjayeva