QADIMIY VA HAMISHA NAVQIRON DIYORDA YANA XALQLAR BIRLASHMOQDA.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan “Euronews”da bergan eksklyuziv intervyusida Davlatimiz rahbari Mintaqalarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi sifatida ko‘rilayotgan mazkur sammitdan ko‘zlangan aniq maqsadlar haqida to‘xtalib, “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi” formati noyob hamkorlik platformasi ekanligiga alohida e’tibor qaratgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, kuni kecha, 31-mart kuni Xo‘jand shahrida tarixiy voqea – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlarining uch tomonlama o‘tgan sammit nafaqat o‘zbek, tojik, qirg‘iz xalqlari hayotida, balki butun Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifani ochib berdi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yurtimiz rahbarining Markaziy Osiyo manfaatlarini yaxlit, barqaror – tinchlik, rivojlanish, xalqlarning farovonligini ta’minlash borasidagi sa'yi harakatlarini butun mintaqa, dunyo tan olmoqda va e’tirof etmoqda.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari o‘z intervyusida “Samarqand sammitida Yevropa Ittifoqi va mintaqamiz davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yiladi hamda mintaqalararo hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikning rivojlanishida yangi yo‘nalishlar ochiladi”, deya bejizga to‘xtalmadilar. Aytish o‘rinli, keyingi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ham ikki tomonlama hamkorligi, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalari jadal rivojlanib bormoqda. Mazkur sammit bu aloqalarni izchil kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, ikki tomon uchun ham ulkan istiqbollar yaratishga xizmat qiladi.
Intervyuda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitning Samarqandda o‘tkazilishiga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, “Samarqand — asrlar davomida savdo, ilm-fan va diplomatiya markazi bo‘lib kelgan shahardir. Uning ulug‘vorligi turli madaniyatlar, xalqlar va g‘oyalarni birlashtira olganida”. Buyuk Ipak Yo‘lida joylashgan Samarqand bundan 2000-3000 yil avval ham uzoq-yaqin xalqlarni birlashtirgan manzil bo‘lgan. Dunyo tamadduniga munosib iz qoldirgan, ulkan hissa qo‘shib kelgan. Bugungi kunda ham qadimiy va hamisha navqiron shaharning ulug‘vorligi turli madaniyatlar, xalqlar hamda g‘oyalarni birlashtira olganida namoyon bo‘ladi.
Prezident Samarqand yana zamonamizning asosiy muammolarini muhokama qilishi mumkin bo‘lgan muloqot maydoniga aylanayotganiga e’tibor qaratdi.
Haqiqatdan ham bu shahar Markaziy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hududida istiqomat qilgan xalqlarning ko‘p asrlik xalqaro munosabatlari tarixida alohida o‘ringa ega. Davlatimiz rahbari olti asrdan ortiq vaqt ilgari ayni shu yerdan Movarounnahr hukmdori Amir Temur Yevropa monarxlari bilan erkin va xavfsiz savdoni ta’minlash maqsadida faol aloqalar o‘rnatganligini ta’kidladi.
So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritishi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro maydonda yuqori baholanmoqda. Sammitning aynan Samarqandda o‘tkazilishi mamlakatimizga nisbatan bildirilayotgan yuksak ishonch va e’tiborning yorqin tasdig‘i hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Yevropa Ittifoqi ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim iqtisodiy va siyosiy hamkor hisoblanadi. Tadbir doirasida qabul qilinishi kutilayotgan qarorlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, mintaqa davlatlari uchun yangi strategik imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ko‘plab millat va elatlarni, xalqlarini birgalikda dunyoda tinchlikka, barqaror rivojlanish, insonlarni farovon hayot kechirishiga bo‘lgan umuminsoniy ezgu maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Obidjon Xamidov
Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor