April 29, 2025

Buxoro davlat universitetida viloyatdagi umumta’lim maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida ko‘p bosqichli MATEMATIKA, FIZIKA, INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI, KIMYO, BIOLOGIYA fan olimpiadasining 1-bosqichi bo’lib o’tdi.

-Mamlakatimizda yoshlar uchun juda ko’p imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun yoshlar o’zlarining iqtidorlarini, salohiyatlarini namoyish etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Muhtaram Prezidentimizning qarorlari asosida bir qancha nufuzli OTMlarga o’z mablag’lari hisobidan o’qitish uchun olimpiadalarni tashkil etish huquqi berilgan. Bugun Buxoro davlat universitetida ham 5 ta fan yuzasidan maktab va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilari mana shunday olimpiadada kuch sinashishmoqda, - deydi Jamoatchilik Kengashi a'zosi, Oliy Majlis inson huquqlari bo’yicha vakillari (ombudsman)ning Buxoro viloyat mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor Xuseynova Abira Amanovna.

Fan olimpiadasini Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov nomidan BuxDU O'quv ishlari bo'yicha prorektori Rustam Jumayev ochib berdi. Ochilish marosimida, shuningdek, universitet jamoatchilik kengashi a'zosi, Oliy Majlis inson huquqlari bo’yicha vakillari (ombudsman)ning Buxoro viloyat mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor Xuseynova Abira Amanovna so'zga chiqib o'quvchi yoshlarga bugungi bo`lib o`tadigan olimpiadada omadlar tiladi. Olimpiada bo`lib o'tadigan xonalarga kirish oldidan o'quvchilar kutib olinib guruhlarga bo`lindi. Ichki ishlar hamda Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilib olimpiada bo`lib o`tadigan hududlarga o'quvchilar yo'naltirildi.

Test topshiriqlari konvertlari tashkiliy qo‘mita a’zolari ishtirokida ochilib, ishtirokchilarga tarqatildi.

Testlarni bajarish uchun 1 soat 40 daqiqa vaqt ajratildi.

Kimyo va biologiya fanlarida:

• Jarayonlar ikkita turda o‘tkazildi:

Birinchi tur — amaliy topshiriqlarni bajarish;

Ikkinchi tur — laboratoriya mashg‘ulotlari.

Amaliy topshiriqlarni bajarish uchun 3 soat vaqt belgilangan.

Mazkur olimpiadada 600 dan ortiq talabgor ishtirok etdi.

Yangilik sifatida:

Joriy yildan boshlab fan olimpiadasi jarayonlarida akademik litsey hamda politexnikum bitiruvchilariga ham ishtirok etish imkoniyati yaratildi!

Olimpiadaning yakuniy bosqichida 1-3 o'rinlarni egallagan o'quvchilar imtiyoz asosida Buxoro davlat universitetiga imtihonsiz qabul qilinadi.