August 28, 2023

Sherlok Xolms. Alvonlik Ishi. O'n ikkinchi bob. 

Qasoskor Farishtalar

Tun bo’yi ularning yo’li mashaqqatli daralar va notekis, toshlar yoyilib yotgan so’qmoqlardan o’tdi. Bir martadan ko’proq ular yo’llarini yo’qotib qo’ydilar biroq Houpning tog’lar haqidagi chuqur bilimi bilan ular yana yo’llarini topib olaverishdi. Tong yorishganda, ular qarshisida mo’jizaviy yovvoyi go’zallik sahni yastanib yotardi. Har tomonda, katta qorli cho’qqilar qurshab turgancha, bir-biriga yelkadosh bo’lib uzoq ufqqacha ularga mo’ralab turardi. Har tomondagi bu cho’qqilar shunchalik tik ediki, tilog’och va qarag’aylar xuddi bosh ustida osilib turgandek ko’rinar va ozgina shamol bo’lsa pastga yiqilib tushgudek tuyulardi. Bu tahlika ham shunchalik sarob ko’rinmasdan, bu xilvat vodiy daraxtlar va xarsangtoshlar bilan xuddi shunga o’xshash taxlitda turardi. Xatto yurib ketayotganlarida ham, katta bir tosh bo’g’iq xarsillash bilan tushib keldi va sokin darani aks-sado bilan to’ldirib, toliqqan otlarni cho’chitib yubordi.

Quyosh sharqiy ufqdan sekin yuqoriga ko’tarilar ekan, ulkan tog’larning yuqori qismlari birin-ketin, go’yoki festivaldagi chiqorlardek, hammalari qirmizi va yorug’ bo’lib qolguncha nur socha boshlashdi. Bu maftunkor tomosha uch qochoqning yuraklarini shod qildi va yangidan kuch bag’ishladi. Jarlikdan ko’pirib kelayotgan bir oqim yaqinida ular to’xtab olishib, otlarini sug’orishdi va shoshilibgina tamaddi qilib olishdi. Lyusi va otasi jon-jon deb uzoqroq dam olishardi biroq Jefferson Houp to’xtashni istamasdi.

-         Ular izimizdan ungacha kelib qolishadi, - dedi u, - hammasi tezligimizga bog’liq. Karsonda xafvsiz bo’lganimizdagina, hayotimizni keyingi onlarida dam olishimiz mumkin.

O’sha kun bo’yi ular daralar bo’ylab yo’rtishdi va kechgi paytga yaqin dushmanlaridan o’ttiz milcha uzoqda deb xisoblashdi. Tun vaqtda esa ular bo’rtib chiqqan harsangtosh qo’ynini tanlashdi. U yerda qoyalar sovuq shamoldan ximoya qilib turar va ular issiqlanish uchun g’ujanak bo’lib olishib, bir necha soatcha uxlab olishdi. Shunga qaramasdan, kun hali chiqmasidan ular yana o’z yo’llarida davom etishdi. Ta’qiblaridan hech qanday belgi ko’rishmasdi va Jefferson Houp adovatlashib qolgan o’sha mudhish guruhdan yetarli darajada uzoqlashdik deb o’ylay boshladi. U ularning temir changali qanchalik uzoqqa yetishi mumkinligi va tez orada ularga yaqinlashib, yakson qilishlari haqida bilmasdi.

Qochishlarining ikkinchi kuni o’rtlaariga kelib, kamchil oziq-ovqatlari tugay boshladi. Bu ovchini bezovta qildi biroq, tog’lar orasida ovlash mumkin bo’lgan biron nima topilardi va u yashab qolish uchun avvallari ham miltig’iga tez-tez suyanib qolgandi. Salqin qoyatoshni tanlab turib, u bir qancha quruq shox-shabbalarni yig’di va sheriklari isinib olishlari uchun gurillagan olov yoqdi sababi, ular dengiz sathidan deyarli besh ming fut yuqorida bo’lib, havosi shunga yarasha sovuqqina edi. Otlarni bog’lab, Lyusi bilan xayr-xo’shlashib turib, u miltig’ini yelkasiga ilib oldi va biron nima axtarish ilinjida tavakkal qilib, otlandi. Ortiga qarab u qariyani va qizni gulxan yonida o’tirib isinib turishganini va ortlarida uchta jonivorni qimirlamasdan turishganini ko’rdi. Bir oz o’tib, ularni qoyatoshlar to’sib qoldi.

U bir necha mil bir daradan boshqasiga qarab, quruq qo’l bilan kezdi. Daraxtlar po’stlog’idagi belgilar va boshqa alomatlardan u bu joylarda bir qancha ayiqlar borligini bilib oldi. Nihoyat, ikki va uch soatlik samarasiz qidiruvlardan keyin, endigina tushkun xolida ortga qaytishni o’ylab turib, ko’zlarini yuqoriga qadaganida u yuragiga quvonchli titroq olib kelgan hodisani ko’rdi. Bo’rtib chiqqan qoya cho’qqisining chetida, undan ikki yo uch yuz fut yuqorida ko’rinishidan qo’yni eslatadigan ammo bir juft katta shoxli bir mahluq turardi. Katta shoxlik – agar shunday ataladigan bo’lsa – ehtimolki ovchi ko’zidan panada bo’lgan podani qo’riqchisi edi. Yaxshiki u qarama-qarshi tomonga harakatlanardi va ovchini payqamagandi. Ovchi yuztuban yotib olib, miltig’ini tosh ustiga qo’ydi va uzoq va bir maromda mo’ljalni saqlab turib, axiyri tepkini bosdi. Hayvon havoda sapchib tushdi va bir muddatga jarlikning chekkasida tebranib turib, so’ngida pastga quladi.

Mahluq ko’tarish uchun og’irlik qilardi shuning uchun, ovchi uni son va biqinini bir qismini pichoq bilan kesib olish bilan qanoatlanadi. Kech tushib bormoqda edi va u yelkasida o’ljasi bilan, ortiga jadallik bilan qayta boshladi. Hali tuzukkina yo’lga tushmasidan u qarshisidagi qiyinchilikni tushunib qoldi. Jon-jahdi bilan u o’ziga tanish bo’lgan daralardan ancha yiroqlashib ketgandi va o’zi yurib o’tgan yo’lni topib olish oson ish bo’lmay qolgandi. U turgan vodiy bir qancha bo’laklarga u ham bir qancha daralarga ajralib ketgandi. Ular bir-biriga shu qadar o’xshash ediki, bir-biridan ajratish imkonsiz edi. Bir milyacha daralarning biridan yurib borib u tog’ irmoqlaridan biriga duch keldi - uni oldinroq uchratmaganiga ishonchi komil edi. Xato yo’ldan ketayotganiga ishonchi komil bo’lib, boshqa yo’ldan yurib ko’rdi va buning natijasi tag’in o’sha-o’sha bo’ldi. Tun jadallik bila tushib borardi va to u o’ziga tanish bo’lgan tor so’qmoq yo’lga tushib olguncha deyarli qorong’ulik tushib bo’lgandi. To’g’ri yo’lda ketish ham qiyin edi – hali oy chiqmagan va ikki tomondagi baland tepaliklar noaniqlikni yanada quyuqlashtirib turardi. Yelkasidagi yuki va harakatlaridan zo’riqib, u har bir qadam uni Lyusiga yaqinlashtirayotganini yuragi bilan xis etib va ko’tarib ketayotgani sayohatlarining oxirigacha yetishiga ishonib, qoqilib, turtinib yura ketdi.

U endi sheriklarini tashlab ketgan daraning og’zida turardi. Xatto tun qo’ynida ham u darani xosil etgan tepaliklarning qatorini tanib turardi. Ular, deb o’yladi o’zicha, uni orziqib kutib turgan bo’lsalar kerak, axir u naqd besh soatga yo’q bo’lib ketdi. Yuragida sevinch bilan u qo’llarini og’ziga qo’yib turib u kelayotganini bildirib hoy-hoylab baqirdi va bu tog’larda aks-sado bo’lib qaytdi. U to’xtab turib, javobni kutdi. G’amgin va sokun jarliklardan, qulog’i ostida xisobsiz yangragancha o’zining baqirig’idan boshqa hech nima kelmadi. U yana, bu safar qattiqroq baqirdi va yana bir qancha vaqt oldin tashlab ketgan do’stlaridan biron sado qaytmadi. Mavhum bir vahim uni qamrab oldi va u shosha-pisha qimmatli yemagini ham asabiylashganidan tashlab yuborib, oldinga qarab yugurdi.

Manzilga yetganda u gulxan yonib turgan burchakka ko’z tashladi. Yog’och uyumining kuli hanuz cho’g’ bo’lib qizarib turardi lekin u ketganidan beri aftidan bironta yangi xashak tashlanmagandi. O’sha o’lik sukunat har joyda hukm surardi. Qo’rquvlari qat’iylikka almashgach, u shoshilib ketdi. Olov yonida biron bir tirik jon yo’q edi – jonivorlar, chol va qiz hammasi yo’qolgandi. Aniqki, u yo’qligida qo’qqisdan daxshatli bir falokat ularga yo’liqqandi va bu falokat ularning hammasini qamrab olib, izini ham qoldirmagandi.

Bu hodisadan gangib qolgan Jefferson Houpning boshi aylanar, yiqilib tushmaslik uchun miltig’iga tayanib turardi. Biroq, u tadbirli kishi bo’lgani uchun vaqtinchalik ojizlikdan juda tez o’ziga keldi. U o’chib qolgan gulxan ichida chala yongan yog’och bo’lagini olib, puflab yondirdi va uning yordamida qarorgoh sinchiklab tekshira boshladi. Yer ot izlari bilan toptab tashlangandi, bu ko’p sonli otliqlar qochoqlarni o’rab olishganidan, izlarning yo’nalishi bo’lsa shundan so’ng ular Solt Leyk Sitiga qarab qaytib ketishganidan dalolat berardi. Ular qochoqlarni orqalab ketishgan bo’lishlari mumkinmidi? Jefferson Houp ularni shunday qilganiga o’zini – o’zi ishontirayotgan vaqti, ko’zlari bir narsaga tushdiyu butun tanasining har bitta asab tolalari titrab ketdi. Qarorgohning bir tomonidan nariroqda, pastqam qizg’ish tuproq do’ngligi turardi, aftidan bu yerda avvalroq bunday do’nglik bo’lmagandi. Bu yangi qazilgan go’rdan boshqa narsa emasligiga shak-shubha yo’q edi. Yosh ovchi unga yaqinlashayotganda, u bir tayoq unga o’rnatib qo’yilganini ko’rdi. .. Qog’ozdagi yozuv qisqa, ammo ochiq-oydin edi :

“ Jon Ferye, Sobiq Solt Leyk Sitidan. 1860-yili 4-avgustda o’ldi. “

U tashlab ketgan qariya bu dunyoni tark etgandi. Jefferson ikkinchi qabrni izlab ko’rdi ammo qabr bitta edi. Lyusi daxshatli ta’qibchilari tomonidan Kattaning o’g’lining haramiga – unga bitilgan qismatga tomon olib ketilgandi. Jefferson Houp uning qismati a’yonligi, o’zining qarshilik qila olmaganini tushunganda fermer bilan birga qabrda yotmaganidan afsus chekdi.

Lekin yana bir bora uning g’ayratli ruhi tang xolatini quvib soldi. Hech bo’lmaganda u hayotini qasosga bag’ishlashi mumkin edi. Matonatli sabr-qanoati va qat’iyati bilan birgalikda Jefferson Houpda ehtimolki Hindular bilan yashagan kezlarida o’rgangan qasoskor ruhi ham bor edi. Tashlandiq gulxan yonida turarkan, u g’ussasi aritishning birgina yo’li faqatgina dushmanlariga qarshi o’z qo’li bilan amalga oshiradigan mukammal va to’liq o’ch olish ekanligini xis etdi. Kuchli irodasi va charchash nimaligini bilmaydigan g’ayratini birgina yakun uchun bag’ishlashga u azm-qaror qildi. Oqarishgan, ayanchli ifoda bilan u ortiga, xom yeguligini tashlab yuborgan joyiga qaytdi va uni tutunli gulxanda aylantirib, bir necha kunga yetadigan qilib, pishirib oldi. Yeguligini bir tuguncha qilib bog’lab olgach, charchaganiga qaramasdan, tog’lar ichiga qarab ortiga, qasoskor farishtalarning izidan ergashib, yo’lga tushdi.

Besh kuncha u og’riqdan zo’rg’a qadam bosayotgan oyoqlari va charchoq bilan allaqachon ot ustida kezgan daradan yurdi. Tunlari u o’zini toshlar orasiga tashlab, bir necha soatga mizg’ib oldi biroq, tong ham tushmasidan oldin u doim yo’lida ildamlardi. Oltinchi kuni, u baxtsiz qochqinliklari boshlangan Burgut kanyoniga yetdi. O’sha joydan turib u, avliyolar vataniga qarab turardi. Horib-toliqqanidan u, miltig’iga suyanib oldi va ozg’in qo’llarini undan pastdagi sokinlik yastanib yotgan shaharga qarab, qo’llarini shiddat bilan silkidi. Qarab turar ekan, u ba’zi bosh ko’chalarning ba’zilarida bayroq va tantananing boshqa alomatlari borligini kuzatdi. Buni nimani anglatishini taxmin qilib turgan fursatda, u ot taqasining taq-tuqi eshitib, ot mingan odamni o’zi tomon kelayotganini ko’rdi. Yaqinlashayotganda, u uni bir necha marotaba xizmatini qilgan Kauper ismli Mormon ekanligini tanib oldi. Shu vajdan u yaqinlashganda, Jefferson Lyusining taqdiri nima bo’lganini aniqlash maqsadida unga peshvoz chiqdi.

-         Men Jefferson Houpman, - dedi u, - esladingmi?

Mormon unga hayratini yashira olmasdan tikilib qoldi, albatta – yirtiq-sirtiq kiygan va kir-chir bo’lgan sayyohni ayniqsa tanish qiyin edi. ... Baribir o’zini tanitganidan qanoatlanib, kishining hayrati havotirga o’zgardi.

-         Bu yerga kelishing ahmoqlik! – xitob qildi u, - sen bilan gaplashgan xolda ko’rishsa, hayotim qil ustida qoladi. Feryelarni qochirishga ko’maklashganing uchun senga qarshi qidiruv e’lon qilingan.

-         Ulardan yoki ularni qonunlaridan qo’rqmayman, - dedi Houp qat’iy qilib, - sen bu ish haqida nimanidir bilsang kerak, Kauper. Bir necha savolimga barcha aziz deb bilganlaringni o’rtaga qo’yib javob ber. Biz doim do’st bo’lganmiz. Xudo haqqi, menga javob berishdan bosh tortma.

-         Nima deysan? – dedi Mormon o’ng’aysizlanib, - Tezroq bo’l. Toshlarning quloqlari, daraxtlarning esa ko’zlari bor.

-         Lyusi Feryega nima bo’ldi?

-         U kecha yosh Drebberga turmushga chiqdi. To’xta, to’xta, majolsizlanib qolibsanku.

-         Menga e’tibor berma, - dedi Houp zaif ovozda. U lablarigacha oqarib ketgandi va suyanib qolgan toshiga cho’kib qolgandi, - turmushga chiqdi deysanmi?

-         Ha, kecha – Ibodatxona uyi ustida bayroqlar ham shundan. Qaysi biri qizni olishi haqida yosh Drebber va yosh Strenjersonlar o’rtasida biroz gap-so’z bo’ldi. Ikkovi ham ta’qibchilar guruhi ichida ekanlar va Strenjerson qizni otasini otib qo’yibdi va bu unga eng yaxshi da’vo-isbotdek tuyulibdi lekin ular kengashda buni ustidan bahslashishganda, Drebberning guruhi kuchlilik qilibdi shunday qilib, Avliyo qizni unga beribdi. Baribir qizga hech kim ko’p vaqtga egalik qila olmaydi chunki, kecha uni yuzida o’lim ifodasini ko’rdim. U ayoldan ko’ra ko’proq arvohga o’xshaydi. Ketyapsanmi?

-         Ha, ketyapman, - dedi Jefferson Houp, o’rnidan qalqib. Uning yuzi marmarda kesilgan kabi qattiq va qat’iy edi, uning ko’zlari bo’lsa daxshatli nur sochardi.

-         Qayerga ketyapsan?

-         Parvo qilma, - javob berdi u, qurolini yelkasiga ortib olarkan. U dara bo’ylab qadam tashlab, tog’lar bag’riga, yovvoyi hayvonlar makoniga qarab yo’l oldi. Ularning orasida o'zi kabi dahshatli va xavflisi yo’q edi.

Mormonning bashorati to’kis ro’yobga chiqdi. Otasining daxshatli o’limi sabablimi yoki jirkanch turmushga majburlangani oqibatidanmi, sho’rlik Lyusi boshini hech qachon ko’tara olmay qolib, so’lib bordi va bir oy ichida hayotdan ko’z yumdi. Unga asosan Jon Feryening mulki uchun uylangan ichkilikboz eri unga ko’p ham qayg’urmadi, ammo uning boshqa xotinlari motam tutishib, Mormonlar odatiga ko’ra dafn marosimidan bir tun avval u bilan o’tirib chiqishdi. Ertasi kunning eng birinchi soatlarda, ular tobut atrofida doira bo’lib turishganida, ularni hayratga solib, eshik ochilib, xonaga titilib ketgan kiyimda yovvoyi, shalabbo bir kishi kirib keldi. Qo’rquvda qolgan ayollarga razm ham solmasdan, u bir vaqtlari Lyusi Feryening pokiza qalbini jismida jo qolgan oppoq tanaga yaqinlashdi. Uni tepasida turib qolib, u lablarini uning sovuq peshonasiga tekkizdi va so’ng, qo’llarini ushlab turib, barmoqlaridan nikoh uzugini yechib oldi. “ Uni bu bilan dafn etishmaydi!” xirillab xitob qildi u. Shundan so’ng u, vahima ko’tarilishidan oldinroq zinalardan pastga tushib, ko’zdan g’oyib bo’ldi. Hodisa shunchalik g’alati va qisqa bo’ldiki, kuzatib turganlar agarda tilla xalqa yo’qolib qolgani buni chinligiga dalil bo’lmaganida, buni haqiqatdan sodir bo’lganiga na ishonishgan va boshqalarni ishontirishga harakat qilishgan bo’lishardi.

Bir necha oy, Jefferson Houp yuragini butkul egallab olgan qasos olish istagini asrab, g’alati yovvoyilarcha hayot kechirib, tog’lar orasini kezib turdi. Shaharda g’alati sharpa shahar tashqarisida izg’ib yurgani, tanho tog’ daralarida maskan tutgani haqida gaplar aytildi. Bir safar Strenjersonning derazasidan bir o’q xushtak chalib o’tdi va uning oyog’i ostidagi devorga borib tegdi. Yana bir martasida bo’lsa, Drebber qoya ostida o’tib ketayotganida, ustiga katta bir harsang qulab tushdi va u yerga yotib olish bilangina, daxshatli o’limdan qutilib qoldi. Ikki yosh Mormonlar hayotlari bunday tajovuzlar sababini qisqa fursatda anglab yetdilar va dushmanlarini tutib olishga yoki o’ldirish umidi ichida tog’lar ichiga safarlar uyushtirdilar biroq, muvaffaqiyatga erisha olmadilar. Shundan so’ng ular yolg’iz yoki tundan keyin ko’chaga chiqmaslikka, uylariga soqchi qo’yishga odatlanib oldilar. Bir muncha vaqtlardan keyin, hech nima ko’rinmagach yoki eshitilmagach, bu choralarni yumshatishdi va ular vaqt raqiblarini qasoskorligini vaqt sovutdi deb umid qildilar.

Vaqt esa Jeffersonning qasoskor olish xissini sovutish uyoqdan tursin, aksincha kuchaytirmoqda edi. Ovchining ongi qattiqlashib, qasos olish g’oyasi shunchalik to’liq o’rnashib olgan ediki, boshqa xissiyotlarga biron joy qolmagandi. Lekin u haqiqatga tik boqardi. Uysizlik va ovqat tanqisligi uni charchatib qo’ymoqda edi. Agar u tog’lar orasida itdek o’lib ketsa, qasos olish nima bo’lardi? Agar u shunday yuraversa, o’lim uni qarshilashi aniq edi. Bunday o’lim esa dushman uchun ko’ngilli bo’lishini xis etdi va istar-istamay, u sog’ligini tiklash hamda tanqisliklarsiz maqsadi ortidan borish uchun yetarlicha pul yig’ib olish uchun eski Nevada konlariga qaytib ketdi.

Uning maqsadi uzog’ bilan bir yilga yo’q bo’lib turish edi, biroq kutilmagan vaziyatlarning ketma-ket kelishi konlardan ketishni besh yilga yaqin muddatga cho’zdi. Shunga qaramay, muddat tugaganda, uning kechmishlari va qasosga bo’lgan ishtiyoqi Jon Feryening qabri oldida o’tirgan o’sha unutilmas kechadagidek o’tkirligicha turardi. Niqoblanib, soxta ism bilan, u adolat deb ko’rganini qaror toptirishni ko’zlab, buni yo’lida hayotiga nima bo’lishi haqida o’ylab-netmasdan, Tuz Ko’li shahriga qaytdi. U yerda uni yomon xabarlar kutib turardi. Bir necha oy muqaddam Tanlanganlar orasida bo’linish yuz bergandi. Ba’zi yoshroq Mormonlar Kattalarning hokimiyatiga qarshi chiqqan va natijada norozilarning ma’lum birlari ajrilib, Mormonlikdan voz kechishgandi va Yutadan chiqib ketishgandi. Bular orasida Drebber va Strenjersonlar ham bo’lib, hech kim ularni qayerga ketganini bilmasdi. Mish-mishlarga qaraganda, Drebber mulklarining ko’p qismini pulga aylantirib, boy inson sifatida, sherigi Strenjerson esa anchayin qashshoq bo’lib, chiqib ketishgandi. Ularning keyingi qismi haqida hech qanday ma’lumot yo’q edi.

Ko’p insonlar, harchand qasoskor bo’lmasain, bunday murakkablik ustida bo’lsalar o’ch olish xissidan voz kechgan bo’lishar edi. Biroq, Jefferson Houp bir lahzaga bo’lsa ham ikkilanmadi. Kam ma’lumot bilan ham, uchragan ish-yumushlarni bajarib, u Qo’shma Shtatlar bo’ylab shaharma-shahar, dushmanlaring ortidan quvib sayohat qildi. Yil yilga ulandi, uning qora sochlariga oq tushdi hamki u odam shaklidagi iskovuch it misoli butun hayotini faqat birgina maqsad bo’ylab to’kis yo’naltirib, sarson-sargardonlikni to’xtatmadi. Nihoyat, uning qat’iyatligi taqdirlandi. Deraza yuziga birgina nazar, Ogayoning Klivlendida solgan birgina nazari unga o’zi quvib kelayotgan odamni tanish uchun kifoya qildi. U maskaniga o’zi tashkillashtirib qo’ygan qasos rejasi haqida o’y surib qaytib keldi. Biroq, Drebber, deraza ortidan ko’z tashlab, darbadarni tanib qolgan va uning ko’zlaridan ajalni uqib olgan edi. U sherigi va shaxsiy sekretariga aylanib qolgan Strenjerson bilan birgalikda adolat sudyasi tomon shoshildi va unga hayotlari rashk va nafratga to’lgan eski raqiblari tomonidan xafv ostida qolganini aytib berishdi. O’sha kuni kechqurun, Jefferson Houp xibsga olindi va kafillik topa olmaganida uchun bir necha haftalab qamoqda qolib ketdi. Nihoyat ozodlikka chiqqanida, u Drebberning uyi bo’shab qolganini, u va sekretari Yevropaga jo’nab ketganini bilib oldi.

Yana bir marta qasoskor to’xtatib qolindi va yana yig’ilgan nafrati uni ta’qibni davom ettirishga undadi. Biroq mablag’ kamayib ketgandi va biroz vaqtga u ishga qaytib, har bir dollarini yaqinlashib borayotgan sayohati uchun saqlab turishiga to’g’ri keldi. Nihoyat, yashab turish uchun yetarlicha to’plab olgach, u Yevropaga jo’nab ketdi va dushmanlarini shaharma-shahar izidan borib, har qanday malaylikka rozi bo’ldi biroq qochoqlarni hech qachon quvib yetmadi. U Sankt Peterburgga yetganda, qochoqlar Parijga ketgan bo’lar, ularni ortidan yetibb borganda esa ular endigina Kopengagenga jo’nab ketgani ustidan chiqardi. Daniya poytaxtiga u yana bir necha kun kechikib keldi – ular endi Londonga qarab yo’lga chiqishgan edi. Va nihoyat o’sha joyda u ularni yer yuzi bo’ylab quvib yetishni uddasidan chiqdi. U yerda nima sodir bo’lganiga kelsak, Doktor Vatson jurnalida yozilganidek, sobiq ovchining o’z og’zidan eshitganlaridan yaxshiroq hikoya qilib bera olmaymiz va biz allaqachon bu ma’lumotlar unda keltirib o’tilgan.