Qilichqo'l botir qahramonligi.
11-bob. Toshqinobod. 1-qism.
Ko’pdan buyon Makonda yashamasdan, uzoq o’lkada surgunda yurgan Muqimxonni Sobiqxon komnvel yurtidan toptirib, unga ozor bermaslik sharti bilan Toshqinobodga bandi qildirgan edi. Sobiqxon uni Sehrxonga topshirish yoki o’zi uni xonlikka o’tqazish haqida o’ylagandi. Ammo, Sobiqxon o’ldi. Uch kun o’tar-o’tmas Toshqinobod voliysi qabuliga Todo Yasu ismli komnvel vakili kirib keldi.
Todo Yasu voliy qarshisida tiz cho’kib, barcha xurmat va tavozelarni bajo keltirdida, voliyga qarab sovuqqina shunday dedi :
- Biz ishonchnoma taqdim etgan Sobiqxon o’lganini bilsang kerak. Bizning askarlarimiz Toshqinobodga Makonni tinchlantirish uchun yaqinlashib kelmoqda. Bizning buyuk komnvel kengashi – Muqimxonni taxtga qaytarishni ma’qul deb topdi va o’zining maxsus burchi deb biladi. Muqimxon uchun endi komnvel javob beradi! Uni ozod qilish va Toshqinobodni o’ttiz millat to’pi nomidan topshirishni talab etamiz!
Todo shunday deb ustiga katta temir muhr urdirilgan, zarhal maktubni voliyga uzatdi. Voliy ko’riboq, rangi-quti o’chib ketdi. Bu olamdagi hech bir kuch – komnvellar kuchiga teng kela olmasdi. Ular sharplardan ham ko’proq, kuchliroq edilar va Makonni istasalar, bir deganda kulini ko’kka sovurib tashlashlari ham hech gapmasdi.
Voliy o’sha zahoti muhrni o’pdi va unga bosh egdi.
Shunday qilib eski xonlikni bayroqlari ko’hna Toshqinobod shahri ustida xilpiray boshladi. Muqimxon taxtga o’tirdi. Taxtga o’tirgani hamono, u hammasini boshidan surishtirdi.
- Men yo’g’imda nimalar bo’ldi? – surishtirdi u.
Unga sodiq bo’lgan xizmatchilar esa Sehrxon voliylarning o’zboshimchaligini bostirgani, so’ngra Qilichqo’l botir chiqqanini gapirib berishdi. Muqimxon uning jasoratlaridan lol qoldi. Unga Sehrxonni eslatdi. Muqimxon so’nggi marta Sehrxonni jangda uchratganda, u g’ayrioddiy qobiliyatlarini ko’rsatgandi. Qilichqo’l ham shundayligidan, u hammasiga o’zicha tushunib yetgan bo’ldi.
“ Sehrxonni ta’qib etayotgan jonzot bo’lsa kerak. “ xulosa qilgandi u.
Shundan keyin, bir necha kunlardan so’ng, bir payti minora oldida dengizda nimadir oppoq porlayotganini habar qilib qoldi. Muqimxon darhol uni tekshirishni buyurgandi. Ular Brikshani ko’tarib kelishdi. Tanasi silliqqina, yoshlik barq urib turgan, sochlari jigarrang qisqasi ko’rinishi xuddi Sehrshani eslatadigan mavjudot edi u. Lekin, unda qandaydir istara bor edi. Yigitcha ko’zi yumuq xolida jilmaygancha qotgandi.
- O’likmi tirikmi bu? – so’radi Muqimxon.
- Tirik, - deb javob qildi xizmatchilar.
Briksha ko’zini ochib, bir necha kun yotganida ham, Muqimxon o’zini ko’rsatmadi. Brikshaga bu yoqmadi. U bu yerga Muqimxon bilan gaplashish uchungina kelgandi – yotish uchun emas. O’zini kuchi yetgandek xis etishi bilanoq, Briksha o’rnidan sakrab turdi. Va oqsochning hay-haylashiga ham qaramay, xonadan tashqari yo’naldi. Tashqarida qasr sahni ko’rindi. Uni oldida ko’plab eshiklar bor edi. Askarlar uni to’xtatib qololmadi. Briksha hamma eshikka birma-bir kirib chiqa boshladi. Oxiri o’zi yurgan yo’lakni eng oxiridagi katta eshikni ochib kirdi. Ichkarida Muqimxon Makondan kelgan habarlarni eshitmoqda edi.
- Janubda Sehrxon Vilyam askarlarini bir yoqlik qilib, o’zi bizga qarshi yo’lga otlanmish ekan.
- G’alato’plar va’da qilgan yordamchi? – so’radi Muqimxon Sobiqxondan qolgan qasr to’rida, yog’ochdan omonat yasalgan taxtida o’tirganicha.
- Sarg’un lashkarboshi Sehrxondan ajralib, biz tomon kelmoqda. U bizga yordamga kelayotganini aytib, ishontirdi. Bir kunlar ichida yetib kelib qoladi.
- To’liqbek degani besh ming qo’shin bilan vodiyni egallab, Mirzabek mingboshi bilan kurashib yotibdi.
- To’liqbekni niyatini aniqlamog’imiz kerak. U bizni qo’llaydimi yo o’zi xon bo’lmoqchimi?
- To’liqbek xonlikka eng sodiq odam...
- Lekin u, g’alato’plar nomidan kelgan xonni osonlikcha xazm qilmaydi, - xo’rsindi Muqimxon.