Qilichqo'l botir qahramonligi.
13-bob. Iliqxon qasrida. 2-qism.
To’liqbek qasrni xon majlis qiladigan katta xonasida edi. Xona o’rtasida yetti qavat ko’rpachali taxt bo’lib, uzun va titilib ketgan gilam undan boshlanib, xona oxirigacha – yuz qulochlik masofagacha cho’zilib ketgan edi. Xona devorlarida katta to’rtburchak derazalar bo’lib, undan yorug’lik xonaga tushib, xonaning qorong’uligini salgina aritgan edi.
Briksha xonaga kirganida, To’liqbek oppoq soqollarini piypaslagancha, gilam chekkasidagi bir xontaxta yoniga chordona qurib o’tirib olib, o’g’li va yana bir qancha to’n kiygan kishilar bilan suhbat olib bormoqda edi. Aftidan, To’liqbek xontaxta ustidagi xaritaga o’xshagan bir qog’ozga ishora qilib, ularga buyruq berardi. Briksha sekin ularga yaqinlashib bordi. Oxiri uni yonida ketayotgan Tuman baqirib yuborib, To’liqbekni qilayotgan ishidan chalg’itdi.
- Ota! Qilichqo’l keldi! – xuddi bu yerga bir o’zi boshlab kelgandek g’ururlanib, xitob qildi Tuman.
To’liqbek o’ng yelkasi yonida engashib turgan kimsa – Ergash shu zahoti Brikshaga peshvoz chiqdi. Ergash ukasidan farqli haliyam bahodircha yaktak, beliga belbog’ va oddiy sopli shamshir taqqan edi. Ergash Briksha ketganida qanday bo’lsa, shundayligicha o’zgarmagandek edi.
Briksha u bilan xuddi og’a-inidek ko’rishishdi.
- Seni qidirdim, - aybdorlarcha gapirdi Ergash, - lekin bu yoqqa kerak bo’lib qolib...
- Hechqisi yo’q, Ergash, - dedi Briksha uni tinchlantirib, - men joni qattiq mavjudotman.
To’liqbek ham o’rnidan turib, yoniga kelgan Brikshani yelkasiga qoqqan bo’ldi. Tuman aytgani unchalik rost emas ekan. Ikki oyda To’liqbek ozgina qartayibdi – qo’liga xassa ushlab olibdi.
- Qilichqo’l, seni sharofating bilan, vodiyni qutqardik! – dedi To’liqbek, Brikshani ko’rib, ta’sirlanib.
- Butun Makonni qutqarishga yordam berishga ko’ndirgan edingiz. Esingizdami? – dedi Briksha To’liqbekka.
- Bugun sizlarga bir taklif bilan keldim. Bekorga kelmadim. Meni xon elchi qilib jo’natdi.
Turganlar sergaklandi. To’liqbek doimgidek, hammasini oldindan bilib olgandek soqolini tutamlab turib, ma’noli imo qildi. Briksha sekin gap boshladi.
U hamma tushunsin deb qisqa gapirishga harakat qildi. Lekin, oxirgi eshitganlariga ko’proq to’xtalishga majbur bo’ldi. U bor gapni – Todoni shubha qilishini ham, xon uni taklifidan bo’zarganini ham ro’y-rost, To’liqbek, uni o’g’illari va bir nechta To’liqbek amaldorlari oldida aytib tashladi.
Gapini tugatib, u To’liqbekka tikildi.
To’liqbek ana endi kutilmagan gap eshitgandan yuzidan rangi – quti o’chib ketgan edi. U ayniqsa Briksha o’zini shartini aytayotganda, g’alati bo’lib ketdi.
Briksha u ham ayni xon o’ylayotgan gaplarni o’ylayotganini xis qildi.
Kutilmaganda oralaridagi Tuman Brikshani yelkasini qoqib, hammani qulog’ini qomatga keltirgudek qilib dedi :
- Barakalla! Juda soz ish qilibsan! Dohiyona talab! Ajoyib fikr!
Maqtay, maqtay, u otasi va akasiga xuddi urushib, yutgandek qaradi. To’liqbek rangi – quti o’chgan, Ergash ham havotirda, o’tirganlar tez-tez nafas ola boshlashganidan, butun xonaga pishillashlari eshitilib turardi.
- Chakki qilibsan! – dedi Ergash shunda javdirab, - odamlarimiz tayyor emas bunga axir!
- Qachon tayyor bo’ladilar? – so’radi shunda Briksha, - qachon, axir? Bironta yurt g’orat qilgandami? O’ttiz to’p millatga qo’shilib ketganlardami?
To’liqbek hamon indamasdi. U “hm”lab, tomog’ini qirib-qirib yo’talib qo’yardi. O’sha ko’yi u boshqa hech nima demadi.
Qilichqo’l botirni kechga ziyofatga chaqirishdi. Unga yuksak martabalar, laqablar bilan siylashdi. “Makonning buyuk qo’riqchisi”, “O’lmas bahodir”, “Sehrxon kushandasi”, “Xonlik otalig’i” degan tumtaroqli so’zlar yangradi. Briksha ko’ngli g’ash bo’lib, hammasiga indamay chidab o’tirdi. U sharaflangan bir necha jonzotni eslab ketdi. O’z otasi, akalari, ayniqsa akasi Sehrshani...
Keyingi kunlardan Briksha bilan muloqot boshlandi. To’liqbek taxtxonasida Briksha bilan qayta – qayta xon haqida gaplashdi. Bir necha kun ham o’tdi. Axiyri, xon huzuriga Tumanni yuborishga kelishildi. Tuman rasman qushbegi rutbasini olib kelmaguncha, qaytib kelmasligi shart qilindi.
Ungacha, Briksha oddiy amaldorlardan biri bo’ldi qoldi. Ikki qator tizilishgancha yig’ilganlarni ishi uzukkun majlislar, allaqanday shartnomalar, voliylarni nima qilish, vodiydagi axloqsizliklarni barham berish haqida uzundan-uzoq suhbatlar bo’lardi. Hamma o’z fikrini aytardiyu, ish ko’chishi noma’lum edi. Briksha bu siyosiy ishlardan o’zini xuddi yana yaralagandek xis qildi. Yuragi siqildi. Tumandan javob kutib, o’zini zo’rg’a bosib turardi.
Tuman bir haftadan ortiq yo’qolib ketdi. Lekin Brikshaga bir yildek tuyuldi. Vodiyda bu orada laylakqor ham tashlay boshladi ammo undan rohatlanish Brikshaga nasib qilmadi. U taxtxonada yorliq ulashish, tuzilajak davlatda nimalar bo’lishi-bo’lmasligi haqidagi uzoq majlislarda qamalib o’tirardi. Ular xuddi xonga, Sehrxon bilan bo’ladigan to’qnashuvga umuman befarqdek ko’rinardilar.
Nihoyat bir kuni, yangi chopon kiyib, qo’lida ajnabiy tilla sovg’a osig’liq Tuman qasrga yetib keldi. U to’g’ri majlisxonaga kirib keldi.
- Ota, qushbegi rutbasi qutlug’ bo’lsin!
Tumanni bu hayqirig’i hammani larzaga keltirdi. Hamma gurillab tabriklay ketishdi. Ammo, To’liqbek ularni to’xtatdi.
- Xon hozir qayerda? – so’radi u Tumandan.
- Qirqbotir istehkomiga qarab yo’lga chiqqan, - dedi donador qilib Tuman, boshini sal iyib, - bizni o’sha joylarda kutadi.
- Soz! – dedi xon va xirildoq ovozini ilojicha boricha yangroq qilishga harakat qilib shunday dedi - Yurish rejasini tuzamiz!
- Bugundan mingboshisan. O’zing qo’shin uchun odamlarni saralab ol. Ilg’orimiz bo’l. Martaba muborak!
Qilichqo’l mingboshi! – deb baqirdi qator orasidan To’liqbek qilichini ko’tarib.