August 28, 2023

Sherlok Xolms. Alvonlik ishi. Sakkizinchi bob. 

Katta Tuz cho’lida

Katta Shimoliy Amerika qit’asining markaziy qismida sivilizatsiya taraqqiyotiga ko’plab yillar tabiiy to’siq bo’lib kelgan taqir va beayov dasht yastanib yotadi. Syerra Nevadadan Nebraska tomon, shimolda Yelloustoun daryosidan, janubda Koloradoga qadar sukunat va uzlat hukmron. Ammo tabiat bu ma’yus sahro qo’ynida ham beqarorligini qo’ymaydi. Bu joyda yana qorli va yuksak tog’laru va qorong’u va rangsiz vodiylar bor. Yana notekis kanyonlar bo’ylab ildam oquvchi daryolar, qishda qorli oppoq bo’lib ketadigan, yozda esa tuz changidan kulrang tusga kiradigan bepoyon dashtliklar bor. Barchasi birlashib unumsizlik, xasrat va g’ariblikning manzarasini kasb etadi.

Bu joylar befayz hamda kimsasiz. Paunilar yoki Qora tovonlilar( Hindular – izoh ) o’zlarini narigi tomondagi ov hududlariga yetib olish uchun ahyon - ahyon o’tib turishadi, shunda ham eng chidamli bahodirlari ham bu tekisliklardan tezroq daf bo’lib, yana o’zlarini jonajon preriyalariga yetib borishga talpinadilar. Bu joyda butazorlar oralab koyotlar izg’ib yuradi, o’laksaxo’rlar esa yuqorida qanot qoqib uchishadi ham paxmoq grizli ayig’i qorong’u jarliklar ichida og’ir qadamlar tashlab toshlar ichidagi hamma yesa bo’ladigan narsani terib yuradi. Ular - bu biyobonning yolg’iz xo’jayinlari.

Butun dunyo ichida Syerra Blankoning shimoliy yonbag’irliklaridek behalovat maskanni uchratish qiyin. Ko’z bilan ko’rsa bo’ladigan uzoqlikda ustini tuz qoplagan, butazorlar bilan kesishib ketgan tekisliklar cho’zilib yotadi. Ufqning so’nggi chizig’ida esa o’nqir-cho’nqir cho’qqilarida qorli dog’i bo’lgan tog’lar ko’rinib turadi. Bu keng yoyilgan hududda hayot zarrasi yo’q, hayotga tegishli zarra ham yo’q. Moviy osmon qo’ynida qush zoti ko’rinmaydi, rangsiz yerlar ustida ham biron bir harakat ko’zga tashlanmaydi – hammajoyda sukunat hukmron. Istagancha quloq solsangiz ham, bu maskanda ovozning soyasi ham yo’q, sukunatdan o’zga hech nima yo’q – faqat butunlay,yurakni cho’ktirib yuboradigan darajadagi sokinlik qaror topgan.

Bu tekisliklarda hayot nishonasi yo’qligini aytishadi. Lekin, bunday deyish ham aslida xato. Syerra Blanko tepaligidan qaralsa, cho’l bo’ylab, ichkarilab, yo’qolib ketgan ketgan egri-bugri yo’lni ko’rish mumkin. Yo’l arava g’ildiraklari izidan o’ydim-chuqur, omad izlab yuruvchilardan esa oyoqosti bo’laverib silliqlanib ketgan. U yer bu yerida esa tuz qoplamalar orasida, quyoshda boshqacha yaltirab turadigan oq jismlar ko’zga tashlanadi. Ularga yaqin borib, ko’z tashlasangiz, hayhot! Ular suyaklardir – ba’zilari katta va dag’al ba’zilari kichikroq va nozikroq. Ana shu katta suyaklar buqalarniki, kichikroqlari esa insonlarnikidir. Bir ming besh yuz mil masofada, mana shu daxshatli karvon yo’li bo’ylab yo’l-yo’lakay jon taslim etganlarning qoldiqlari sochilib yotibdi.

Bu hodisalarning bariga, 1847-yili to’rtinchi mayda bir tanho sayyoh guvoh bo’ldi. Ko’rinishidan u bu joydagi arvoh yo sharpani eslatardi. Ko’z tashlagan odam uni yoshini qirqdami yo oltmishdami ekanligini aytishga qiynalgan bo’lardi. Uning yuzi qotmadan kelgan va behol edi, sariq, pargamentni eslatadigan terisi esa ustidan chiqib turgan ustixoniga tarang tortilgan, uning uzun hamda jigarrang soch-soqolida har yonida oqargan, uning chuqur o’rnashgan ko’zlari g’ayritabiiy ko’rinish kasb etardi, miltiqni mahkam tutgan qo’lida esa shunchaki oriq ediki, suyakning o’zginasi edi.

U oyoqda turish uchun, miltiqqa suyanib yurardi biroq, uning novcha gavdasi va bahaybat sumbati uning epchil hamda baquvvat bo’lganligidan darak berar edi. Oriq yuzi va hilvirab yelkasida osilib turgan kiyimlari unga keksayib, kuchdan qolgan ko’rinish kasb etardi. Bu odam o’lar ahvolda edi – ochlikdan va chanqoqlikdan o’lmoqda edi.

U biron bir suv manbasini toparman degan ilinj bilan mashaqqat ila avval jarlikka tushib, so’ngra tepalikka chiqib ko’rdi. Ko’z oldida katta tuzli dashtlik, uzoqlarda esa yetib bormas tog’liklar ko’rinib turardi. hech suvdan darak beruvchi biron bir daraxt yoki o’simlik ko’rinmasdi! Shunchalik keng bir hududda hech qanday umid shu’lasi yo’q edi. Shimol, shaq va g’arbga savol nazari bilan termulib, u tushundiki, tentirashlari nihoyat tugabdi – mana shu turgan xilvat tepalikda, o’lim uni chorlamoqda edi. “ Bu yerda o’ldim nima, yigirma yillardan keyin parto’shakli joyni ustida o’ldim nima” deb pichirladi u va katta xarsang toshning soya qismiga o’rnashib oldi.

O’tirishdan avval endi unga foydasiz bo’lgan miltig’ini va o’ng yelkasida osib olgan ustida tasmacha bilan bog’langan xiyla katta bo’xchani yerga tashladi. Kuchdan qolgani uchun, qop unga juda og’ir tuyulardi va uni pastga qo’yayotib, tutib tura olmasdan, tashlab yubordi. O’sha zahoti bo’xcha ingragan ovoz chiqdi va uning tagidan yorug’ jigarrang ko’zli kichik, hadiksiragan yuz undan keyin esa ikkita lo’ppi mushtlar chiqdi.

-         Voy, og’riyapti! – deb g’ingshidi yosh bolaning ovozi.

-         Rostdanmi? –javob berdi kishi gunohkorlarcha, - ataylab qilmadim, behosdan bo’ldi.

U aytayotib, tasmachani yechdi va qop ichidan besh yoshlardagi mitti chiroyli qizcha chiqib keldi. Qizchaning bejirim poyabzali va uzun hamda mayda zig’ir gazlamadan tikilgan fartukli sarishta pushti ko’ylakchasi oyisi unga qarov berishidan guvohlik berar edi. Qizcha rangsizlikdan oqarib ketgan va xolsiz edi biroq, hali go’shtdan qolmagan qo’llari va oyoqlari uni sherigidan kamroq zahmat chekkanini ko’rsatib turar edi.

-         Og’riyaptimi? – so’radi kishi bezovtalik bilan, qizcha boshini orqa qismidagi to’zg’in tillarang sochlarini ishqalar ekan.

-         Yaxshilab o’pib qo’ying, - dedi u, lat yegan joyini unga ko’rsatib, - oyim shunday qilardi. Oyim qani?

-         Onang ketgan. O’ylaymanki, yaqinda uni ko’rasan.

-         Ketdimi? – dedi qizcha, - Menga xayr ham demadiku, odatda xolamnikiga choy ichgani ketganida xayrlashib ketardi, endi esa uch kundan beri yo’q. Juda isib ketdi-a? Yegani yo ichgani narsamiz yo’qmi?

-         Hech nima yo’qda, azizam. Ozgina sabr qilishing kerak va hammasi joyida bo’ladi. Boshingni bu yerga qo’y, o’zingni yaxshiroq xis qilasan. Lablaring quruqshab qolganda gapirish oson bo’lmaydi, lekin yaxshisi senga nima bo’lganini gapirib beraman. Qo’lingdagi nima?

-         Zo’r narsa! Ajoyib narsa! – baqirdi qizcha ikkita yarqiroq sluda ( shaffof mineral – izoh) bo’lakchasini ushlab turib, - agar uyga qaytib borsak, bularni Bob akamga beraman.

-         Tez orada bundanam chiroyli narsalarni ko’rasan, - dedi kishi ishonch bilan, - ozgina kutgin. Senga aytishni istaganim – daryodan ketganimizni eslaysanmi?

-         Ha, eslayman.

-         Esingdami, keyin boshqa daryoga yetib kelamiz degandim. Lekin nimadir xato ketdi – kompasmi yo xaritami yo boshqami xullas yo’ldan adashib qoldik. Suv ham tugab qoldi. Sizlarga ozgina xo’plamgina qolgandi... Va... Va...

-         Keyin cho’mila olmadingizmi? – so’radi qizcha, kishining kir yuziga ma’yus boqib.

-         Ha, ichgani ham qolmadi. Keyin janob Bender, u o’lib qoldi, undan keyin hindu Pit, undan keyin missis Makgregor, undan keyin Joni Houns va oxirida, azizam, oying ham.

-         Oyim ham o’ldilarmi? – chinqirdi qizcha va yuzini fartukka yashirib olgancha, piqillab yig’lashni boshladi.

-         Ha, hammalarini o’ldi, bitta sen va men qoldik. Keyin men shu yo’ldan bironta suv topaman deb o’yladim, seni yelkamga ko’tarib oldim va birga kezdik. Lekin ko’rinishidan biron nimani o’zgartira olmadik. Endi bizni faqat mo’jiza asrab qoladi!

-         Aytmoqchisizki, biz ham o’lamizmi? – piqillashni to’xtatib, yig’i to’la yuzini ko’tarib so’radi qizcha.

-         Ha, shunaqaga o’xshaydi.

-         Nega boshida shunday demadingiz? – quvonib ketdi qizcha, - qo’rqib ketdimku. Xo’sh, agar biz ham o’lar ekanmiz, demak oyim bilan uchrasharkanmiz.

-         Albatta, azizam.

-         Siz ham borasiz. Men sizni yaxshi ekaningizni oyimga aytaman. Hoynahoy, u bizni Jannar eshigi oldida katta ko’zada suv va Bob va men yaxshi ko’radigan qilib ikkala tomoni ham isitilgan, qaynoq marjumak tortlari bilan kutib olsa kerak. O’lguncha qancha kutamiz?

-         Bilmadim, uzoq kutmasak kerak, - kishining nigohi shimoliy ufq tomonga qadalib qoldi. Moviy osmonning bir chetida uchta zig’ir kichkina zig’ir donalari paydo bo’lib, xajmi ular yaqinlashgani sayin kattalasha boshladi. Tez orada bular uchta katta jigarrang qushlarga aylandi va bu ikki adashgan tepasida charh urib aylanib uchib o’tib, balandroq toshga qo’nib olishdi. Ular g’arbning o’laksaxo’r qushlari – kalxatlar bo’lib, o’lim darakchilari edi.

-         Qushim, xushim! – quvonch bilan baqirdi qizcha, baxtsizlik keltiruvchi qushlarni ko’rsatib hamda qo’llari bilan qarsak urib ularni uchirib yuborarkan, - aytingchi, bu joylarni Xudo yaratganmi?

-         Albatta! – dedi sherigi bu kutilmagan savoldan hayron qolib.

-         U Illinoysdan pastroq joylarni yaratgan, yana Missurini, - qizcha gapida davom etdi, - bu joylarni esa, boshqa birov yaratgan bo’lsa kerak. Yaxshilab yaratmagan. Suv va daraxtlarni esdan chiqarib qo’yibdi.

-         Kel, ibodat qilamiz? – so’radi kishi ikkilanib.

-         Kech tushmadiku, - javob qildi qizcha.

-         Farqi yo’q. Rostdan odatga to’g’ri kelmadiyu, lekin Xudo parvo qilmasa kerak, men kafil. Dashtlikni kezib yurgan paytimizda, har kuni kechasi arava ichida aytib beradigan duoyingni o’qib bergin.

-         O’zingiz aytsangizchi? – deb hayron bo’lib qaradi qizcha.

-         Esdan chiqarib qo’yibman, - javob qildi u, - kichkinaligimdan buyon, duo o’qimaganman. Mayli, hechdan ko’ra kech. Sen o’qiyver, jo’r bo’lishib turaman.

-         Unda siz ham, men ham cho’kkalaymiz, - dedi qizcha qopning tugunchasi vazifasini o’tagan ro’mol ostiga to’shab turib, - qo’llaringizni bunday qiling. O’zingizni yaxshi xis qilasiz.

Bu g’aroyib manzarani kalxatlardan boshqa zog’ ko’rmagandi. To’shalgan ro’mol ustida yonma – yon ikki sayyoh – tinimsiz bidirlayotgan mitti qizcha va umidsiz, diydasi sovuq miskin cho’kkalab turardi. Qizchaning lo’ppi yuzi va miskinning toliqqan va ozg’in afti bulutsiz samoga boqqan ko’yi chin ko’ngildan yaratganga yuzma – yuz kelgan xolda tavallo qilardi. Biri ingichka va toza, boshqasi esa yo’g’on va dag’al bo’lgan ikki ovozning rahm, shavqat so’rab qilgan iltijolari birdek qalb qo’ridan yangrardi. Ibodat tugadi va ular yana xarsang toshning soyasidagi o’rniga qaytishdi. So’ng, bola ximoyachisining keng ko’kragiga bosh qo’yib, uxlab qoldi. Kishi uni uyqusini biroz tomosha qildi lekin uyqu uni ham domiga torta boshladi. Uch kecha – kunduz u o’zini dam olishdan tiyib, mijja qoqmagandi. Sekin – asta, horg’in ko’zlardagi qovoqlar yumila boshladi, bosh pastlashib, pastlashib ko’krakka osilib qoldi va nihoyat kishining oq tushgan soqoli, sherigining tillasochlariga tushdi shundan keyin ikkovi ham chuqur, tushlarsiz uyquga cho’mdilar.

Sayyoh yana yarim soatgina uyg’oq turganida, ko’z o’ngida g’alati manzara gavdalangan bo’lardi. Ishqorli sahrolarning uzoqlardagi qirrasidan, chang ko’tarildi. Boshida to’zon salgina, uzoqlardagi tumanlardan ajratib bo’lmaydigandek ko’rindi ammo borgan sayin u balandlashib, qalinlashib, xuddi bulutdek quyuqlashdi. To’zon xajmi yana o’sdi va nihoyat hadsiz mavjudotlarning yugurishidan xosil bo’ladigan darajaga chiqdi. Ko’kalamzor yerlarda shunday bo’lganida, preriya bo’ylab, ulkan bizon to’dalari yaqinlashayotibdi degan hayolga borish mumkin edi. Sahroda esa bironta bizon zoti uchramasdi. Chang to’zoni ikki darbadar yotgan xarsangtosh yonbag’riga yaqinlashgani zamon, bu to’s-to’polonni G’arbga tomon yo’lga chiqqan ustiga og’ir matolar yopilgan aravalar va qurolli otliqlardan iborat bo’lgan ulkan karvon ekanligini a’yonlashdi. Karvonmisan – karvon! Uning bir tomoni tog’lar bag’riga yetib borgan bo’lib, oxiri hali ufqda ko’rinmasdi. Bepoyon sahroni bir o’qqa tizilgan ko’yi katta – kichik aravalar, otliqlar va piyodalar, og’ir yuk ko’tarib olganidan bukshaygan son-sanoqsiz ayol-qizlar, arava yaqinida va uning oq o’ramli mato tagida pildirab yurgan bolalar kesib o’tmoqda edi. Chindan ham bular oddiy muhojirlar emas balki o’zlariga yangi o’lka qidirib yo’lga otlangan ko’chmanchilar edi. G’ildiraklarning g’ichirlashi, odamlarning g’ala-g’ovuri va otlar kishnasidan atrofga shovqin taraldi. Bu shovqin qanchalik baland yangramasin, ikki toliqqan sayyohni uyg’otib yubora olmadi.

Karvon boshida bir nechta qovog’i uyilgan kishilar ketardi. Ular qop-qora, qo’lda tikilgan liboslar kiyib olishib, qo’llarida miltiq ushlab turishardi. Yonbag’irlik etagiga yetganlarida ular o’zaro kelishib olish maqsadida to’xtashdi.

-         Quduqlar o’ng tomonda, og’alarim, - dedi soch-soqoli qirtishlangan, labi bujmaygan, sochlariga oq oralagan bittasi.

-         Syerra Blankoning o’ng tomoniga o’tish kerak, shunda Rio Grandega yetib olamiz, - dedi boshqasi.

-         Suvsizlikdan tashvish chekmang! – xitob qildi uchinchisi, - toshdan suv chiqargan zot, o’zining tanlangan xalqini tashlab qo’ymas!

-         Amin, Amin! – babbaravariga javob qildi boshqalari.

Ular sayohatlarini davom ettirmoqchi bo’lgan lahzalarida, ichlaridagi eng yosh va ko’zlari o’tkir tepalarida turgan qoya tomonni ko’rsatib qichqirdi. Tepada, jigarrang toshlar ortida, pushti rang rangli sharpa aniq tiniq ko’zga tashlanib turardi. O’sha zahoti, otlar qamchilandi, qurollar qo’lga olindi va yana bir qancha otliqlar ilg’or qatorni mustahkamlash uchun yetib keldi. Hammani og’zida bir so’z aylanardi : “Qizil tanlilar”.

-         Bu tomonlarda hindular bo’lishi mumkinmas, - dedi qariroq kishi, aftidan u guruh rahbari edi, - Paunilar yeridan o’tib ketdik, katta tog’largacha, boshqa qabilalar yeri kelmaydi.

-         Strenjerson og’a, oldinga o’tib, nimaligini aniqlab kelaymi, - so’radi otliqlardan biri.

-         Men ham! Men ham! – baqirdi o’nlab ovoz.

-         Otlaringizni shu yerda qoldirib keting, sizni shu yerda kutib turamiz, - dedi rahbar.

Yoshroq yigitlar otdan sakrab tushishdi va otlarni o’sha yerga mahkam bog’lashib, hozirgina ularni cho’chitib yuborgan narsa tomonga yuqorilay boshlashdi. Ular tajribali skautlar kabi abjirlik va ishonch bilan ildam va sassiz odimlashdi. Pastdagilar esa ularni sharpalar osmonni to’sib, goh bu toshda, goh u toshda ko’rinib-yo’qolib turishganini kuzatib turishdi. Ularni boshida o’sha o’tkir ko’zli yigitcha borardi. To’satdan hamrohlari uni qo’llarini xuddi hayratda qolgandek ko’targanini ko’rishdi va o’zlari ham yaqinroq borib, o’z ko’zlari bilan ko’rishar ekanlar xuddi shunday qilishdi.

Tepalikni o’rtasidagi kichikroq tekis yerda yakka, katta xarsangtosh turardi. Bu toshga novcha, uzun soqolli, ko’rinishidan baquvvat ammo oriqlab ketgan bir kishi suyanib turardi. Sokin yuzidan va to’xtovsiz nafas olishidan uni uxlab qolganini ko’rsatib turardi. Uni yonida esa oppoq, dumaloq qo’lchalarini kishini jigarrang, ingichka bo’yinidan o’tkazib olgan jajji qizcha yotardi. Qizchaning tilla sochli boshi kishining duxoba kiyimining ko’krak qismida yotardi, g’uncha lablari bo’lsa xiyolgina ochilib, tagidan qordek oppoq tishlar ko’rinib yotardi. Qizchaning go’dak yuzidan bo’lsa quvnoqqina bir tabassum ko’rinib turardi. Uning oq paypog’i va yaltiroq tasmalik bashang tuflisi ustidan ko’rinib turgan to’lacha va oppoq oyoqlari sherigining xususiyatlaridan farq qilardi. Bu g’alati ikkovlon turgan tosh ustida uchta kalxat turardi. Tashrifchilarni ko’rishlari bilan ular alam bilan xirildoq ovozlari bilan shovqin soldilar va umidsizlanib uchib ketishdi.

Jirkanch qushlar ovozida ikki uxlab yotgan uyg’onib ketishdi. Ular qushlarga ajablanib kuzatib qolishdi. Kishi oyoqqa qalqdi va uyquga cho’mganida kimsasiz bo’lgan, hozir esa odamlar va jonivorlar bilan to’lib – toshib ketgan pasttekislikni ko’rdi. Tikilib turib, kishi ko’zlariga ishonmasdi va ko’zlarini qoqsuyak qo’llari bilan ishqalardi.

“O’lim oldi talvasa shunday bo’lsa kerak” pichirladi u.

Bola uni yonida turib, kiyimini etagidan ushlab turib, indamasdan atrofga bolalarcha qiziqqon nazar tashlardi.

Qutqaruvchilar darhol ikki miskinga sarob emasliklarini tushuntirib berishdi. Bittasi qizchani ko’tarib, yelkasiga o’tqazib oldi, boshqa ikkitasi esa ozg’in kishini suyashib, arava tomonga olib borishdi.

-         Mening ismim Jon Ferye, - dedi sayyoh, - yigirma bir kishidan faqat men va mana bu qizcha qoldik. Qolganlar janub tomonlarda ochlik va tashnalikda xalok bo’lishdi.

-         Bu sizning qizingizmi? – so’radi oralaridan bittasi.

-         Shunday shekilli, - dedi kishi dag’alroq ovozda, - uni men saqlab qoldim, demak u meniki. Bundan keyin hech kim uni mendan tortib ololmaydi. U bugundan - Lyusi Ferye. Aytmoqchi, o’zingiz kimsizlar? – davom etdi kishi, o’zining shijoatli va qoracha kishilarga sinchkovlik bilan tikilib turib, - juda ko’pga o’xshaysizlar.

-         O’n mingga yaqin chiqamiz, - dedi yoshroqlaridan biri, bizlar Xudoning quvg’in qilingan hamda farishta Moroni ( Mormonlar e’tiqodicha farishta – izoh) tomonidan tanlangan bandalari bo’lamiz.

-         Bunaqasini birinchi bor eshitib turibman, - dedi sayyoh, - juda katta olomonni “tanlagan” ekan.

-         Muqaddas narsalar ustidan kulma, - dedi boshqa biri jiddiy qilib, - biz muqaddas Jozef Smitga ( Mormonlar e’tiqodicha payg’ambar – izoh ) Palmirada berilgan, quyma oltinga Misrchasiga yozilgan, muqaddas yozuvlarga ishonamiz. Biz Illinoysdan, Nauvudan kelyapmiz. O’sha yerda ibodatxona qurgandik. Vahshiy odamzotdan va xudosizlardan saqlanib keldik, xatto shunday joy sahroning qoq yuragi bo’lsa ham.

“Nauvu” so’zi aytilganida Jon Feryeni esiga tushdi.

-         Ha, - dedi u, - sizlar Mormonlarsiz.

-         Biz – Mormonmiz, - dedi uni hamrohlari birvarakayiga jo’r bo’lib.

-         Va qayerga ketyapsiz?

-         Bilmaymiz. Xudo qo’limizdan avliyoyimiz ko’rinishida yetaklab ketyapti. Sen uni huzurida bo’lasan. U nima qilish lozimligini aytadi.

Bu paytga kelib, ular tepalikning nishab qismiga yetib kelishdi va ziyoratchilar – rangpar, muloyim yuzli ayollar, qattiq kulayotgan bolalar va samimiy ammo bezovta ko’zli erkaklar – ularni o’rab olishgan edi. Ko’plari bu notanishlarni biri yoshligini, boshqasini faqirligini ko’rishib, hayrat va hamdardlik ichida g’ala-g’ovur qilishdi. Ularni boshlab ketayotganlar esa to’xtashmadi balki davom etishdi. Ortilaridan Mormonlar olomoni ham qolmadi. Ular bezaklangan, xiyla kattagina, ozoda ko’rinishga ega bir arava yaqiniga yetishdi. Aravaga oltita ot qo’shilgandi, boshqa aravalarda bo’lsa ikkita, ko’pi bilan to’rtta ot biriktirilgandi. Aravakash yonida yoshi o’ttizdan oshmaydigan bir kishi o’tirardi. Uning kattagina boshi va dadil qiyofasi uni boshliq ekanini bilintirib turardi. u jigarrang muqovali kitob o’qiyotgandi, lekin olomon yaqinlashganida uni yoniga qo’yib qo’ydi va odamlar so’zini diqqat bilan eshitib turdi. Keyin u ikki adashgan sayyohga o’girildi.

-         Agar biz sizlarni o’zimiz bilan olib ketsak, - dedi u qat’iy qilib, - bizning aqidalarimizni qabul qilishing kerak. Suruvimizda bo’rilarga joy yo’q. Bir chirik dog’ kabi bir vaqtga kelib butun mevani quritadigan bo’lib chiqqaningizdan ko’ra, suyaklaringiz shu sahroda oqarib yotgani durust. Shartlarimizni qabul qilgan xolda biz bilan ketasizmi?

-         Mayli, har qanday shartga ko’ra sizlar bilan ketaman, - dedi Ferye. U shunday hayajon bilan gapirdiki, jiddiy kattalar jilmayishdan tiyila olishmadi. Faqatgina yo’lboshchigina o’zini hayratlanarli tarzda bosiq tutdi.

-         Birodar Strenjerson uni o’zing boshla, - dedi u, - unga yeyishga va ichishga narsa beringlar, bolaga ham shunday qiling. Unga bundan tashqari, vazifang sifatida, o’zimizni aqidalarni tanishtirasan. Uzoq turib qoldik. Olg’a! Zionga qarab!

-         Zionga! – baqirdi Mormonlar va bu ovoz uzun karvon bo’ylab yangrab, og’izdan og’izga to uzoqlarda to’xtab qolguniga qadar ketdi. Qamchilar ovozi va g’ildiraklarning g’irchillashi ostida, katta aravalar harakatga keldi va bir ozdan so’ng butun karvon yana shamoldek yelib ketdi. Hozirgina ikki sag’irni otaliqqa olgan Strenjerson, ularni o’z aravasiga boshlab bordi. U yerda ularni ovqat allaqachon kutib turardi.

-         Shu yerda qolasiz, - dedi u, - bir necha kun ichida, charchoqdan tuzalib ketasiz. Bu vaqtda, yodingda tursin bugungdan va batamom sen bizni e’tiqodimizdasan. Braygem Yang shunday dedi, u xudoni ovozi bo’lmish - Jozef Smitning ovozi bilan gaplashadi.