August 28, 2023

Sherlok Xolms. Alvonlik ishi. O'n birinchi bob. 

Qochish.

Mormonlar avliyosi bilan uchrashuvdan keyingi tongda, Jon Ferye Tuz Ko’li shahriga borib, Nevada tog’lariga ketadigan tanishini topdi va Jefferson Houpga maktub jo’natishni ishonib topshirdi. Maktabda ularga xafv solayotgan tahdid haqida, uning qaytishi nechog’lik muhimligi haqida yozilgandi. Shunday qilganidan so’ng, Jon Ferye ancha taskin topdi va uyiga yuragi ancha yengillashib qaytib keldi.

Fermasiga yaqinlashganida, u eshik ikkala ustunida bittadan ot bog’langanini ko’rib hayron bo’ldi. Mehmonxonasida ikki yoshgina yigitcha o’tirganini ko’rganida hayrati oshdi. Biri, cho’zinchoq oq yuzlisi tebranma kursiga o’rnashib olib, oyoqlarini kaminda ilitib turardi. Narigisi, buqa bo’yinlik, to’lachadan kelgani esa qo’llarini cho’ntagiga yashirib, deraza oldida turgancha, mashxur bir madhiyani hirgoyi qilib turgandi. Ikkovi ham Ferye kirganida unga bosh qimirlatib qo’ydi va tebranma kursida o’tirgani gap boshladi.

-         Ehtimol bizni bilmassiz, - dedi u, - bu Katta Drebberning o’g’li va men Jozef Strenjersonman, Yaratgan qo’l cho’zib, seni bag’riga olgan paytida sen bilan birga sayohat qilgan.

-         Vaqti kelib, barcha millatlar ham uniki bo’lajak, - dedi narigisi burun tovushida, - uning bag’rida joylar ko’pdir.

Jon Ferye sovuqqonlik bilan ta’zim qildi. U mehmonlari kimligini taxmin qilib bo’lgandi.

-         Biz, - davom etdi Strenjerson, - otalarimiz maslahatiga ko’ra, qaysi birimiz sen va unga ma’qul kelsa o’sha uchun qizingni qo’lini so’rab keldik. To’g’ri meni to’rtta xotinim bor va Drebber og’aniki yettita, ko’rinib turibdiki mening da’voyim kuchliroqdir.

-         Bo’lmagan gap, Strenjerson og’a, - xitob qildi narigisi, - nechta xotinimiz borligimas, nechta xotin saqlay olishimiz muhimroq. Otam menga tegirmonlarini bergan va men boyroqman.

-         Lekin, meni istiqbolim yaxshiroq, - dedi iliqqina qilib sherigi, - agar Yaratgan otamni huzuriga olsa, uni ko’n maydonlari va teri korhonasi menga o’tadi. O’shanda men sendan kattaroq va Cherkovda mavqeyim balandroq bo’ladi.

-         Qizni o’zi aytadi, - tezda javob qaytardi Drebber, qadahdagi o’z aksiga tikila turib, - uni qaror qilishiga qo’yib beramiz.

Suhbat davomida Jon Ferye qoni qaynagancha, bazo’r ot xivchini mehmonlari gardaniga solishdan o’zini tiyib eshik ostonasida turib qoldi.

-         Menga qarang, - dedi u nihoyat, ularga jur’at etib, - agarda qizim chaqirsa kelasizlar, lekin ungacha yuzingni ham ko’rishni istamayman.

Ikki yosh Mormon ajablanib unga tikilishdi. Ularning nazdida qizni talashganlari qiz va otasi uchun eng yuqori ehtiromdek ko’ringandi.

-         Xonadan ikki yo’l bilan chiqiladi, - baqirdi Ferye, - eshik va deraza. Qaysi biridan chiqishni loyiq ko’rasizlar?

Uning jigarrang yuzi tajovuzkor va mushti tahdidomuz ko’ringanidan, mehmonlar oyoqqa qalqib, shoshilib chiqib ketishdi. Qariya ularni eshikkacha kuzatib qo’ydi.

-         Qanday to’xtamga kelsangiz, bildirib qo’yarsiz, - dedi u istehzo bilan.

-         Hali bundan aziyat chekasiz! – baqirdi Strenjerson, g’azabdan oqarib, - siz avliyo va To’rtlar kengashiga bo’ysunmadingiz. Hali so’nggi kuningizgacha bundan nadomat qilasiz.

-         Egamning qo’llari ustingizga og’ir bo’lib tushadi! – baqirdi yosh Drebber ham, - u o’rnidan qo’zg’alib, sizni azoblaydi!

-         O’zim hozir azob keltiraman! – xitob qildi Ferye jahl otiga minganicha. Agar Lyusi uni qo’lidan ushlab qolmaganida, yuqoriga chiqib miltig’iga qarab yugurgan bo’lardi. Lyusi qo’llaridan qutilganida esa ot taqalarining taqillashi uni o’zidan ancha uzoqqa ketib bo’lganidan darak berib turardi.

-         Riyokor ablahlar! – xitob qildi u, peshonasidagi terlarini arta turib, - seni ulardan bittasiga xotin bo’lishingdan ko’ra qabringni ko’rishlik afzal ko’raman.

-         Men ham, ota, - javob qildi qiz jo’shqinlik bilan – lekin Jefferson yaqinda kelib qoladi.

-         Ha, u ko’p qolib ketmasa kerak. Tezroq kelgani yaxshi - sababi ularni keyingi qadami qanaqa bo’lishini bilmaymiz.

Albatta, bu qariiya va uning asrandi qiziga maslahatgo’y bo’la oladigan va ularni yordamga oshiquvchi inson kelishining ayni fursati yetgandi. Bu yerlar tarixida Kattalar boshqaruviga bunday darajadagi itoatsizlik hech qachon kuzatilmagandi. Agar mayda xatolar uchungina jiddiy ravishda jazolansa, katta isyonchining taqdiri nima ham bo’lardi? Ferye bunday paytda unga boyligi yoki mavqeyi yordam bermasligini bilardi. O’zi kabi taniqli va puldorlar ham bundan avvalroq g’oyib bo’lib, ularning mollar cherkovga topshirilgandi. Ferye jasur odam edi lekin o’zi ustida bo’y bergan mavhum va nursiz daxshatlar qarshisida titrardi. Ma’lum har qanday xatar oldida u lablarini qimirlatmasdan yuzlasha olardi ammo bu havotir uni hayajonga solgan edi. Shunga qaramasdan u qo’rquvlarini qizidan yashirdi va vaziyatni yengilroqdek ko’rsatishga harakat qildi, biroq qiz mehrli o’tkir ko’zlari bilan, yaqqol xolda otasini og’ir ahvoldaligini ko’rib turardi.

Ferye Yangdan qilmishi uchun biron bir belgi yoki e’tiroz sha’masini qabul qilishni kutdi va bu kutilmagan bir alfozdan kelgan bo’lsa ham, yanglishmagan edi. Ertasi kuni tongda, o’rnidan turayotganda, uni hayratga solgan xolda yotog’ining pastki qismida turgan sandiq ustidagi choyshabga qadalgan mitti to’rtburchak xat topib oldi. Unda qalin va betartib qilib ushbu so’zlar yozilgandi :

“ Tuzatish uchun 29 kun berildi va undan so’ng... “

Muhlat berib, shoshiltirish barcha xatarlardan ham ko’proq qo’rquvga solardi. Bu ogohlantirish xonasiga qanday kelib qolganini o’ylab Jon Feryening boshi qotdi. Xizmatchilari hovlidagi boshqa binoda uxlardi va eshik va derazalar mahkamlangandi. U maktubni g’ijimlab tashladi va qiziga hech nima demadi, ammo bu xolat uning yuragiga sovuq bir tikandek sanchilgandi. Yigirma to’qqiz kun aynan Yang va’da qilgan oyning xisobi edi. Bunday sirli kuchga ega dushman bilan qanday jasurlik va kuchni ishlatish mumkin? Bu xatni qadagan kishi uni yuragiga qadashi ham mumkin edi va uni kim o’ldirganini hech qachon bilolmasdi.

Ertasi kuni ko’proq qaltiroq tutdi. Ular nonushta qilish uchun o’tirganlarida, Lyusi hayratdan baqirib, yuqoriga ishora qildi. Shiftning qoq markazida yonib turgan novda bilan aji buji qilib, aftidan 28 yozilgandi. Qiziga bu tushunarsiz ko’rindi va Ferye unga bu haqida og’iz ochmadi. O’sha tunda u miltig’i bilan o’tirib, kechasi bilan uyini qo’riqlab chiqdi va yana ertalabda eshigining tashqi tomoniga katta qilib 27 soni bo’yoq bilan tushirilib ketgan edi.

Shunday qilib kunlar kunlarga ulandi, va tong otarlarda u ko’rinmas dushmanlari yana yana qoldirib ketganini bilib qolaverdi. Ular berilgan muhlat oy bo’yicha necha kun unda necha kun qolganini aynan ko’zga yaqqol tashladigan joylarga belgilab ketishardi. Ba’zan mudhish raqamlar devorlarda, ba’zan pollar, onda-sonda bog’ darvozasi yoki panjaralariga osilgan plakatlarda paydo bo’lardi. Butun ziyrakligiga ishga solib ham Jon Ferye bu kundalik ogohlantirishlarni qayerdan paydo bo’lganini bilolmasdi. Uni ustida deyarlik xurofiy bir tahlika turardi. U o’zini oldirib qo’yib, oromini yo’qotdi, uning ko’zlari ovlanayotgan jonzotning ko’zlari kabi notinch ko’rinish aks ettirardi. Uni hayotda endi faqatgina bir ilinji bor ediki, bu ham bo’lsa Nevadadan yosh ovchining kelishi edi.

Yigirma o’n beshta, o’n besh o’nga aylandi ammo kutilayotgan kimsadan darak yo’q edi. Birma – bir raqamlar kamayar, ammo undan biron habar yo’q edi. Har safar otliq ko’chadan o’tayotganda yoki kajava haydovchisi jamoasiga baqirganda, qariya darvoza yoniga yordam nihoyat kelgan deb o’ylab shoshilib borardi. Nihoyat, u beshni o’rnida to’rt, to’rtning o’rnida uchni ko’rganida u yuragini oldirib qo’ydi va qochishga bo’lgan hamma umidlari so’ndi. Yakka o’zi, hudud atrofini qurshab turgan tog’larni bilmasdan turib, u kuchsiz ekanini bilardi. Kattaroq qatnov yo’llar esa qattiq qo’riqlanar va kuzatilar, Kengash buyrug’isiz pashsha ham uchib o’ta olmasdi. Qaysi tomonga qaramasin, uni ustida turgan musibatdan qochishning yo’li yo’qdek edi. Shunda ham qariya qizini badnom qilish deb bilgan ishga ko’ngandan ko’ra hayot bilan xayrlashish yaxshiroq degan qarorida qat’iy turdi.

Bir kuni, kechki salqinda u yakka o’zi muammolari haqida chuqur mulohaza qilib, undan chiqish yo’llarini behuda o’ylab o’tirgan edi. O’sha kuni ertalab uyi devorida “2” paydo bo’lgan edi va undan keyingi kuni esa berilgan muhlatning so’nggi kuni bo’lishi kerak edi. Muhlat tugasa, keyin nima sodir bo’ladi? G’ira-shira va mudhish tassavurlar uning xayolini to’ldirib yuborgandi. Qizichi, u yo’qolib qolsa unga nima bo’ladi? Ular atrofiga tortilgan ko’rinmas to’rdan qochish yo’li yo’q edi. U stolga boshini qo’yib, ilojsizlikdan ho’ngrab turgandi.

Nima edi bu? Sukunat ichida u timdalash ovozini eshitdi. Ovoz past lekin sokin tun qo’ynida yaqqol eshitilib turardi. Ovoz uy eshigidan kelayotgandi. Ferye kirish yo’lagi tomonga qarab ohista yurdi va diqqat bilan tingladi. Bir necha lahzaga jimlik cho’kdi, undan so’ng yana past va sekin ovoz qayta eshitildi. Aftidan kimdir derazaning oynalaridan birini ehtiyotkorlikbilan taqillatmoqda edi. Bu tunda keluvchi o’sha maxfiy sudning shavqatsiz buyrug’ini bajarishga kelgan qotilmikan? Yoki muhlatning so’nggi kunini belgilayotgan bironta ayg’oqchimikan? Jon Ferye bir zumda keluvchi o’lim asablarini titratgan va yuragini muzlatgan tahlikadan yaxshiroqligini xis qildi. Oldinga ildamlab turib, u eshik qulfini surdi va eshikni shartta ochdi.

Tashqarida hammasi jim va sokin edi. Tun ajoyib edi va yulduzlar tepada yorqin nur sochib turardi. Uy old qismidagi ixcham bog’ va eshik fermerning ko’ziga tashlanib turardi ammo, na ko’chada va na shu bog’da biron bir inson ko’rinmasdi. Taskin bilan xo’rsingancha, Ferye o’ng tomonga, undan keyin chap tomonga o’girildi va oyoqlari ostiga tikilib turib, bir kishini qo’l-oyoqlarini yoygancha, yuzi bilan yerda yotganini ko’rib hayratga tushdi.

Bu manzarada shunchalik qattiq havotirga tushdiki, u devorga suyanib, qo’li bilan tomog’ini xippa bo’g’ib yordamga chaqirmoqdan zo’rg’a tiyildi. Boshida bu yuztuban yotgan jussa yaralangan yoki o’layotgan odamniki deb o’yladi lekin, uni yer bo’ylab xuddi ilon kabi tez va sassiz tipirchilagancha yo’lakka kirib ketganiga guvoh bo’ldi. Uy ichkarisiga kiriboq, u oyoqqa qalqdi va eshikni topib, hayratda qolgan fermerga yuzini burgach uning yovvoyi va dadil yuzga ega Jefferson Houpligi ma’lum bo’ldi.

-         O, Xudoyim! – oh tortdi Jon Ferye, - Shunday qo’rqitdingki! Nima seni bunday kelishga majbur qildi?

-         Yegani biron nima ber, - dedi Jefferson, bo’g’iq ovozda, - 48 soatdan beri biron narsa totigani fursat bo’lmadi.

U o’zini mezbonning kechki ovqatidan qolib, stol ustida hanuz qolib ketgan sovuq go’sht va nonga urib, yamlamay yuta boshladi.

-         Lyusi qalay? – so’radi u, qornini to’qlab olgach.

-         Ha, u xafv haqida bilmaydi, - javob berdi Ferye.

-         Bu yaxshi. Uy hamma tomondan kuzatilyapti. Shuning uchun emaklab keldim. Ular o’ta sezgir bo’lishlari mumkin, ammo Voshou ovchisini tutadigan darajada sezgir emas.

Jon Ferye jafokash sherigi borligini bilganidan keyin o’zini boshqacha xis qildi. U yigitchani dag’al qo’llaridan ushlab oldi va mahkam siqdi.

-         O’zing bilan faxrlanishing kerak, - dedi u, - bizni bunday xatarli va muammoli vaziyatimizda uncha-munchasi kela olmasdi.

-         Gapingiz to’g’ri, - javob qildi yosh ovchi, - sizni xurmatim bor ammo, agar bu ishda yolg’iz bo’lganingizda boshimni bunaqangi ari iniga suqishdan oldin ikki marta o’ylab ko’rgan bo’lardim. Men bu yerga Lyusi uchun keldim va toki Jefferson Houp bu olamda yurar ekan, unga hech nima bo’lmaydi.

-         Endi nima qilamiz?

-         Ertaga – sizlarning so’nggi kuningiz va bu kecha harakat qilmasangiz, boy berilasiz. Burgut jarligida bir xachir va ikkita ot kutib turibdi. Qancha pulingiz bor?

-         Tillada ikki ming dollar va qog’ozda besh.

-         Bo’ladi. Menda ham qo’shgani shuncha bor. Tog’lar orqali Karson shahriga qarab yurishimiz lozim. Lyusini uyg’ot. Xizmatkorlar ham uyda uxlamaganliklari ma’qul.

Ferye yo’qligida, u qizini yaqinlashayotgan safarga tayyorlayotganidaJefferson Houp yeyish mumkin bo’lgan hamma narsani ixcham qog’oz qutiga joyladi va sopol ko’zasini suv bilan to’ldirdi, buni u tog’lardagi quduqlar kamligi va masofasi uzoqligida orttirgan tajribasidan kelib chiqib qildi. Fermer qizi bilan kiyinib, harakatni boshlashga tayyor bo’lib qaytib kelganida esa u endigina tayyorlarliklarini tugatayotgandi. Sevishganlar orasidagi ko’rishish iliq ammo qisqa bo’ldi, zero hozir daqiqalar ham qadrli bo’lib hali qilinadigan ko’p ish bor edi.

-         Hoziroq otlanishimiz shart, - dedi Jefferson Houp, tahlikani qanchalik kuchliligini tushunib, yuragini shunga yarasha toshdek qotirgandek qilib past ammo qat’iy ovozda, - old va orqa kirish tomonlar kuzatilmoqda, ammo ehtiyot bilan biz yon tomondagi deraza va dala orqali chiqib ketishimiz mumkin. Ko’chaga chiqib olsak, otlar kutib turgan jarlikdan atigi ikki milya uzoqlikda bo’lamiz. Sahargacha esa tog’largacha yo’lni yarmini bosib o’tgan bo’lishimiz kerak.

-         Agar bizni to’xtatishsachi? – so’radi Ferye.

Houp kiyimi ustidan chiqib turgan revolvyer qo’ndog’iga shapatilab qo’ydi.

-         Agar ko’pchilik bo’lishsa, o’zimiz bilan ikki uchtasini olib ketamiz, - dedi u shumlik bilan jilmayib.

Uy ichidagi barcha yorug’liklar o’chirib chiqilgandi va qorong’u derazadan Ferye avvallari o’ziniki bo’lgan va endilikda butunlay tashlab ketish arafasida turgan dalasiga tikildi. U bu qurbonlikni o’ylab anchadan buyon ko’ngli buzilib yurganiga qaramay, qizining sha’ni hamda baxti uning xarob bo’lgan boyligidan ustun kelgan edi. Manzara sokin va baxtiyor ko’rinardi, daraxtlarning shitirlashi va bug’doyzor bo’ylab cho’zilgan keng sukunat ichida qotillik sharpacha izg’ib yurganini anglab yetish mushkul edi. Biroq, yosh ovchining oqarib ketgan va qattiq yuz ifodasidan uyga kelguncha yetarlicha qiyinchlikka uchragani sezilib turardi.

Ferye tilla va qog’oz pul xaltasini ko’tardi, Jefferson Xoup esa bir ozgina oziq-ovqat va suv, Lyusi bo’lsa bir tugunchada bir qancha qimmatli narsalarini olvolgan edi. Derazani sekinlik va ehtiyot bilan ochib, ular qorong’u bulut tunni chulg’ab olishini kutib turishdi va birma bir kichikkina bog’ bo’ylab o’ta boshlashdi. Nafaslarini ichlariga yutgancha emaklab borib, panjara oldiga bir oz o’tirdilar va sassiz xolda bug’doyzor tomonga olib chiqadigan bo’sh joyga o’tishdi. Endigina ko’zlangan nuqtaga yetganlarida, yigitcha sheriklarinimahkam ushlab olib, soya tomonga sudradi va o’sha yerda ular qaltiragancha jim o’tirishdi.

Preriyadagi saboqlar Jefferson Xoupga silovsinniki kabi eshitishga o’rgatgandi. U va uni sheriklari endigina o’tirib olishganida, ulardan bir necha yard uzoqlikda tog’ ukkisining ma’yus qichqirig’i eshitildi va o’sha zahoti yaqinroq masofadan yana bir qichqiriq unga javoban yangradi. O’sha fursatda, ular ko’zlagan bo’shliqdan g’ira-shira, nursizgina bir gavda chiqib keldi. U yana bir marta mahzun qichqirib, ishora berdi va shunda zulmat qa’ridan boshqa bir kishi chiqib keldi.

-         Ertaga, yarim tunda, - dedi birinchi odam. Ko’rinishidan u boshliq edi, - tungi qush uch marta chaqirganda.

-         Yaxshi, - javob qildi narigisi, - Drebber og’aga aytib qo’yaymi?

-         Unga aytib qo’y, boshqalarga yetkazsin. Yettiga to’qqiz!

-         Beshga yetti! – takrorladi narigisi va ikki sharpa boshqa tomonlarga qarab ravona bo’lishdi.

Ularning yakuniy jumlalari aftidan ishora va unga javob edi. Ularning oyoq tovushlari uzoqlikda yo’qolib ketgani zahoti, Jefferson Houp oyoqqa qalqdi va sheriklarini bo’shliqdan o’tkazishga yordamlashdi. U qiz kuchdan qolgan paytda qizni oyoqda turishiga yordamlashib turib, bor tezligi bilan dala bo’ylab yugurdi.

-         Tezroq! Tezroq! – deb pichirlardi u o’qtin-o’qtin, - qorovulni yo’lidan ketmoqdamiz. Hammasi tezlikka bog’liq. Tezroq!

Katta ko’chaga chiqqanlarida qadamlari tezlashdi. Faqat bir martagina ularni yo’lida kimdir ularga yo’liqayozdi va shunda ular tanib qolishlaridan saqlanish uchun dalaga kirishga muvaffaq bo’lishdi. Shaharga yetmaslaridan, ovchi tog’larga olib boradigan notekis va ingichka so’qmoqqa burildi. Qarshilaridagi zulmat qo’ynida ikkita qora haybatli cho’qqilar ko’zga tashlanib turar, bu ikki cho’qqi o’rtasidagi darada – Burgut darasida ularni otlar kutib turardi. Bexato ichki tuyg’usiga quloq tutgan Jefferson Houp katta qoyatoshlar va quruqshab qolgan suv o’zanlaridan yo’l topib borardi va shu asnoda u qoyalar bilan to’silgan xilvat joyda yashirilgan hayvonlarga yetdi. Qizni xachirga mindirishdi, qariya Ferye esa pul xaltasi bilan birgalikda otlardan biriga va Jefferson Houp bo’lsa boshqasiga o’tirib olib tikka va xafvli yo’l bo’ylab ketishdi.

Bu tabiatning eng ayovsiz xolida yuzlashishga o’rganmaganlar uchun jonsarak yo’l edi. Bir tomonda, bahaybat qoya ming fut balki undan ham balandroq bo’lib qad rostlagandi. Uning jussasi qora dag’al va tahlikali bo’lib, uzun bazalt qavatlari xuddi tosh qotirilgan mahluqning qovug’alariga o’xshab o’nqir-cho’nqir edi. Boshqa tomonda esa toshlar va boshqa mayda narsalarning tartibsiz uyumi oldinga yurishni imkonsiz qilardi. Ikkisi o’rtasidan esa notekis so’qmoq yo’l o’tib, ba’zi joylarda shunchalik torayib ketar ediki, xuddi hindular singari oldinma-ketin o’tishlariga to’g’ri kelar va ba’zi joylarda shunchalik qiyinlashganda faqat tajribali otliqlargina o’tishi mumkin bo’lardi. Bu xatar va qiyinchiliklarga qaramasdan, qochoqlarning yuraklari har qadam qo’yganlarida ular va ular qochib kelayotgan daxshatli mustabidlikdan uzoqlashayotganidan yorishib ketardi.

Shunga qaramasdan ular tezda hanuz avliyolarning qonuniy yerlarida ekanligini isbotiga duch kelishdi. So’qmoqning eng kimsasiz, eng tashlandiq qismiga yetganlarida, qiz cho’chib baqirib yubordi va yuqoriga ishora qildi. Yo’l ko’rinib turadigan bir qoyatoshda, zulmat qarshisida qop-qora va aniq ravshan bo’lib, yakka soqchi turardi. Ular soqchini payqaganlari zahoti, soqchi ham ularni sezib qoldi va sokin dara bo’ylab harbiychasiga : “ Kim kelyapti?” degan sado yangradi.

-         Nevadaga ketayotgan sayyohlar, - dedi Jefferson Houp, egarida osig’liq turgan miltig’ini qo’lida ushlab turib.

Ular yakka soqchi qurolini qo’liga olganini va ularning javobidan qoniqmayroq bo’lib nazar tashlaganini ko’rib turishdi.

-         Kimning ruxsati bilan? – so’radi u.

-         Muqaddas to’rtlikning, - javob qildi Ferye. Uning mormoncha tajribasi unga bu eng oliy boshqaruv ekanligini o’rgatgandi.

-         Yettidan to’qqiz, - baqirdi soqchi.

-         Beshdan yetti, - qaytardi Jefferson Houp o’sha zahoti, bog’da eshitgan maxsus so’zning javobini eslab turib.

-         O’taver, xudo yor bo’lsin, - dedi tepadagi ovoz. U turgan joydan narida so’qmoq kengayib ketgandi va otlar sekinroq yo’rtib ketdi. Ortlariga qarab turib, ular yakka soqchini miltig’iga tayanib turganini ko’rishdi va tushunib yetishdiki “tanlanganlar”ning olis chekkasidan o’tishdi va ular oldida ozodlik yastanib turgandi.