Sherlok Xolms. Alvonlik ishi. Yettinchi bob.
Zulmat Ichra Yorug’lik.
Lestreyd keltirgan axborot g’oyatda ahamiyatli va kutilmagan ekanligidan, biz uchchovimiz ham toza karaxt ahvolga tushib qoldik. Gregson kursidan qalqib turib ketdi va viski va suvdan qolganini ham urib qo’yaqoldi. Men lablari mahkam siqilgan, qoshlari ko’zlaridan yuqorilashgan Sherlok Xolmsga sokin tikildim.
- Stenjerson ham-a! – dedi past ovozda u. - Voqealar quyuqlashmoqda!
- Shundoq ham yetarlicha quyuq edi, - to’ng’illadi Lestreyd, kursiga joylashib. – favqulodda katta kengash oldidan chiqib qoldim, chog’i.
- Siz... Siz bu ma’lumot haqqoniyligiga aminmisiz? - duduqlandi Gregson.
- Hozirgina uni xonasidan keldim, - dedi Lestreyd. – O’zim buni bo’lib o’tganini birinchi bo’lib topdim.
- Biz salgina oldin masalaga Gregsoncha qarashini tinglab turgandik, - izoh bergan bo’ldi Xolms. - Nima ko’rganingiz va nima qilganingizni aytib berishga qarshi emasmisiz?
- Qarshiligim yo’q, - javob berdi Lestreyd, o’rnashib, o’tirib olganicha. - Men bemalol tan olib aytamanki, Drebberning o’limiga Stenjersonni aloqador degan fikrda edim. Voqealarning so’nggi rivoji men to’laligicha yanglishganimni ko’rsatdi. O’z fikrimga yopishib olgancha, sekretarga nima bo’lganini topishni zimmamdagi vazifam deb bilgandi. Ular birgalikda Yuston stansiyasida uchinchining oqshomida, soat sakkiz yarimlarda ko’rinish berishgan ekanlar. Ertalab ikkilarda bo’lsa, Drebber Brikston ko’chasida topilgan. Oldimda turgan masala Stenjerson sakkiz yarimdan to jinoyat vaqtiga qadar qanday ishlar bilan band bo’lganini, keyin unga nima bo’lganini aniqlashdan iborat edi. Stenjersonning tavsifini berib Liverpulga telegramma yo’lladim va ularni ogoh qilib, Amerika kemalarini kuzatishlarinini tayinladim. Keyin, Yustonga yaqin turar joylar va mehmonxonalarni surishtirishni boshladim. Bilasizmi, men agar Drebber va uning hamrohi ajralishgan bo’lsa, hamrohining tabiiyki birinchi qiladigan ishi qayerdadir bironta joyda tunab qolish va keyingi kuni ertalab yana stansiyaga qaytishi kerak degan hayolga qattiq yopishgan edim.
- Ehtimol ular uchrashadigan joylarini oldinroq belgilab olishgandir, - deb qo’ydi Xolms.
- Va bu tasdig’ini topdi. Butun kechaning ikkinchi yarmini surishtiruvga sarfladim va bu samara bermadi. Bugun tongda esa barvaqt ish boshladim va sakkizlarda Kichik Jorj ko’chasidagi Hallideyning Xususiy Mehmonxonasiga bordim. Janob Stenjerson bu yerda yashashi-yashamasligini surishtirganimda, ular o’sha zahori menga ijobiy javob qaytardilar.
- Shubha yo’qki, siz u kutib turgan o’sha jentlmensiz, - deyishdi ular. - U bir jentlmenni ikki kundan buyon kutmoqda edi.
- U hozir qayerda? - so’radim men.
- Tepada, yotog’ida. To’qqizlarda chaqirishlarini so’ragandi.
- Hoziroq, yuqoriga chiqib, uni ko’raman, - dedim.
- Qo’qqisdan paydo bo’lsam, gumonlanuvchining asablari titraydi va behosdan gapirib qo’yadi deb hayol qilgandim. Hammol menga xonani topib ko’rsatib qo’yishda ko’ngilli bo’ldi, u xona ikkinchi qavatda edi va unga bir ixcham yo’lakchadan borilardi. Hammol endigina eshikni menga ko’rsatib, pastga tushmoqchi bo’lganida, ko’zim manzaraga tushdiyu, yigirma yillik tajribamga qaramasdan, jirkanib ketdim. Eshik ostida alvon qon uzun ensiz shaklda chiqqan va yo’lak bo’ylab aylanasiga egri yo’ldan oqib kelib, narigi tomonga o’tish joyida ko’lmakcha xosil qilgan edi. Baqirib yubordim va bu hammolni yo’lidan qaytardi. U buni ko’raturib qusayozdi. Eshik ichkaridan qulflangan edi, biroq biz yelkamiz bilan uni itarib kirdik. Xonaning derazasi ochiq edi, deraza oldida esa g’ujanak bo’lib, tungi ko’ylagida kishi jasadi yotardi. U ancha avval jon taslim qilgan ekan - uning oyoq-qo’llari tarashadek qotgan va sovib qolgandi. Biz o’girilganimizda, hammol uni Jozef Stenjerson nomiga xonani ijaraga olgan o’sha jentlmen ekanini darrov tanidi. O’lim sababi, chap tarafga chuqur tig’li zarba urilishi edi va bu yurakkaga kirib borgan bo’lsak kerak. Endi, hodisaning eng g’alati qismi haqida. Marhum tepasida nima bor deb o’ylaysiz?
Men Sherlok Xolms davom bermasidan, tanamning dag’-dag’ qaltiraganini va qandaydir daxshatli narsa eshitishimni oldindan xis qildim.
- “RACHE” so’zi, qonli harflar bilan yozilgan. - dedi u.
- Xuddi o’zi, - dedi Lestreyd, hayratga tushib. Bundan keyin biz bir muddat gung bo’lib qoldik.
Bu noma’lum qotilning ishlarida bir paytning o’zida ham juda tushunarsiz va mantiqiy nimadir bor ediyu, uning jinoyatlariga o’zgacha daxshat taqdim etardi. Jang maydonlarida sabotli bo’lgan asablarim buni o’ylar turib, sanchib og’rirdi.
- Gumondorni ko’rib qolishgan, - davom etdi Lestreyd. - Bir suv sotuvchi bola, sut-qatiq do’koniga bormoqchi bo’lib, otxonadan mehmonxonaning orqa tarafiga olib boradigan yo’lkadan yurayotgan bo’lgan. U odatda yerda yotqizilgan xolda turadigan narvonni ikkinchi qavatdagi derazalardan biri qarshisiga turg’azib qo’yilganini payqab qolgan. Deraza ham ochiq bo’lgan. O’tib ketgach, u ortiga qaragan va bir kishining zinadan pastlayotganini ko’rgan. U shunday oshkoralik bilan va xotirjam tusib kelganki, bola uni mehmxonada ishlaydigan duradgor va ta’mirlovchi deb tasavvur etgan. O’zicha uni ishlaydigan vaqtidan hali erta deb hayol qilganu, kishiga alohida razm solib chiqmagan. Unining yodida qolishicha, kishi novcha, qizilyuzli, uzun va jigarrang palto kiygan bo’lgan. U qotillikni sodir etganidan keyin ham xonada bir oz vaqt qolgan bo’lishi kerak, biz qo’l yuvadigan jomda qonga bo’yalgan suvni va choyshabda izlar aniqladik. Bundan chiqdiki, u qo’llarini o’shanda yuvgan va pichog’ini tozalagan.
Men qotilning tavsifini eshitarkanman, uniki bilan mos kelganidan, Xolmsga yalt etib qaradim. Biroq bu safar uning chehrasida shodlik yoki mamnuniyat zohir emasdi.
- Kalavani uchini qotilga yetaklovchi biron nima topmadingizmi?
- Hech narsa. Stenjersonning cho’ntagida Drebberning hamyoni bor ekan, lekin bu odatiyga o’xshaydi chunki u doim hammasi uchun to’lagan. Unda sakson funtcha bor ekan va unga tegilmagan. Bu no odatiy jinoyatlarning sabablari nima bo’lishidan qat’iy nazar, o’g’rilik ulardan biriga kirmasligi turgan gap. O’ldirilgan kimsaning cho’ntagidan bitta Klivlenddanligi yozilgan, bir oy oldin jo’natilgan telegrammadan boshqa bironta qog’oz ham, daftar ham topilmadi. Telegrammada ham shunday yozilgandi : “J. H. Yevropada.“ Xabarda ism ham yo’q edi.
- Boshqa hech narsa yo’qmidi? - so’radi Xolms.
- Diqqatga sazovor boshqa hech nima. Uxlashidan avval o’qib yotgan roman yotog’ining to’shagida yotardi, trubkasi esa uning yonidagi stulda edi. Stol ustida bir stakan suv va deraza tokchasida yog’ochdan ishlangan mitti, ichida bir qancha dorilari bilan dori qutichasi bor edi.
Sherlok Xolms ko’ngli yorishib ketganidan stulidan turib ketdi.
- So’nggi xalqa, - xitob qildi u, xursand xolda. - Ish yakunlandi.
Ikki izquvar, unga hayron qarab qolishdi.
- Barchasi. - dedi sherigim, ishonch bilan. – chuvalashib ketgan iplarning hamma uchi qo’limda. To’g’ri, ba’zi tafsilotlarni to’ldirish lozim bo’ladi, biroq qolgan asosiy faktlar, Drebber Stenjerson bilan stansiyada ajralishgan vaqtdan tortib, uning jasadi topilguniga qadar o’tgan hodisalarning barchasi to’g’riligiga xuddi o’z ko’zim bilan guvoh bo’lgandek ishonchim komil bo’ldi. Isbot keltiraman. Menga anavi dorilarni berib tura olasizmi?
- Ha, albatta, - dedi Lestreyd, kichkina oq qutini chiqarib. - Men buni, hamyon va telegrammani Politsiya stansiyasida xafvsizlikda saqlash uchun olib kelgandim. O’zimcha olib yurgandim, aytishim lozim ko’rayki, ularda biron bir ahamiyatlilikni ko’rmayapman.
- Bering, - dedi Xolms, - Xo’sh, Doktor, - menga o’g’irilib. - bular oddiy dorilarmi?
Bunday emasdi. Bu dorilar no’xotdek keladigan kichik yumaloq xajmda, kulrang hamda yorug’lik nurida shaffof ko’rinar edi. “Yorqin tusi va shaffofligiga qaraganda, bular suv eriydigan dorilar bo’lsa kerak. “ dedim men.
- To’ppa-to’g’ri, - javob berdi Xolms. – endi qarshi bo’lmasangiz pastga tushib, o’zini anchadan beri yomon xis qilayotgan, bekamiz kecha uni azoblanishdan etishimizni istagan sho’rlik teryer ko’ppakni olib kelsangiz.
Men pastga tushdim va itni qo’llarimda ko’tarib, yuqoriga qaytib chiqdim. Uning og’ir nafasi va qilt etishga majoli yo’q ko’zlari umri poyoniga yetayotganini dalolat berar, qordek oppoq tumshuqlari ham uni odatiy itlar umridan sal ko’proq yashaganini ko’rsatardi. Men uni gilam ustidagi yostiqqa qo’ydim.
- Endi, mana bu dorilardan birini ikkiga bo’laman, - dedi Xolms va qalamtaroshini chiqarib, so’zini ustidan chiqdi ham - Birinchi yarimni qutiga qaytaramiz, keyinroq kerak bo’lib qoladi. Qolgan ikkinchi yarmini men mana bu choy qoshiqda suv solib qo’yilgan vino idishiga solaman. Payqaganingizdek, do’stimiz Doktor haq bo’lib chiqsa u darrov erib ketadi.
- Juda qiziqku, - dedi Lestreyd, xuddiki birov uni ustidan kulayotganidan gumonsiragandek shikasta ovozda. - Baribir, buni janob Jozef Stenjersonning o’limiga qanday aloqasi borligini bilmayotirman.
- Sabr, do’stim, sabr! Fursati kelganida, hali buni hammasiga bog’liqligini bilib olasiz. Endi, bu aralashmamizga maza qo’shib, it bajonidil ichishi uchun ozgina sut qo’shamiz.
U so’zlayotganida, vino shishasidagi aralashmani taqsimchaga quydi va teryerning yoniga qo’ydi. Teryer esa uni apil-tapil quritib ichib qo’ydi. Sherlok Xolmsning o’zini qat’iyatli tutishi bizni jimgina o’tirib, hayvonni kuzatishga va hayajonli oqibatni kutishga undadi. Shunga qaramay, hech nima sodir bo’lmadi. It yostiq ustida og’ir nafas yotaverdi va aftidan uni chanqog’i ham qonmagandek bo’ldi.
Xolms soatiga qarab qoldi. Daqiqalar keyingisiga natijasiz ulanar ekan, yuksak ranjish va xafsalasi pir bo’lganligi ifodasi yuzida zohir bo’ldi. U betoqatligini ko’rsatib, labini tishlardi hamda stolni barmoqlari bilan urib chalib o’tirardi. Hayajoni shu qadar ediki, unga achinib ketdim. Bu paytda ikki izquvar iztehzo bilan jilmayishardi. Ular raqiblarining mag’lubona yurishidan hecham norozi ko’rinmasdilar.
- Bu tasodif bo’lishi mumkin emas, - xitob qildi Xolms, oxiri stulidan turib ketdi va asovlardek xonaning yuqorisi va pastki qismi bo’ylab yurib kela boshladi. - Bu shunchaki tasodir bo’lishi mumkinmas. Drebberning ishida shubhalanganim o’sha dorilar Stenjersonning o’limidan keyin ham topildi. Ular esa ta’sir qilmayotir Nima nima bo’lishi mumkin? Aminmanki, yaxlit butun mulohazam xato bo’lib chiqa olmaydi. Bu mumkinmas! Va hanuzgacha mana bu badbaxt itga balo ham urmayapti. Ha, bildim! Bildim! - Zavqlanganidan qattiq qichqirib turib, u yana qutiga qaytdi va boshqa dorini ikkiga bo’lib, aralashtirib, sut qo’shib, teryerga berdi. Sho’rpeshona mahluqning tomog’i xali ho’llanib ulgurmasidan, oyoq-qo’llari akashak bo’lib qaltiradi va xuddi yashin urgandek turgan joyida toshdek jonsiz qotdi qoldi.
Sherlok Xolms chuqur xo’rsindi va peshonasidagi terni artdi.
- Ishonchimni namoyon qilishim kerak edi. - dedi u. - Magarki, haqiqiy fakt uzoq deduksiyaviy kuzatuvga qarshi bo’lib chiqsa, uning aslida boshqa talqini borligini isbotlab berilishini shu paytgacha o’zi aniqlashim kerak edi. Qutidagi ikki dorilardan biri eng mash’um dori, boshqasi umuman zararsiz ekan. Shu qutini ko’rmasimdan avvalroq ham men buni bilsam bo’lardi.
Uning so’nggi bayonoti menga shunaqangi erish tuyuldiki, men uni xushi o’zida ekanligiga bazo’r ishonib turardim. O’lik it bo’lsa uning taxminlarini tasdig’i sifatida yotardi. Miyamdagi tumanlik asta-sekinlik bilan tozalanayotgandek tuyuldi va men haqiqat borasida g’ira-shira, mujmal tushunchaga ega bo’la boshladim.
- Bularning barchasi sizlarga g’alati tuyular, - davom etdi Xolms. - chunki sizlar tergov boshidayoq, o’zingizga taqdim etilgan oddiy, yagona va haqqoniy dalilni ahamiyatini anglab, unga tayana olmadingiz. Men aynan o’sha dalilni tutgan xolda, omadni qo’lga kiritdim va bundan keyin bo’lib o’tgan har bir hodisa mening dastlabki farazimni tasdig’iga ishlab, uning mantiqiy davomi bo’laverdi. Shunga ko’ra, sizlarni taajubga solib qo’ygan va ishni sizga battar qorong’u qilib borgan barcha narsalar, kaminani yorug’lantirdi va xulosalarimni mustahkamlab bordi. Sinoatni g’alatilik bilan adashtirish xatodir. Eng siyqasi chiqqan jinoyat odatda eng sirlisi bo’ladi, chunki u farazni keltirib chiqarguvchi hech qanday yangi yo o’ziga xos xususiyat bermaydi. Bu qotillik, aniqki, ochishga qiyinroq bo’lardi agar qurbonning tanasi shunchaki ko’chada hech qanday g’alati va hayratga soladigan belgilarsiz yotganida. Ayni shu g’alati ikir-chikirlar ishni chigallashtirishdan ancha uzoqdir, aksincha uni qiyinlashtirmaslikka xizmat qildi.
Janob Gregson, betoqatlarcha buni eshitib turib, oxiri o’zini tutib tura olmadi.
- Menga qarang, janob Sherlok Xolms, - dedi u. - Biz hammamiz sizni aqlli odam ekanligingizni, o’zingizning ish uslublaringiz borligini tan olishga tayyormiz. Biroq, biz hozir taxminlaru, va’zlardan ko’proq narsa istaymiz. Qotilni qo’lga olish lozim. Men ishni ochgan bo’ldim va hozir yanglishganga o’xshayman. Yosh Charpentiyer bu ikkinchi hodisada ishtirok etgani mumkin emas. Lestreyd o’ziniki bo’yicha Stenjerson ketidan tushdi va u ham nohaq bo’lib chiqdi. Siz bizga uyoqdan-buyoqqa sha’malar qildingiz, bizdan ko’proq bilarkansiz xo’p, lekin endi bu ishda aynan nimalarni bilishingizni so’rashning ayni vaqti shekilli. Bunga haqqimiz bor, albatta. Qotilning kimligini ayta olasizmi?
- Gregson haqliginu tan olishga majburman, ser, - dedi Lestreyd. - Biz ikkovimiz ham urindik va eplamadik. Siz bu xonadaligimdan buyon o’zingizga kerak barcha dalillarni qo’lga kiritganingiz haqida bir martadan oshiqroq gapirdingiz. Aminmanki, siz uni boshqa yashirib o’tirmaysiz.
- Qotilni qo’lga olishda yana kechikish ham, - ta’kidladim men, - yana bir bora yangidan vahshiylik sodir etishiga vaqt berishi mumkin.
Uchchovimizning bosimimiz ostida, Xolms ikkilanib qoldi. U boshini ko’kragiga botirganicha, qoshlarini pasaytirib, uyoqdan-buyoqqa yurishni davom etdi. Bu uning o’ylariga g’arq bo’lganidagi odati edi.
- Ortiq qotilliklar bo’lmaydi, - dedi u oxiri, to’satdan to’xtadida, bizga o’girildi. - Siz bu masalaga boshqa e’tibor qaratmasangiz ham bo’ladi. Siz men qotilning ismini bilish-bilmasingizni so’radingiz. Bilaman. Uning ismini bilish, uni qo’l ostimizda tuta olish kuchi oldida, ancha arzimagan narsa. Bu hodisaga, umid qilamanki, oz qoldi. O’zimning kelishuvim asosida bu ishni o’tkazishni maqsadim bor. Lekin bu ishni biz nozik olib borishimiz kerak, axir biz shug’ullanadigan kimsa sezgir va ashaddiydir. Fursati kelganda isbotlashim mumkinki, u o’zi kabi aqlli kimsa tomonidan qo’llab- quvvatlanadi. Bu kimsa hodisalar kaliti kimdadir ekanidan behabar qolar ekan, uni ushlab olish imkoniyati bo’ladi. Lekin u ozginagina shubhaga borsa ham, ismini o’zgartirishi, bir zumdayoq London ichidagi to’rt millionlik olomon ichida g’oyib bo’lib qolardi. Sizlarni ranjitmasdan aytishib cheklanamanki, men bu kishilarni rasmiy kuchlardan ancha ustamonroq deb bilaman, va ayni shu jihatdan sizlarning ko’magingizni so’ramagan edim. Agarki, muvaffaqiyatsizlikka uchrasam, barcha xatoni o’z zimmamga olgan olaman. Hozir esa, sizlarga so’z berishga tayyormanki, rejalarimni xafv ostiga qo’ymaydigan payt kelishi zahoti, sizlarga hammasini so’zlab beraman.
Lestreyd va Gregson izquvar kuchlarini kamsitgan so’zlar yoki kafillikdan qanoatlanishdan ancha yiroq edilar. Biri boshidagi soch tolasidan tortib oxirigacha bo’zarib ketgan, ikkinchisining munchoq ko’zlari esa sinchkovlik va g’azab ifodasidan charaqlab ketgandi. Ikkovi ham gapirishga ulgurmasidan ilgariroq eshik taqillab qoldi va xonaga ko’cha bolalarining vakili, o’zining arzimas va yoqimsiz shaxsiyati bilan yosh Viggins ko’rinish berdi.
- Marhamat, ser, - dedi u, peshonasini ushlab. - Pastda foytun qarab turibdi.
- Yaxshi bolakay, - dedi Xolms, odob ila. - Skotlend Yardda ham mana bunaqangi uslubni qo’llamaysizlarmi, - davom etdi u, sekin tortmadan qo’lkishanlarni olayotib. – purjinalarni ishlashini qarang. Darrov mahkam yopishadiya.
- Eskisi ham yetarli, - dedi Lestreyd. - kishanlanuvchini odam topsak bas
- Juda soz, juda soz. - dedi Xolms, jilmayib. - Haydovchimiz meni qutilarimni ko’tarishga yordamlashsa bo’lardi. Chiqishini so’ra, Viggins.
Men do’stimni go’yoki otlanish arafasidagidek so’zlashishidan hayron qoldim, chunki u menga bu haqda hech nima aytmagan edi. Xonada kichik chamadon turardi, Xolms esa uni tortib, qayish bilan bog’lay ketdi. Foytun haydovchisi xonaga kirib kelgan paytda u bu ishiga qattiq kirishib ketgandi.
- Mana bu zulfinni ishiga qarashib yuboring, izvoshchi, - dedi u, qilayotgan ishi yonida tiz cho’kib olganicha, boshini ham o’girmasdan.
Izvoshchi yurakni siqadigan, dag’al ruhda yaqinlashib, qo’llarini yordam uchun cho’zdi. Aynan vaqtning o’zida, temirning jiring-jurungi va qattiq shiqishlash eshitildi va Sherlok Xolms yana oyoqqa qalqdi.
- Jentlmenlar, - xitob etdi u, chaqnok ko’zlari bilan. - Sizlarga, Enox Drebber va Jozef Stenjersonning qotili janob Jefferson Houpni tanishtirishga ijozat bergaysizlar.
Barcha bir zumda, shunaqangi tez sodir bo’ldiki, uni anglashga fursat topa olmay qoldim. Hanuzgacha, o’sha zumdagi Xolmsning g’olibona ifodasi, ovozidagi jarangdorlik, izvoschining bilaklariga xuddi sehrlangandek tushib qolgan qo’lkishanlarga jahldor nazar tashlay turib, hayratga tushgan, zolimona tus olgan yuzini xotiramda jonli eslayman. Ikki soniyadan keyin biz qotib turavergandan, haykallar guruhiga aylanib aylanishimiz mumkin edi. So’ngra, qo’qqisdan jahldorlarcha o’kirib, mahbus Xolms changalidan chiqdiyu, o’zini deraza orqali tashqariga otdi. Yog’och va shisha unga yo’l berdi, biroq u chiqib keta olmasidan ilgariyoq, Gregson, Lestreyd va Xolms ovchi itlar kabi unga tashlanib qolishdi. Uni xonaga sudrashdi va daxshatli mojaroni boshlandi. U shunchalik kuchli va shiddatli ediki, to’rtalamiz yana va yana nariga borib tushaverardik. U tutqanoq jazavasiga tushgan odamdek tanasini tez boshqaradigan kuch sohibi bo’lib chiqdi. Uning yuzi va qo’llariga oyna sababli jarohat tushgandi, hamki qon yo’qotish ham uning qarshiilik qiluvida hech qanday pasayish bo’lmadi. Va nihoyat, Lestreydning uni bo’yinbog’idan ushlab olib, bo’ga boshlagani uni harakatlari foydasiz ekanligini anglashga majbur qildi va shunda ham uni oyoq-qo’llarini bog’lab chiqmagunimizcha, o’zimizni xafvsiz xis eta olmadik. Buni bajargach, biz hansirab, nafasimiz qaytgan xolda oyoqqa turdik.
- Uni foytuni bizda, - dedi Sherlok Xolms. - Bu Skotlend Yardga olib borishimizga xizmat qiladi. - davom etdi u, va dilkashlik bilan jilmaydi, - jumboqning tagiga yetib keldik. Endi, o’zingiz istagan har qanday savolni berishingizga ruxsat beraman. Ularga javob berishimda hech qanday xatar qolmadi.