June 28, 2023

Qilichqo'l botir qahramonligi

8-bob. Qilichqo'l tuzog'i. 2-qism.

Qarorgoh asosan cho’qqisi dumaloq, o’zi uchburchak bo’lgan tor tikilgan chodirlardan tashkil topgan edi. Undan xuddi qor barsi kabi xol-xol kiyingan va ko’kraklarida yiltillagan nimadir taqib olgan askarlar yurishardi. Chodirlar oldida esa askarlarni bu yerga olib kelgan haybatli temir “tulpor”lar turar edi. Askarlarni aksari ana shu temir tulporlarni u yeridan, bu yeridan chiqib turishardi. Askarlar qo’llarida og’ir, ajalovur qurollarning turi bor edi. Og’zi katta, kichik, qandaydir qiyshiqroq, uzunroq, kaltaroq xullas har turidan topilardi. Yana ayrim chodirlar oldida Makonliklarning eski to’plariga o’xshamaydigan, qop-qora, og’zi kichkina ammo ishlanishiga qaraganda urgan joyini titib tashlashga qodir to’plar ham bor edi. Sal ichkariroqda bo’lsa ochiqroq maydon qilingan bo’lib, u yerda ...

-         Olov tashlovchi qush! – past ovozda bo’lsa ham hayajon bilan xitob qildi Ergash.

Chindan ham maydon o’rtasida, uzoqroqda ulkan qushni eslatuvchi temir bir narsa turardi. Briksha bu “qush”ni birinchi marta ko’rgan bo’lsa ham, bunga o’xshash qurilmalarni ko’p marotaba ko’rgandi. U Ergashga :

-         Havotirlanma, bek, - Briksha Ergashga shunday murojaat qilardi. U qolganlarga ko’rsatkich barmog’i bilan “qush” oldida kuymalanib turgan bir necha kishi va ularning ortida, oldidagi katta dumaloq temir idishlarni ko’rsati, - boshqaruvchisi va yemishi bo’lmasa, bu qush uchmaydi.

Tuman shu zahoti uni gapiga aralashdi.

-         E, bu “qushlar” g’alato’plarnikidagilaridan qoladi. Bu kichkina ekan, men ko’rganlarim esa...

-         Jim, - deb og’zini yopdi Muzaffar Tumanni. Unga Tumanni maqtanchoqligi sira yoqmasdi. Lekin boshqa paytda xurmat saqlardi. Ayni muhim daqiqalarda esa akasi Ergash oldida bo’lsa ham istisno qildi.

-         Nima qilamiz endi, polvon? – so’radi Muzaffar Brikshaga yuzlanib.

-         Men aytgandek qilasiz, - dedi Briksha va ularga hammasini sekin pichirlab tushuntira ketdi.

Qarorgohdagi askarlar temir tulporlari ishdan chiqqanidan asabiylashgan ko’yi bir-biriga baqirardilar. Bugun ular vaqtdan yutqazishgandi. Tulporni “egar”laganlar - ularni buzib o’tiribdi!

-         Haydashni o’rganganmiding o’zi “Mex-2”ni, - deb javrardi qarorgohning eng chekkasidagi bir askar oldida sal shirakayf bo’lib olgan boqibeg’am haydovchiga.

-         Qaydan bilay, men Sariqlik bir dehqon bo’lsam, - deb javob qildi shirakayf.

-         Bu yerda nima jin urib yuribsanlar? – battar baqirdi askar.

-         O’zlaring yolladilaringku, puli yaxshi dedinglar...

Askar haydovchini endi surobini to’g’rilab qo’yish uchun qo’l cho’zgan ham ediki, yaqin atrofdan otliq tulporning sadosini eshitib xushyor tortdi. Nima bo’lganida ham xizmatdagi askar – u shart beliga osib olgan to’pponchasi va miltig’ini olib ularga o’qlar solib, chalqancha o’rnashdida, ovoz kelayotgan tomonni ko’zi bilan poylab yotdi. Yaqin atrofdagi hamma askarlar ham shunday qilishdi.

Uch nafar otliq qarorgoh tomonga shimoldan yaqinlashib kelardi. Ikkitasi makonlik edi. Biroq ulardan biri, o’rtadadagisi ko’rinishidan makonlikka o’xshamasdi. U yosh yigitga o’xshardi, yuzi silliqqina, ko’zlari moviy...

-         Sehrxon! – deb baqirdi askarlardan biri o’rnidan turib.

Keyin boshqa askarlar ham o’rnilaridan turishdi.

Sehrxon ular oldida shitob bilan o’tib ketdi. U to’g’ri qarorgoh o’rtasiga qarab kirdi va ikki sherigiga :

-         Sizlar yonimda turinglar! – deb buyruq berib, o’zi otdan sakrab tushdi.

Tushiboq, Sehrxon yoniga kelgan askarlarga baland ovozda baqirdi :

-         Qani zobit Vorvik?

Askarlar temir qush uchun mo’ljallangan yo’lakning oxiridagi katta chodirni ko’rsatishdi. Sehrxon o’sha zahoti shahdam qadam tashlab chodirga kirib bordi. Kirganida, chap yuzida ko’ndalang tirtiqli, boshiga baland bosh kiyim kiyib olgan, yuzi cho’zinchoq bir kishi oldidagilarga gapirayotgan edi, Sehrxonni ko’rdiyu jim bo’ldi.

-         Meni buyrug’im bajarilyaptimi, Veyd? – deb boshini tikka ko’tarib, sof makon tilida so’radi Sehrxon.

Veyd hayron bo’ldi.

-         Menga o’zim kelmayman degandingku, xon? – so’radi u.

-         Vaziyat o’zgardi – menga natija kerak, - dedi Sehrxon va Veyd yoniga yaqinlashdi, - nima buyruq bergandim? Nega bu yerda qolib ketdinglar? – dedi u Veyddan ikki qadam narida to’xtab o’qraygancha.

-         Yollanma haydovchilarimiz pand berishdi..., - yuzi oqardi Veydni, - axir o’zing shoshilmalaring degandingku...

-         Nima degandim yana? – xitob qildi Sehrxon ammo uni so’zlarida buyurishdan ko’ra qiziqish ko’proqqa o’xshardi.

-         Qilichqo’l botirni ushlab bermagan vodiy xalqini itoat ettirishni, xoinlik qilgan, to’polon chiqarganlarni qul qilib sharplar davlatiga jo’natishni...

Sehrxon birdan titrab ketdi. Bu so’zlar unga qattiq ta’sir qilgandi.

-         Rostdan shunday degan...midim? – dedi u ikkilanib.

Shunda Veyd bu yerda qandaydir sir borligini bilib qoldi. U bilgan Sehrxon odatda xissiyotsiz, sovuqqon edi. U Sehrxonga tikilib turib shunday dedi :

-         Sen Sehrxonmassan.

Sehrxon salgina iljaydi. Uni yuzi sekinlik bilan o’zgara boshladi. Sehrxondagi sifatlar yo’qoldi, tani qoraydi, sochlari kaltalashdi. Veyd oldidagilarga o’girildi, ular to’pponchalarini chiqarib soxta Sehrxonni nishonga oldilar biroq soxta Sehrxonning sheriklari birinchi bo’lib o’q uzishdi. Sheriklar – bir baquvvat yigit va bir yoshroq, epchilroq yigit ikkitasini tinchitishi bilan Veyd qo’lini ko’tarib “otmalaring” dedi. Veyd buni bu jonzot oldida foydasizligini yaxshi tushunardi. Soxta Sehrxon esa davom etdi.

-         Nega og’am o’zi kelmadi? – deb so’radi qo’lida ishonqiramaygina to’pponcha tutgan Veyddan.

-         Sen ham brikmisan? – deb zaharhanda kulmoqchi bo’ldi Veyd ammo qo’rquvdan qaltirab, buni eplay olmadi.

Soxta Sehrxon – Briksha indamadi. Hozir ikkilanardi. Ammo To’liqbek unga buyurgandi.

“ Veyd Vorvik o’lishi kerak. “ degandi u. U buni Qilichqo’l botir qilishini istamasdi. Qilichqo’l botir shunday qilsa, uni to’xtatishni iloji yo’qligi isbotlanardi, sharplar gubernatori Vilyam va Sehrxon o’rtasi yomonlashardi, ular urush qilishi ham mumkin edi, oqibatda To’liqbek uchun qulay vaziyat pishib – yetilardi.

Lekin Briksha o’zligidan voz kechishni istamasdi. Ana shunda To’liqbek oraga yigitlarni qo’shdi...

-         Bilasanmi, Veyd, - dedi Briksha, - seni o’ldirishni istamayman.

-         Nima hamma briklar shunaqamisizlar? – qo’rquvi birdan arib, achchiq kuldi Veyd, - sen ham meni o’zingga tarafdor qilmoqchimisan? Bekorlarni aytibsan! Sehrxonga sodiqman – u hali Muqimxonni ham, Olmosni ham qo’lga kiritadi, seni esa dodingni beradi! – uni oxirgi so’zlari dadil yangradi.

Briksha bu so’zlarni sovuqlik bilan tingladi ammo sheriklari hayajonlanib ketdi.

-         Xon deydimi? – pichirladi Omon, - xon tirikmidi?

-         Xon Xurramobodda qatl etiladi! Sobiqxon va Sargonus uni topgan! Sehrxon shu sababdan bu yerga kelmadi! – deb tantanavor e’lon qildi Veyd o’zini bosib, xuddi urushsiz g’alaba qilgandek suyunib. U Briksha unga ziyon yetkaza olmasligini bilib dadillashgandi.

Briksha qayg’u bilan ortiga o’girildi. U haliyam Veydni o’ldirishni istamasdi. U uchun bu pashshani o’ldirishdek ish edi – shuning uchun bu ishdan bosh tortdi.

Ammo u o’girilishi bilan o’qlar otildi, to’pponchalar ishga tushdi, shovqin ko’tarildi. Brikshani Veydga qo’lida paydo bo’lgan xanjarni irg’itishdan, bor kuchini ishga solib, atrofdagilarni ham o’ldirishdan boshqa chorasi qolmadi...