November 6, 2023

Qilichqo'l botir qahramonligi

13-bob. Iliqxon qasrida. 1-qism.

Briksha o’tgan joylarda ish qizg’in edi. Kechki xosil yig’ishtirilmoqda edi. Dehqonlar bellariga shoh-shabba va bug’doy, sholi, paxta, javdar poyalarini ilib, uylariga hamda tegirmonga tashirdilar. Sal qo’li uzunroqlari aravalarda tashirdi. Chorvachilar jonliqlarini qishlaydigan joylariga haydab o’tishardi. Bozorlar mavsumiy jihatdan ancha limmo-lim bo’lib ketgan, hunarmandlarni qo’li-qo’liga tegmaydi, savdogarlarning ham jag’i-jag’lariga. Har bitta uchragan qishloqda to’y yoki shunga o’xshash marosim bo’lardi – odamlar qish kelmasidan avval hammasiga ulgurib qolay deyishardida. Bu marosimlar ko’chada bo’lardi va bunday hodisalar paytida bittagina shabbodadan atrof xazonrezgiga to’lib, to’ylarga boshqacha “tus-rang” berardi.

Briksha esa o’zicha yo’lida go’yoki mutlaqo yangi Makonni ko’rdi. Unga hamma tinch ko’rinardi. Sobiqxon savdogarlari, Mansurbekka sodiq amaldorlar, g’alato’p va ostmenlar atrofda umuman izg’imas, bari Makonliklar, Makonni qo’riqlayotgan vatanparvar askarlar, ko’ngillilar va oddiy dehqonu, ularning oilalari edi.

Karvonsaroylarda dunyo ishi yana ham qizg’in muhokama qilinardi. O’zgalarni ustidan zulm qilib, huzur topadigan soliqchilar, boylar yo’liqmadi. Mazlumlar, ularni sudrab ketadigan Sehrxon askarlari g’oyib bo’libdi. Briksha yana bir narsani sezib qoldi. Kishilar xotirjam ko’rinsalarda, negadir g’ashlangan, parishonxotirroq ko’rinishardi. Brikshaga avvalgidek tavoze bilan salom berishmas, uni uylariga taklif qilishmasdi. Brikshani ko’rib, bolalar, ayollar va bo’yi yetgan qizlar bari uylari yoniga qarab yugurishdi yoki yaqinroqdagi biron bir devor oldiga tisarilishardi.

Brikshaga bu g’alati, ajablanarli ko’rindi.

Shimolga borgani sayin, To’liqbek qo’l ostidagi yerlarga yaqinlashgani sayin, Briksha vatanparvar, ko’ngilli otliq va piyoda askarlarni ko’ra boshladi.

Bir kun deganda Briksha Suruvmakondan shimoliy yo’lga o’tib, vodiyga yaqin adirliklar boshlangan joydan ot choptirib o’tayotganida, uni qarshisidan bir guruh cho’qqitemir qalpoqli otliq askarlar yo’lni changitib, otlarini zarb bilan qamchilashib, chiqib kelishdi. Briksha ularni kuzatib turib, oralaridan bittasini tanib qoldi.

-         Omon! – xitob qildi u.

Otliqlar orasidan yoshroq yigit chiqib keldi. U Brikshaga o’ng qo’lini qo’yib, otdan tushmasdan ta’zim qildi.

-         Qilichqo’l botir! Xush kelding!

Avvaliga Omon bilan so’zlashib, keyin bitta chopqir tulporlini o’zlaridan oldinga jo’natib yuborishgach, Briksha yigitlar bilan birga ot choptirib ketdi. Ular adirliklardan oshib, vodiyga qarab yo’l olishdi.

Vodiy boshqa o’lkalardan xiyal sovuq edi. Adirlardan oshib, vodiyga kira boshlaganlaridayoq sovuq shamol esib, Briksha taniga g’uvillab urildi. Briksha bu havodan zavqlandi. U ikki oycha issiq havoda yurib, muzdek lekin to’yimli bu havoni sog’inishga ham ulgurgandi.

Briksha birinchi kelganida yurgan yo’ldan yurdi. U yerdan esa yana ham ichkariga, shimolga, qiyaliklarga qarab yurishdi. Uzoqlarda ko’rinib turguvchi alvon minorali qasrga yetib kelishdi. Briksha yonidagi Omondan so’radi.

-         Bu qanday qasr?

-         Muqimxonni eski bosh qasri – Iliqxon qasri bu, - dedi Omon va yana o’zi bilan mashg’ul bo’ldi. U yoshlarga xos o’ychan va parishon bo’lib qolgandi.

Brikshada esa bunday emas. U qasrga kirishga sabri chidamasdi.

Qiya so’qmoq yo’ldan yurishib, oxiri qasr devorlaridan ichkariga kirib kelishdi. Ichkarida kirishlari bilanoq yana bir guruh basavlat bahodir yigitlardan iborat anchagina katta guruh ularga peshvoz chiqdi. Ular orasida beliga kumush sopli qilich, ustiga zarli to’n, oyog’iga ajnabiylarning qalin etigi va boshiga ham ajnabiy bir qalpoq kiygan, shu ketishda bek o’g’lidan ko’ra hamma yaltir-yulturni o’ziga yig’ib olgan zag’izg’onni eslatib yuboradigan xushchaqchaq, soqoli ko’kragigacha tushgan Tumanbek ham bor edi. U Brikshani ko’riboq, suyunib ketdi :

-         Senga ishongandik, Qilichqo’l! O’, mana qaytibsanda! Zo’r! – dedi va u shu tobda, otidan sakrab tushdiyu, qo’llarini keng yoydi.

Briksha ham shunday qildi. Tumanbek uni quchoqlab yubormadiyu, yelkasiga qoqib qo’ydi. Xuddi yoshi qari donishmandlardek.

“ Kekkayib qolibdi. “ deb o’yladi ichida Briksha.

Chindan ham Tumanbek boshi sal osmonga qarab egilgan, muloyim yuzida manmansirash alomatlari ko’rinib yana undan noma’lum xunuk xidlar anqib turardi.

-         To’liqbek bardammi? – so’radi Briksha.

-         Bardam! Baquvvat! Xuddi qari arslon kabi o’tkir! – xitob qildi Tumanbek yana xush kayfiyat bilan.

-         Ishlaringiz zo’r, shekilli, - dedi Briksha, Tumanni qilichiga ishora qilib.

-         Otam sharofati bilan, vodiyni ozod qilganimiz uchun, arzimas tufha bu! – dedi yana xuddi Brikshani kesatig’ini sezmagandek ko’tarinki ovozda Tumanbek.

Tumanbek Brikshani qasr ichiga boshlab ketdi. Qo’rg’on Briksha ko’rganlari ichida eng kattasi edi. Bu yerda naqd besh mingga yaqin soqchilar bor edi. Ko’plari tashqarida mashg’ulot olib borardi – yugurishardi, quroldan otishni,

Briksha askarlarni shug’ullantirayotganlar ichida ko’p tanish chehralarni ko’rdi.

-         Muzaffar! – baqirdi u bir safar. Unga javoban, o’tkir nigohli Muzaffar xurmat bilan unga bosh egdi. Briksha ham shunday qildi. Ammo Muzaffar yaqinlashmadi, o’z ishida davom etdi.

-         Bular Makonni mushtlari! – dedi ovozini do’rillatib Tumanbek va qo’llarini musht qilib, keng yoyar ekan.

Keyin yurayotib Brikshaga so’z qotdi.

-         Xo’sh, anov g’alato’pga sotilgan xoin xondan qanday qutilding?

-         Xonni xoin deb xisoblaysanmi? – dedi Briksha Tumanbekka ajablanib qarab.

-         Bilasanku, men boshqa joyda tarbiyalanganman, - tushuntirdi atrofga bir qur qarab hech kim eshitmayotganini bilib olgach Tumanbek, - akam va otam haliyam ishonadi u ayyorga. Xonlar aslida Makonga kerakmasligini ikkalamizam bilamiz. To’g’rimi? Hamma ishni xalq ichidan chiqqan bizga o’xshaganlar qiladi – xon ularni qilgan ishini o’zlashtirib, xalqni qiynaydi.

Briksha negadir Tumandan shunday gap kutgandi. Tuman o’zi boshqa makonliklardan boshqacha, o’zgacha fikrga ega yigit edi.