June 22

YOZGI MAVSUM: bolajonlarni shodligi cheksiz

Bugun mamlakatimizda Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar qatorida barkamol avlodni tarbiyalash masalasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ushbu masalaga davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilib, o‘g‘il-qizlarimizning intellektual rivojlanishi, ma’naviy va jismoniy kamoloti bilan bog‘liq barcha sohalarda tizimli islohotlar va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarga hamohang ravishda Bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarni ham keltirib o‘tish joiz.

Bizning Toyloq tumanidagi 2-son davlat maktabgacha ta`lim tashkilotimizda ham yozgi mavsumda bolajonlarni sog`lomlashtirish ishlariga alohida e`tibor qaratilib kelinmoqda. Kezi kelganda bugungi kunda har tomonlama barkamol rivojlangan avlodni tarbiyalash borasidagi O‘zbekiston tajribasi nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro ekspertlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim.

Zero, davlat va jamoat tashkilotlarining sa’y-harakatlari hamda imkoniyatlarini bolalarni sifatli dam oldirish va sog‘lomlashtirishni ta’minlashga ijtimoiy sheriklik asosida yo‘naltirish amaliyoti boshqa mamlakatlarda uchramaydi. Shu maqsadda ta`lim tashkilotimiz mavsum davomida "Sochak" mahallasi faollari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Ayni paytda ta`lim tashkilotimizda 140 nafar bolalar ta`lim va tarbiya olib kelishmoqda. Ularni intellektual salohiyatli va bilimli avlod sifatida voyaga etkazish maqsadida bor imkoniyatlarimizni ishga solib kelmoqdamiz. Yozgi mavsumda ularni chiniqtirish, sog`lomlashtirish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda bir qator sog`lomlashtirish mashg`ulotlari o`tkazilib kelinmoqda. Quyoshda chiniqish, suv o`yinlari, qum maydonchalarida mashg`ulotlar o`tish va asosiysi vitaminlarga boy mahsulotlardan tayyorlangan taomlar bilan sog`lom ovqatlantirishga alohida e`tibor qaratilib kelinmoqda.

Asosiy maqsadimiz mavsum davomida bolalarni chiniqtirish orqali sog`lomlashtirishdan iborat.

Gulbahor SAYFULLAEVA,

Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 2-son DMTT direktori