June 14

Qarshilik yoshlar yozgi mavsumni mazmunli  o`tkazmoqda

Davlatimiz rahbari tomonidan “Maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yzasidan Qarshi tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limiga qarashli 71 –umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Dolzarb 90 kun” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar tashkil qilindi.

Ommaviylastirish maqsadida o`tkazilgan ko‘rgazmali smenarda tumandagi mavjud barcha umumta’lim maktablari direktorlari hamda ularning ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Maktab o‘quvchilarining yozgi ta’til davrida bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etish bo‘yicha "Yangi Batosh" mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda “Dolzarb 90 kun” chora - tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ushbu dasturga ko‘ra maktabda 14 fan va sport to‘garaklariga 738 nafar o‘quvchi - yoshlar qamrab olingan.

Maktab o‘quvchilarini “Dolzarb 90 kun” mavsumi davomida maktabga kelib ketishlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida "Yangi Batosh" mahallasi faollari bilan hamkorlikda barcha o‘quvchilarning ota – onalariga tushuntirish ishlari olib borilib, o‘quvchilarni maktabda tashkil etilgan fan va sport to`garaklariga ishtiroki va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora - tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Ayni paytda o`quvchi-yoshlar ta`tilni mazmunli tadbirlar va mashg`ulotlar bilan maroqli o`tkazishmoqda.

- Men shu maktabning 8-sinfiga o`tdim, - deydi maktab o`quvchisi Shaxrizoda Do`stmurodova. - Ayni paytda yozgi ta`tildamiz. Bu yilgi ta`tilimiz juda maroqli o`tmoqda. Jonajon maktabimizda har kuni turli to`garaklar faoliyat ko`rsatib, ma`naviy-ma`rifiy, sport tadbirlari o`tkazilmoqda. Tengdoshlarimiz o`zlarini qiziqtirgan mashg`ulotlarga qatnamoqda. Bunday shart-sharoit yaratib bergan ustozlarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

- "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida o`tkazilayotgan har bir kun va tadbirlardan o`quvchilarimiz behad mamnun, - deydi Qarshi tumani 71-umumta`lim maktabi direktorining o`rinbosari Orziqul Xudoyqulov. - Bundan tashqari maktabimizda direktorimiz Eldor Ismoilovning tashabbusi bilan 2025-2026 o‘quv yilida maktabga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun “Maktabga tayyorlov guruhi” tashkil qilindi. Bu guruhda maktabga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun ertalabki nonushta, 1 mahal issiq ovqat va tushlik qilish imkoniyatlari yaratilishi bilan bir qatorda bolajonlarga 4 ta fan yo‘nalishi, ya’ni “Husnixat”, “Matematika”, “Alifbo saboqlari” hamda “Ingliz tili” fanlaridan ilk saboq mashg‘ulotlari olib borilmoqda.


Ha, usbu ta`lim dargohida bo`lib o`tgan ko‘rgazmali smenarda so`z olgan Qarshi tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi mudiri Anvar Eshonqulov barcha maktab direktorlari va ularning o`rinbosarlariga usbu 71- umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi jarayonlaridan o`rnak olgan holda ishni sifatli va samarali tashkil etish bo`yicha zarur tavsiyalarini berildi.

Asosiysi tumanda Prezident tashabbusi bo`lgan "Dolzarb - 90 kun" bo`yicha ishlar qizg`in. O`quvchi - yoshlar ta`tilni mazmunli va maroqli o`tkazmoqda.

Muhammadjon BARATOV,

"Mustaqil" gazetasi muxbiri