June 23

Tabiatni sevgan bola - kelajakni asraydi

Bugungi kunda yosh avlodni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, ularda ekologik madaniyat va mas’uliyat hissini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar bolalarning atrof-muhitga ongli munosabatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bulung‘ur tumanidagi 26-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida yozgi mavsum munosabati bilan “Ekologik tabiat bolalar nigohida” mavzusida tuman ko`rgazmali seminari tashkil etildi. Tadbir davomida tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli va mazmunli ekologik maydonchalar tashkil qilinib, ular tabiat sirlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Seminar doirasida bolajonlar hayvonot bog‘i, tozalik qutilari, Turon teatri, pazandalik bekati, kulolchilik ustaxonasi, o‘simlik yetishtirish hamda o‘g‘it tayyorlash maydonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish bekatlarida tashkil etilgan mashg‘ulotlar bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bilan birga, ularning jismoniy va ma’naviy kamolotiga ham xizmat qilshi o`z aksini topdi.
Har bir bekatda tarbiyalanuvchilar faol ishtirok etib, tabiatni asrash, atrof-muhitni ozoda saqlash, mehnatsevarlik, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish kabi hayotiy ko‘nikmalarni egalladilar. Ayniqsa, o‘simlik parvarishi va tabiiy o‘g‘it tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar bolalarda ekologik tafakkurni shakllantirishga xizmat qildi.

Tadbir davomida bolalarning ijodiy qobiliyatlari ham namoyon bo‘ldi. Teatr sahnalari, kulolchilik ishlari va pazandalik ko‘rgazmalari orqali ular o‘z iste’dodlarini namoyish etib, yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirdilar. Bu esa yosh avlodning nafaqat ekologik bilimlarini boyitdi, balki ularning ijodkorlik salohiyatini rivojlantirishga ham zamin yaratdi.
Ko`rgazmali seminarda ishtirok etgan tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi mas`ullari, barcha maktabgacha ta`lim tashkilotlari rahbarlari va ota-onalar ta`lim tashkilotimizda olib borilayotgan tarbiyaviy jarayonlarni yuqori baholashdi.

Farida KARIMOVA,

Bulung`ur tumanidagi 26-son DMTT direktori