June 9
Xayr bog`chajon!
Maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishda bog‘chalarning o‘rni alohida. Shu ma’noda yurtimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ilg‘or pedagogik mezonlarni tatbiq etish chora-tadbirlariga ustuvor e’tibor qaratilayotgani ayni muddao.
Samarqand viloyati Bulung`ur tumanidagi namunali bog‘chalardan biri – 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Xayr, bog‘chajon!” tadbiri bir-biridan quvnoq, baxtiyor va iqtidorli bolajonlarning faol ishtirokida bo‘lib o‘tdi. 400 nafardan ziyod o‘g‘il-qizni bag‘riga olgan mazkur MTTni bu yil 90 nafar tarbiyalanuvchi bitirmoqda.
Zamonaviy qiyofadagi bog‘chada bugungi kunda “Ilk qadam” davlat dasturi asosida ta’lim-tarbiya ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tarbiyalanuvchilar sport, mental arifmetika, ingliz tili kabi qator to‘garaklarning jajji ishtirokchilari hamdir. MTTning bu yilgi bitiruvchilari orasida ana shu yo‘nalishlarda musobaqalarning ham sovrindorlari borligi e’tirofga loyiq.
DMMT direktori Dilfuza Maxkamova bitiruvchilarni beg‘ubor hayotlarida yangi sahifa ochilayotgani bilan qutlar ekan, ko‘zlari porlab turgan bu bolajonlar bog‘chada olgan ta’lim-tarbiyani endilikda umumta’lim maktablarida yanada mustahkamlab, kelajakda el-yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib kamolga yetishlarini tiladi.
Bolajonlarning jo‘shqin qo‘shiq va raqslari barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.