Ta’limda yangi marralar sari
Bulung‘ur tumanida Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2024–2025-o‘quv yili sarhisobi hamda yangi 2025–2026-o‘quv yilida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M. Hamdamov hamda Bulung‘ur tumani hokimi S. Astanov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda o‘tgan haftada davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash, sohaga oid imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Bu jarayon ta’lim xodimlari zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlanib, belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish zarurligi qayd etildi.
Muhokama davomida tumanda o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham ochiqchasiga muhokama qilindi. Shu asosda yangi o‘quv yili uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakat taraqqiyotining poydevori ekanini ta’kidlab, Bulung‘ur tumanida ham kelgusida sifatli va samarali ta’limni ta’minlash yo‘lida bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini qayd etdilar.
Baxtigul QARSHIEVA, Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati rahbari