September 6

Ishtixonda yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi

Yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, bolajonlarning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun qulay sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Ishtixon tumanida ham qator yangiliklar ro‘y bermoqda.

Ana shunday xayrli ishlardan biri sifatida, mustaqilligimizning 34 yilligiga So‘g‘ot mahallasida joylashgan 22-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti investitsiya dasturi asosida qayta barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur zamonaviy tipdagi bog‘cha 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda bolalarning bilim olishi, dam olishi va sog‘lom rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirda muassasada 4 ta asosiy guruh faoliyat boshlagan. Tarbiyachilik jarayonlariga 4 nafar pedagog jalb qilingan bo‘lib, ularning 2 nafari oliy, 2 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli mutaxassislardan iborat. Mashg‘ulotlar davlat ta’lim standartlari asosida olib borilmoqda.

Tantanali ochilish marosimida Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ro‘ziyev so‘zga chiqib, ta’lim sohasi rivoji yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, maktabgacha ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor hamda yangi imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda ta’lim-tarbiya tizimini isloh qilish, zamonaviy sharoitlarda yangi muassasalar barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish davlatimizning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu ishlarning barchasi farzandlarimizning kelajagi uchun xizmat qiladi, — dedi tuman hokimi.

Tadbirda jamoatchilik vakillari, ota-onalar, nuroniylar ham ishtirok etib, yangi bog‘chaning ochilishi munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. So‘g‘ot mahallasida foydalanishga topshirilgan ushbu maskan yosh avlodning ilk bilimlari, ma’naviy-axloqiy tarbiyasi hamda sog‘lom rivojlanishi uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Muhammad BARATOV,

“Mustaqil” gazetasi muxbiri