June 15

"Dolzarb 90 kun": mazmunli va maroqli  lahzalar

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida "Dolzarb 90 kun" loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu borada joylardagi umumta`lim maktablarida ish qizg`in. Oqdaryo tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limiga qarashli 38-umumta`lim maktabida ham yosh avlod kamoloti yo`lida ko`plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oqdaryo tumanining so`lim Dahbed qo`rg`onida joylashgan ushbu ta`lim dargohida bugun 1 200 dan ziyod yoshlar qulay shart-sharoitlarda ta`lim va tarbiya olib kelishmoqda.

Ayni paytda yurtimizdagi barcha umumta`lim martablarida uzoq muddatli yozgi ta`til. Kimdir ota-onasiga uy ishlarida yordam berayotgan bo`lsa, kimdir yozgi oromgohlarda hordiq chiqarmoqda. Shu maqsadda yozgi ta`tilda yoshlarni bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan xayrli tashabbus yoshlar uchun ayni muddao bo`ldi.

Ushbu maktab pedagogik jamoasi tomonidan ham Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan loyiha doirasida 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

- Mazkur masalada Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, mahalla uyushmasi, tuman yoshlar ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda maktabimizda “Dolzarb 90 kun” davomida o‘quvchilar va mahallalardagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 3 oyga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi, - deydi maktab direktori Shaxriya Boltaeva. - Ushbu dasturga asosan hududimizdagi o`quvchi - yoshlar tadbirlarga qamrab olindi. Tadbirlani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun maktabimizning tajribali o‘qituvchi va murabbiylari jalb qilingan. Mahalla yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda tadbirlarga uyushmagan yoshlar ning ham ishtiroki ta`minlanmoqda.

Loyiha doirasida turli fan to`garaklari, sport va intellektual o`yinlar, kasb o`rganishga oid mashg`ulotlar olib borilmoqda.

Muhammadjon BARATOV,

"Mustaqil" gazetasi muxbiri