Ilm va fidoyilik yo‘lida
Har bir insonning hayoti — bu o‘ziga xos izlanish, mehnat va sabr yo‘li. Toyloq tumanidagi Do‘ng qishlog‘ida tug‘ilgan Adiba Berdiyeva hayotini ta’limga, yosh avlod kamoliga bag‘ishlagan fidoyi ustozlardan biridir.
Adiba opa 1990-yilda Toyloq tumanidagi 14-maktabda o‘qishni boshlagan. Keyinchalik 13-maktabda tahsilini davom ettirib, orzu qilgan yo‘liga – matematika fani olamiga qadam qo‘ydi. 2002-yilda Samarqand Davlat universitetining Matematika fakultetiga byudjet asosida o‘qishga kirib, 2006-yilda uni muvaffaqiyatli tamomladi. O‘sha yili taqdir uni yana ilk bilim olgan maskaniga – 14-maktabga qaytardi. Bu safar u o‘quvchi emas, balki o‘qituvchi sifatida.
15 yil davomida u yuzlab o‘quvchilarni matematika sirlariga oshno qildi. Uning mehnati bejiz ketmadi: 2021-yilda bitiruvchilarining 25 nafardan 19 tasi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich ustoz fidoyiligining yorqin isboti edi. Shu yili Adiba Zaripovna ta’limdagi mehnati e’tirof etilib, maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U o‘z faoliyati davomida ko‘plab mukofotlarga ham munosib topildi: 2022-yilda “Ta’lim fidokori” medali, 2024-yilda esa “Ilm-fan bunyotkori” medali bilan taqdirlandi.
2025-yilgi bitiruvchilar ham ustozlari yuzini yorug‘ qildilar: 31 nafar o‘quvchidan 14 nafari davlat oliy o‘quv yurtlariga, 8 nafari xususiy OTM larga, 2 nafari texnikumlarga qabul qilindi. Bu natijalar ustozning qat’iyati, mehr-muhabbati va bilimga bo‘lgan fidoyiligidan dalolat beradi.
Bugun esa u 1-oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi tomonidan ilg`orlar safida e`tirof etilib ehtirom ko`rsatildi.
Adiba Berdiyeva Adiba hayoti va faoliyatini o‘z kasbiga sadoqat bilan yosh avlodga ta`lim va tarbiya berishdek xayrli ishga baxshida etgan yurtdoshlarimizdandir.