May 17

Atrof muhitni asrash insoniyatni asrashdir

Respublikamizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy e’tibor berilmoqda.

Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ko‘plab huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Atrof-muhit muhofazasi sohasidagi muammolarning salbiy oqibatlarini yumshatish va oldini olishda ilmiy-tadqiqot ishlariga ham katta e’tibor berilmoqda.

Bu borada 2022 yil 18 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘ldi. Qaror bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish, keng jamoatchilik o‘rtasida atrof muhit va tabiatni muhofaza qilishga doir tushuncha, bilim va ko‘nikmalarini boyitishga oid tushuntirish targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi uning hududiy bo‘limlari va partiyadan saylangan deputatlar, partiya faollari tashabbusi bilan bir qator targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda. Partiyaning viloyat, shahar Kengashlari bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi bir qator oliy ta`lim muassasalari, tibbiyot va ta`lim dargohlarida insoniyat salomatligi va atrof muhit, ekologiyaning chambarchas bog‘liqligiga oid turli mavzularda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, aholiga ekologiya va atrof muhitni asrashga doir tushunchalar berilib kelinmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Samarqandda o‘tkazilgan “Yashil kelajak sari” aksiyasi doirasida ham partiyadan saylangan deputatlar, partiya faollari viloyat va sahar miqyosidagi jamoalarda bo‘lishib ko‘plab targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishdi. Aholining atrof muhit va tabiatni asrashga oid tushunchalari boyitildi.

Shodiya Musurmonova,

Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati