Tinchlik va totuvlik — oiladan boshlanadi
Yonboshsoy mahallasida uch yildan buyon profilaktika inspektori sifatida xizmat qilib kelayotgan Ramzidin Raximov bu muddat davomida mahalladagi faollar bilan hamkorlikda muhim ishlarga qo‘l urmoqda. Uning sa’y-harakatlari bilan ko‘plab oilalarda totuvlik qaror topdi.
Joriy yilning o‘zida 31 ta oilaviy nizo o‘rganilib, shundan 30 tasida yorug‘lik, mehr va kechirim bilan tinchlik qayta tiklandi. Bu natijalar ortida Ramzidin Raximovning xalq bilan hamnafas, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotga tayyorligi va mahallaning og‘rig‘ini o‘z dardiday his qilishi yotadi.
Inspektor faqat oilaviy totuvlik bilan cheklanib qolmay, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashda ham amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish yo‘lida doimiy ravishda targ‘ibot va uchrashuvlar tashkil etib kelmoqda.
Bugungi kunda Yonboshsoy mahallasidan xotin-qizlar o‘rtasida biror jinoyat qayd etilmagani ham ana shu ishlarning samarasidir.
Ko‘hna Kottiqo‘rg‘on tumanining Jizmonsoy, Burgansoy va Yonboshsoy kabi olis tog‘li hududlarida ham xalq tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida profilaktika inspektorlari kunu-tun xizmat olib bormoqda.
Darhaqiqat, tinchlik va osoyishtalik — eng katta boylik. Uning asosi esa mehrga to‘la oila, totuv mahalladan boshlanadi.
Suratlarda Profilaktika inspektori Ramziddin Raximovning "Yonboshsoy" mahallasidagi faoliyatidan lavhalar aks etgan.