Harbiy vatanparvarlik — bolalikdan boshlanadi
Bugungi globallashuv, axborot oqimi kuchaygan bir davrda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, harbiy vatanparvarlik — bu faqat qurol ko‘tarish emas, balki yurt taqdiriga befarq bo‘lmaslik, uni sevish, asrash va ravnaqi uchun mas’uliyatni his etishdir. Bu tuyg‘ular esa inson qalbida aynan bolalikdan boshlab shakllanadi.
Mamlakatimizda keng nishonlanib yaqindagina nihoyasiga etgan harbiy vatanparvarlik oyligi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi, desak yanglishmaymiz. Ushbu oylik doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotimizda ham mazmunli va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan bir qator tadbirlar o`tkazildi. Chunki maktabgacha ta’lim — inson shaxsining poydevori qo‘yiladigan eng muhim bosqichdir.
Maktabgacha ta’lim tashkilotimizda tarbiyalanayotgan bolajonlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat, jasorat, mardlik, sadoqat kabi tushunchalarni singdirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, ochiq darslar, sahna ko‘rinishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilib ularni bilim va ko`nikmalari oshirildi. Harbiy liboslar, davlat ramzlari, Vatan himoyachilari haqidagi sodda va tushunarli tushunchalar bolalar ongiga mos usullarda yetkazilganligi o`zining ijobiy natijalarini berdi.
Bu kabi tadbirlar natijasida bolalarda yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi naqadar bebaho ne’mat ekanini anglash, harbiylarimizga hurmat va ehtirom tuyg‘ulari shakllandi. Eng muhimi, yosh qalblarda “Vatan mening uyim”, “Vatan — mening faxrim” degan tushunchalar mustahkam o‘rnashib bormoqda.
Bugun maktabgacha ta’lim tizimida olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiya — kelajakda yurtiga sodiq, mas’uliyatli, jasur va fidoyi avlodni voyaga yetkazishning muhim omilidir. Shubhasiz, bolalikdan qalbiga Vatan muhabbati singgan farzand kelgusida jamiyatning mustahkam tayanchiga aylanadi.
Ishtixon tumanidagi 5-son davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti direktori