September 18

Inson salomatligi yo‘lidagi muhim islohotlar

Ishtixon tumanidagi 3-son oilaviy poliklinika misolida tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qanchalik hayotiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda mazkur shifo maskanida faqat aholi salomatligini muhofaza qilish bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy tibbiy xizmatlarni barcha qatlamga yetkazish, profilaktikaga alohida e’tibor qaratish orqali aholining roziligiga erishilmoqda.

Poliklinikada 7 ta tibbiy brigadalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, Oqqo‘rg‘on filialimizda ham 2 910 nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 1 ta tibbiy brigada ish yuritmoqda. Bahrin mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan ushbu muassasa hozirgi kunda Bahrin, Qoraqishloq, Ko‘tarma, Shayxislom va Toytiyoq mahallalaridagi 21 146 nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tibbiyotda “Dolzarb 90 kunlik” doirasida poliklinika binosi to‘liq ta`mirlanib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi.

Ayni paytda poliklinikada 57 nafar tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi. Ulardan 10 nafari shifokor, 41 nafari malakali o‘rta tibbiyot hamshiralari. E’tiborlisi, faoliyat ko‘rsatayotgan hamshiralarning 10 nafari oliy toifali, 7 nafari 1-toifali malakali mutaxassislar. Bu esa poliklinikada ko‘rsatilayotgan xizmat sifatining yuqori darajada ekanidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda aholini tibbiy xatlovdan o‘tkazish jarayonlari ham samarali yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2024 yil davomida 95 foiz aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Bu orqali kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish va profilaktik choralarni ko‘rish imkoniyati yanada kengaydi.

- Poliklinikamizda kunduzgi stasionar uchun 10 ta o‘rin mavjud, - deydi poliklinika mudiri Fazliddin Aqqulov. - Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar — EKG, fizioterapiya va UZI apparatlari ishlab turibdi. Muassasamizda zamonaviy internet tarmog‘iga ulangan 19 ta kompuyter va 16 ta planshetlar xodimlarimizni DMED tizimi bilan ishlashda katta qulayliklar yaratmoqda. Yaqinda tibbiyotda dolzarb bo‘lgan “90 kun” loyihasi doirasida zamonaviy rentgen apparati keltirildi. Bu esa aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari va sifatini yanada kengaytiradi.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tiborning samarasi sifatida Ishtixon tumanidagi 3-son oilaviy poliklinika misolida ham salomatlik tizimidagi yangilanishlarni ko‘rish mumkin. Zamonaviy sharoitlar, malakali kadrlar, zamon talabiga javob beradigan tibbiy xizmatlar — bularning barchasi xalqimiz uchun yaratilgan imkoniyatdir. Shubhasiz, shunday islohotlar orqali eng katta boyligimiz — inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlod genafondini shakllantirish orqali qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar yanada mustahkamlanib boraveradi.

Mohinur SHOMURODOVA,

Ishtixon tumanidagi 3-son oilaviy poliklinikasi katta hamshirasi