Ilk bitiruvchilarga diplomlar topshirildi
Yurtimizda ta’lim tizimidagi islohotlar doirasida o‘quvchilarni ta’lim-tarbiya olishlari bilan birga kasb-hunar olishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shunga ko‘ra kasb-hunar maktablari, texnikumlarda yoshlarning o‘zlari qiziqqan sohalarida kasb-hunar egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi pedagogika kolleji O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan viloyat bo‘yicha Samarqand pedagogika texnikumiga aylantirildi. Bugungi kunda texnikumda o‘qish jarayonlari, darslar AKT va innovatsion usullardan hamda o‘quv qurollaridan foydalangan holda malakali mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan. Joriy yilda texnikumni ilk 41 nafar bitiruvchilari o‘qishni tamomladilar. Ularga diplom topshirish tadbirida texnikumning faxriy ustozlari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etdilar. Diplomlarni olish asnosida o‘quvchilar kelgusida maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi sifatida Vatanga va o‘z kasbiga sodiq bo‘lishga, tarbiyalanuvchilarga munosib ta’lim-tarbiya berishlarini bildirib, qasamyod qabul qildilar.
- Men kollejga o‘qishga kelganimda tarbiyachilik kasbiga shunchalar mehr qo‘yaman, deb o‘ylamagan edim,- deydi bitiruvchisi, qizil diplom sohibasi M.Zubaydullayeva. - Ustozlarimdan olgan bilimlarimni va amaliyotda olgan tajribalarimni albatta, bolajonlarga ta’lim-tarbiya berishda qo‘llayman. Qolaversa, bu erda ustozlarimiz bizni oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qishni davom ettirishga va o‘z kasbimizni yetuk mutaxassisi bo‘lishga chorlaydi.
Shuni alohida aytish joizki texnikumda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari hozirdanoq boshlab yuborilgan. 9- sinf o‘quvchilarini to‘g‘ridan- to‘g‘ri grant asosida kompyuter dasturchisi va tikuvchi dizayner yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirib ta’lim dasturini to‘liq o‘zlashtirishi va qo‘shimcha ravishda chet tilini mukammal egallashi kelgusida diplom olib o‘qishni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirish yoki hunar egallab bandligini ta’minlanishi uchun yaxshi imkoniyat.
Shuningdek, texnikumda 11-sinf bitiruvchilari uchun “Avval test-keyin tanlov” tamoyillari asosida maktabgacha ta’lim, musiqa, jismoniy tarbiya va kutubxonachilik yo‘nalishlari mavjud. Bu bo‘yicha o‘quvchilar 25-iyunga qadar test sinovlarini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. O‘qishni na’munaviy tarzda bitirgan o‘quvchilar suhbat asosida Oliy o‘uv yurtlarining 2-bosqichiga qabul qilinadi.
Texnikum Pedagogika institutining hamda Rossiyaning Ryazan va Hindiston davlatining Mumbay universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. O‘ylaymizki, bugun yangi hayot sari qadam qo‘yayotgan yoshlar maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, qolaversa, tarbiyalanuvchilarning yetarlicha ta’lim-tarbiya olishlarida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar.