May 21

Iqtidorli  yoshlar  maskani

Paxtachi tumanidagi 27-maktab o’quvchilarga puxta bilim berayotgan o’quv maskanlaridan biridir. Maktabning 320 o’ringa mo’ljallangan binosi 1987-yilda qurilgan 196 o’ringa mo’ljallangan, zamonaviy tipda qurilgan yangi bino esa 2022-yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Bugungi kunda 627 nafar o’quvchilarga, 54 nafar o’qituvchilar ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. O’qituvchilarning ilmiy “Potensiali” juda yuqori. 5 nafar oliy toifali, qolgan 49 nafar o’qituvchi ham turli darajadagi toifalarga ega. O’quv maskaniga uzoq yillardan beri, tajribali pedagog, ilmli va salohiyatli mutaxassis Sadinov Kamol Yarashovich boshchilik qilib kelmoqda. Ta’lim va tarbiyani bir-biriga bog’lab olib borish davr talabi. Shunday ekan, bu borada maktabga Kamol Yarashovich rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar, o’tkazilayotgan tadbirlar tahsinga loyiq. Maktabda nafaqat o’qitish va ta’lim berishga, balki ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga, sportga e’tibor kuchaytirilgan. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosarlari Melanova Muhtaram, Xolmo’minov O’lmasbeklar har bir tadbir, ijodiy kechalar, tanlovlar va turli musobaqalarni o’tkazilishida bosh, qosh bo’lishiyapdi. Jismoniy tarbiya o’qituvchisi Asliddin Nurillayev rahbarligida maktab sportchi yoshlari nafaqat tumanda, balki viloyat, Respublika miqiyosidagi sport musobaqalarida nufuzli o’rinlarni egallab kelishmoqda. Ayniqsa basketbol bo’yicha maktabning qizlar terma jamoasi viloyatda birinchi bo’lib, Respublikada muvoffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar.

Ayni shu kunlarda Qoraqalpog’iston Respublikasida bo’lib o’tayotgan milliy kurash musobaqalarida ham maktab o’quvchilari ishtirok etishiyapdi. Kurashchi o’quvchi Abduvaliyeva Nigora bugun maktabning faxriga aylangan. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida milliy g’urur tuyg’usini kuchaytirish hamda halollik, poklik kabi hislatlarni shakllantirish va komil inson bo’lib voyaga etishlariga astoidil e’tibor qaratilyapdi.

Yashil makon dasturi asosida qilinayotgan ishlar ham e’tiborga loyiq, maktab bog’iga shu yilning o’zida 260 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar ekilib, parvarish qilinmoqda. Har bir o’qituvchi va o’quvchining o’z daraxti bor,- deydi maktab rahbarining xo'jalik ishlari bo'yicha o'rinbosari.

-Men ham o’z sohamdagi yutuqlarni aytay,- deb suhbatga aralashdi, O’quv ishlari bo’yicha director o’rinbosari Haqqulov Yusuf Toshtemirovich. O’ndan ortiq o’qituvchilarimiz: Geografiya fani o’qituvchisi, “Ilm fan qanoti” ko’krak nishoni sohibasi, Xalq ta’limi a’lochisi ko’krak nishoniga tavsiya qilingan Dilrabo Ochilova, Informatika fani o’qituvchisi Aziz Toshtemirov, bialogiya fani o’qituvchisi To’rayeva Inobat, matematika fani o’qituvchisi Dilrabo Zokirova, boshlang’ich ta’lim fani o’qituvchisi Surayyo Hasanova hamda barcha ingliz tili va rus tili fanlari o’qituvchilari milliy va xalqaro sertifikatlarga egalar. Bugungi kun talabiga to’liq javob beradi va xalqaro ta’lim standartlariga mos ravishda dars berishadilar. Undan tashqari ingliz tili fani o’qituvchisi Maxliyo Hotamova yaqinda gina bo’lib o’tgan atestatsiyada eng yuqori 92 ball olib 70 % li ustamaga oliy toifaga tavsiya qilindi. O’quvchilar Hamroyev Shoxrux, Farxodov Asadbek, Ravshanovv Sardor, Xidirov Boburlar xalqaro sertifikatlarni qo’lga kiritib, maktabda o’qib oliy talim talabalariga aylanishdi. Tojiboyeva Dilbar, Meliqulova Laziza, Ergashova Diyora, Abdullayev Zufar, Ulug’murodova Durdonalar milliy sertifikatlarni qo’lga kiritishgan.

2023-2024-o’quv yilida 21 nafar o’quvchi maktabni bitirib, oliy o’quv yurtiga 60 % o’quvchi qabul qilindi. 2024-2025-o’quv yilida 3 nafar o’quvchilar fan olimpiadalarida tumanda, birinchi o’rinni olib, biloyat bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritdilar. Husanova Sabina informatika, Murodova Guli kimyo, Toshiboyeva Dilbar biologiya fanlaridan qatnashgan.

Maktabda axborot resurs markazi, kutubxona, 13 ta fan va sport to’garaklari o’quvchilar xizmatida.

O’quv maskanida mahalla va ota-onalar jamoasi bilan ham aloqalar yaxshi yo’lga qo’yilgan. Xomiylar tomonidan boshlang’ich sinflarning har biriga televizorlar bitta xonada kuzatuv kamerasi o’rnatib berildi.

Maktabga safarimiz chog’ida bir narsadan juda quvondik 5-sinf milliy liboslar kunida to’liq milliy libosda darslarga qatnashar ekan, sinf rahbari tajribali ustoz sinfni eng namunali sinf darajasiga olib chiqqan Ochilov Obid domlaning erishayotgan yutuqlarini maktab direktori to’lqinlanib gapirib berdi.

27-maktab jamoasi, o’quvchilar yana bir jihat bilan faxrlanishga haqli, deb o’ylayman xalq ta’limi a’lochisi, Manaviyat fidoiysi, Qozog’iston Respublikasi “Yuksak parvoz” medali sohibi, taniqli shoir O’lmas Samarqandiy shu maktabda faoliyat yuritar ekan. Talim maskanida yaratilgan shart-sharoitlar, sinflardagi televizorlar, 20 dan ortiq kompyuterlarni ko’rib, qishloq bolalari ham bilim olish jarayonida shaharlik tengdoshlaridan sira kam emasligini yurakdan his qildik. Barcha zaruriy jihozlarga ega fizika, kimyo, biologiya kabinetlari mavjud. Quvonarlisi yoshlarimiz o’zlariga yaratib berilayotgan bunday sharoitlardan unumli foydalanishmoqda. O’zlariga berilayotgan e’tibor va ishonchni puxta bilim olishlari bilan oqlashmoqda.

Abdisodiq Nomozov

Mustaqil maxsus muxbiri.