Biz korrupsiyaga qarshimiz
yoshlarimiz savodxonligi oshirilmoqda
Borliq yaralibdiki, hamisha u o‘z bag‘rida ikki qarama-qarshilikni saqlab keladi. Jumladan, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yozuvlik, adolat hamda nohaqlik kabi xislatlar insonlar ichida hamisha barhayotdir.
Ularni tubdan yo‘q qilib bo‘lmaydi, darhaqiqat, ammo ularning sodir bo‘lish holatlarining oldini olish imkoni bizda mujassamdir. Korrupsiya – jamiyat, millat kelajagiga xavf soluvchi qudratli bir kuchdir. U bugun yoki bir necha yil oldin paydo bo‘lib qolmagan. Uning ildizlari tarix sahnalariga borib taqaladi. Avvalo, bu so‘zning ma‘nosiga to‘xtalib o‘tar ekanmiz, korrupsiya - (lotincha: corrumpom – aynish, poraga sotilish) - mansabdor shaxsning o‘z mansabi bo‘yicha berilgan huquqlarni shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiste‘mol qilishdan iborat amaliyotdir. O‘tgan asrlarda korrupsiya bo‘lmagan deb o‘ylash mutlaqo xatodir, boisi biz korrupsiyaning turli ko‘rinishlarini, izlarini ko‘ra olamiz.
Garchi u qog‘oz pul sifatida shakllanmagan bo‘lsa-da, qadim asrlardan qabilada hukmronlikni qo‘lga olish uchun yoki davlat tizimida ma‘lum mavqe egallamoq uchun taqinchoqlar, oltin-kumushlar yoxud hayvonlar ham yuqori amaldagi insonlarga “tuhfa” qilingan. Qadimgi Rimning o‘tmishini olib qarar ekanmiz, hattoki insonlar ham shu tuhfalar qatorida bo‘lgan. ”Xolis qilingan tuhfalar” nafaqat inson qadrini, balki butun jamiyatni ham izdan chiqargan. U davrlarda korrupsiya deya atalmagan bo’lsa-da, bu jarayon azaldan borligiga tarixiy manbaalar ham guvohlik beradi.
Shu maqsadda yoshlarimiz ongida ushbu illatga qarshi kurashish tushunchasini takomillashtirish maqsadida maktabimizda Samarqand shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘quvchilar va jamoa o‘rtasida bir qator targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Yaqinda Samarqand shahar prokurorining katta yordamchisi San’at Sobirov o‘quvchilarimiz bilan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzuida uchrashuv – ochiq muloqot o‘tkazdi. “Korrupsiya jamiyat kushandasi” deb nomlangan uchrashuvda o‘quvchi-yoshlarga bu illatning salbiy oqibatlari haqida sodda va ravon tushunchalar berildi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.