September 27

Ishtixonda “Ustoz va Murabbiylar” kuni – ulug‘vorlik ruhida nishonlandi

Ishtixon tumanida ustoz va murabbiylarga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom, qadrlash va ardoqlash tuyg‘usi katta shukuh bilan namoyon bo‘ldi. “Ustoz va Murabbiylar” kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri haqiqiy mehr-muhabbat, samimiyat va minnatdorchilik ruhida o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Fazliddin Ruziyev, soha faxriylari, fidoyi o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, ustozlarning jamiyat taraqqiyoti va yosh avlod tarbiyasidagi buyuk o‘rnini ta’kidladilar. Har bir so‘z, har bir ehtirom – ustozlarga atalgan madhiyadek yangradi.

Bayram davomida fidoyi murabbiylar sahnaga taklif etilib, ular rag‘batlantirildi, esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu sovg‘alar moddiy qadriyat emas, balki yurt kelajagini tarbiyalash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ustozlarga bo‘lgan yuksak hurmat ramzi sifatida qadrlidir.

Shodiyona va samimiyat bilan o‘tgan tantana barcha ishtirokchilar qalbida unutilmas xotiralar qoldirdi. Zotan, ustozlarni e’zozlash – bu avlodni, kelajakni e’zozlashdir.

Ishtixon zaminida yangragan bu bayramona shodlik yana bir bor hammamizga ustoz degan ulug‘ nom oldida ta’zim qilish naqadar sharafli ekanini yodga soldi.

Muhammad BARATOV,

"Mustaqil" gazetasi muxbiri