September 16

Ta’limning  ilk  bo‘g‘ini – kelajak poydevori

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim ustunlaridan biri – maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishdir. Chunki farzandlarimizning ertangi kuni, millatning intellektual salohiyati, jamiyatning kelajagi ana shu maskanlardan boshlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bejizga: “Biz “Tarbiya go‘daklikdan boshlanadi” degan hikmatli so‘zga amal qilib, ta’lim-tarbiya sohasidagi o‘zgarishlarni uning eng quyi bosqichi – maktabgacha ta’lim tizimidan boshladik”, – deya ta’kidlamaganlar.

Bu so‘zlar bejiz emas. Chunki farzandlarimizning ilk qadami, dunyoqarashi, ma’naviy va aqliy kamoloti aynan bog‘chalarda – maktabgacha ta’lim tashkilotlarida shakllanadi.

Bugun sohaga oid qabul qilinayotgan qonun va farmonlar, amalga oshirilayotgan islohotlar bevosita pedagoglar maqomini yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

Tizimga berilayotgan e’tibor amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi bizning Kattaqo‘rg‘on shahridagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yaqinda kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Bu yerda 25 nafar fidoyi pedagog faoliyat olib bormoqda. Ulardan 10 nafari oliy, 5 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli bo‘lsa, qolganlari tajribali 1 va 2-toifali mutaxassislardir. Hozirda tashkilotimiznig quvvatidan to‘liq foydalangan holda 390 nafar bolajonlarga ta`lim va tarbiya berib kelmoqdamiz. Shulardan 60 nafari 6–7 yoshli tarbiyalanuvchilar bo‘lib ular maktab ta’limiga sifatli tayyorlanmoqda.

“Bolalik bayramsiz bo‘lmaydi”, deydilar donishmandlar. Haqiqatan ham, bu dargohda reja asosida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, musobaqalar o‘tkazilmoqda. Tarbiyachi M. Ikromovaning “Yil tarbiyachisi” respublika tanlovida g‘olib chiqishi – jamoamizning ulkan yutuqlaridan biri bo‘ldi deyishimiz mumkin. Shuningdek, “Iste’dodli bolajon”, “Jajji nurli yulduzlar”, “Shaxmat festivali”, “Bolalar velomarafoni”, “Tabiat bolalar nigohida” kabi tadbirlarda kichkintoylarning faol ishtiroki ularning ijodkorligi va iqtidorlarini namoyon qilib kelmoqda.

Tarbiyachi – chin ma`noda kelajak bunyodkori. Bugungi kun tarbiyachisi nafaqat bilim, balki mehr, odob, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdiruvchi insondir. Ularning zimmasiga kelajak avlodni tarbiyalashdek ulkan mas’uliyat yuklangan. Shu bois ta`lim tashkilotimiz pedagoglari malaka oshirish kurslarida muntazam qatnashib, sertifikatlar olishmoqda, metodik yordamlar bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 531-sonli qaroriga muvofiq, ta`lim tashkilotlari direktorlari oldiga mas`uliyatli vazifa qo‘yilmoqda. Ya`ni har bir ta`lim tashkiloti rahbari menejerlik kursini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikatga ega bo‘lishlari lozim. Qilgan mehnatlarimiz samarasi ushbu sertifikatni oldim. Viloyat Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rahbariyati lozim topgan ekan “Direktorlar kengashi” da rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boryapman. Bu albatta katta ishonch va yuksak mas`uliyat deb bilaman.

2025–2026 o‘quv yilidan boshlab, maktabgacha ta’lim tashkilotida takomillashtirilgan “Ilk qadam” davlat dasturining uchinchi nashri amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu dastur bola shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim, inklyuzivlik, ekologik va ma’naviy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishga alohida urg‘u beradi.

Bolaning atrof-muhitni anglashini ta’minlash, ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash, maktabga o‘tish jarayonini samarali tashkil etish – jamoa oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardandir.

Kundalik ish faoliyatimizda ta’limning ilk bo‘g‘ini – maktabgacha ta’lim qanchalik muhim ekaniga yana bir bor amin bo‘lamiz. Bu yerda bolalarning har bir tabassumi, ijodiy yutug‘i, bilimga chanqoqligi – Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni yorqin bo‘lishidan darak beradi. Shu orinda aytishimiz mumkinki, maktabgacha ta’lim – kelajagimiz poydevori, tarbiyachilar esa uning fidoyi bunyodkorlaridir.

Dilafruz XALILOVA,

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar 5-son davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti direktori, “Xalq ta`limi a`lochisi” ko‘krak nishoni sohibi