March 12

Rahbar va yoshlar uchrashuvi

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning muammo va takliflarini tinglash hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan “Yoshlar bilan ochiq muloqot” uchrashuvlarida haftaning payshanba kuni “yoshlar kuni” sifatida e’lon qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Ana shu tashabbus doirasida Pastdarg‘om tumanidagi 4-son texnikumda ham yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Samarqand viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Nasimov ishtirok etib, o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy suhbat olib bordi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning muammo va takliflarini eshitish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Ochiq muloqot davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Mutasaddilar tomonidan ularning murojaatlari tinglanib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida texnikumning faol, tashabbuskor hamda jamoat ishlarida alohida faollik ko‘rsatib kelayotgan o‘quvchilari Kasbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi. Bu esa yoshlarni yanada faol bo‘lishga, bilim va intilishlarini yuksaltirishga undaydi.

Dilnoza NURMAMATOVA,

Pastdarg`om tumanidagi 4-son texnikum direktorining o`rinbosari