Avlodlarni bog‘lagan ezgu rishta
Nurobod tumanidagi 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan qalblarni ezgulikka chorlovchi, ma’naviy tarbiya va milliy qadriyatlar uyg‘unligini aks ettirgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Navro‘z” mahallasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda nuroniy otaxon va onaxonlar, tarbiyachilar, ota-onalar hamda jajji bolajonlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida nuroniylar tomonidan o‘tgan kunlar xotiralari, hayotiy saboqlar va yurt tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlar haqida samimiy suhbatlar qilindi. Ayniqsa, otaxon va onaxonlarning duoga yo‘g‘rilgan nasihatlari yosh avlod qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Jajji bolalarning she’r va qo‘shiqlari esa tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tadbirning eng ahamiyatli jihati shundaki, unda uch avlod vakillari bir davrada jam bo‘lib, mehr-oqibat, hurmat va ehtirom kabi qadriyatlarni yanada mustahkamladi. Zero, ajdodlarni e’zozlash, yoshi ulug‘ insonlarni qadrlash xalqimizning azaliy fazilatlaridan biridir.
Bugungi kunda ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tashkil etilishi yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat va yurt ravnaqi uchun daxldorlik hissini kuchaytiradi. Chunki millatning kelajagi — o‘z tarixini unutmagan, nuroniylarning duosini olgan va milliy qadriyatlariga sodiq yoshlar qo‘lidadir.
“Uch avlod uchrashuvi” nafaqat bir tadbir, balki avlodlarni bir-biriga bog‘lovchi, qalblarni yaqinlashtiruvchi ezgu ma’naviyat bayramiga aylandi.