Orzularga yo`l ochgan uchrashuv
Samarqand shahridagi 40- umumta`lim maktabida yosh avlodni kelajak hayotga yo`naltirishga qaratilgan tadbir bo`lib o`tdi. Unda kelajak haqidagi orzular, katta maqsadlar va hayot yo‘llarini belgilaydigan muhim qarorlar haqida so‘z bordi. Bitiruvchi o‘quvchilar uchun tashkil etilgan ushbu uchrashuv go‘yoki ularning orzulariga ochilgan yangi eshik bo‘ldi.
Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutining tajribali o‘qituvchilari maktabga tashrif buyurib, yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdilar. Ular nafaqat oliy ta’limga kirish sirlari, balki insonning o‘zini anglashi, o‘z yo‘lini topishi haqida ham qalblarga yetib boradigan fikrlarini bayon etdilar. Har bir so‘z, har bir maslahat o‘quvchilar qalbida yangi umid uchqunlarini yoqdi.
Zalda o‘tirgan har bir yosh qalbda bir savol — “Men kim bo‘laman?” degan o‘y jonlanardi. Ana shu savolga javob topish yo‘lida ularga yo‘l ko‘rsatuvchi ustozlar o‘z tajribalari va bilimlari bilan yo‘lchi yulduz kabi porladilar.
Maktab rahbari Suxrob Shodiyevning so‘zlari esa go‘yoki barchaga bir da’vat bo‘ldi:
— Kelajak sizlarning qo‘lingizda! Har biringiz o‘z taqdiringizni o‘zingiz yaratasiz, — degan ma’nodagi fikrlar o‘quvchilarni yanada ruhlantirdi.
Shuningdek, kimyo fani o‘qituvchisi A. Chorshanbiyev va maktab maslahatchisi M. Suyunova o‘z chiqishlarida bilim va mehnat orqali har qanday orzuga yetish mumkinligini ta’sirli hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar. Ular yoshlarga faqatgina kasb tanlash emas, balki inson sifatida kamol topish yo‘lida ham muhim saboqlar berishdi.
Bu uchrashuv shunchaki seminar emas, balki orzularga qanot bag‘ishlagan, ishonch uyg‘otgan, kelajakka ishtiyoqni oshirgan bir ma’naviy sayohat bo‘ldi.
Chunki orzularga ishongan yoshlar — ertangi kun bunyodkorlaridir.