Yoshlar — Vatanimizning mustahkam tayanchi
Vatanga muhabbat — yurakda tug‘iladi, sadoqat esa amalda namoyon bo‘ladi. Bugun maktablarda bilim olayotgan, sport bilan shug‘ullanayotgan, jamoat ishlarida faol qatnashayotgan yoshlar -Vatan taqdiri uchun mas’ul avlodlardir. “Vatan tayanchi” harakati ana shu yoshlarni yurtga sadoqatli, bilimli, jasur va tashabbuskor etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Pastdarg`om tumanidagi 57- umumta`lim maktabida Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mohiyatidan kelib chiqib harbiy vatanparvarlik ruhidagi tadbir bo`lib o`tdi. Tadbirda o`quvchilarga yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda fuqarolik mas’uliyati va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan tushunchalar berildi.
Qarorga muvofiq, umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari orasidan eng bilimli, intizomli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlar saralab olinib, “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 177 mingdan ortiq yoshni qamrab olgan 9 ming 858 ta otryad faoliyat yuritmoqda.
“Vatan tayanchi” a’zosi bo‘lish — shunchaki nishon taqish emas. Bu, avvalo, bilimda, odob-axloqda, intizomda, sportda va jamoat ishlarida tengdoshlarga namuna bo‘lish demakdir. Bunday yoshlar Vatan tarixini chuqur o‘rganishi, milliy qadriyatlarimizni ardoqlashi, mustaqil fikrlashi va o‘z ustida muntazam ishlashi zarur.
Tengdoshlarga ko‘mak berish, ehtiyojmandlar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ezgu tashabbuslarda faol qatnashish ham haqiqiy vatanparvarlikning amaliy ifodasidir.
Zero, Vatan himoyasi faqat harbiy xizmat bilan cheklanmaydi. U yurt tinchligi va ravnaqi uchun mas’uliyatni his etish, bilim va mehnat bilan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishdan boshlanadi.
Bugungi yoshlar — ertangi Vatan tayanchi. Ularning bilimli, ma’nan yetuk, jasur va fidoyi bo‘lib ulg‘ayishi yurtimiz kelajagining mustahkam poydevoridir.
Pastdarg`om tumanidagi 57-umumta`lim maktabining CHYOT fani o`qituvchisi