"Ma`naviyatga sayohat" - ma`rifat va kitobxonlik bayrami
Samarqand tarixi va ma’naviyati bilan hamisha yurtimiz quvonchi, g‘ururi bo‘lib kelgan. Ana shunday betakror maskan Samarqand tumanidagi Nodir Devonbegi madrasasida “Ma’naviyatga sayohat” kitob yarmarkasi doirasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida tantanali ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabining ijodkor yoshlari o‘z qo‘l mehnati bilan yaratgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi orqali barchaning diqqat-e’tiborini qozonishdi. Bu nafaqat ularning mahorat namoyishi, balki milliy qadriyatlarimizning yoshlar qalbida jonlanib borayotganidan darak edi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kitobxonlikka chorlovchi katta chellenj ham namoyish etildi.
Aslida kitob — inson ma’naviyatining kundaligi. Bunday tadbirlar esa yurtimizda kitobga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytiradi, xalqimiz qalbiga ma’rifat nurini yo‘g‘iradi. Ma’naviyatga sayohat — bu bir kunlik tadbir emas, balki kelajakka qadam, ma’rifatga chorlov va milliy g‘urur ramzi bo‘lib qoldi.
Zarina XOLMIRZAEVA, Samarqand tuman "Barkamol avlod" bolalar maktabi direktori