Yuksak ma`rifatli avlod - kelajak bunyodkorlari
Ishtixon tumanidagi 87-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 25-may — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida katta shukuh va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan maktab hovlisi quvonchga to‘la nigohlar, samimiy tabriklar va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Tadbirda maktabning bitiruvchi o‘quvchilari, ustozlar, ota-onalar hamda faxriy mehmonlar ishtirok etib, yoshlarga ezgu tilaklarini bildirdilar. Ayniqsa, bitiruvchilarning hayajon va quvonchga yo‘g‘rilgan qalb kechinmalari tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Bayram davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va dilbar raqslar yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Har bir chiqish yosh avlodning iste’dodi, intilishi va Vatanga bo‘lgan muhabbatini namoyon etdi. Tadbir davomida ustozlarga bo‘lgan hurmat va ehtirom alohida e’tirof etildi.
Maktab direktori va tajribali ustozlar bitiruvchilarga samimiy tilaklarini bildirib, ularni kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishga da’vat etdilar. Shuningdek, o‘quv yili davomida namunali xulqi, a’lo o‘qishi va jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri nafaqat bitiruvchilar uchun unutilmas xotira, balki barcha o‘quvchilar uchun yangi orzu va marralar sari ilhom manbai bo‘ldi. Tadbir yakunida yangragan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari yoshlarni katta hayot sari chorlab, ularning qalbida ezgu orzular va porloq kelajakka ishonch uyg‘otdi.
Darhaqiqat, bugungi bilimli, ma’rifatli va intiluvchan yoshlar — Yangi O‘zbekistonning ertangi bunyodkorlari, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevoridir.