Vatanga sadoqat — kasb tanlashdan boshlanadi
Bugun yurtimizda yosh avlodni ongli kasb tanlashga yo‘naltirish, ularning qalbida Vatanga sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari va 5-kurs kursantlari hamda Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida targ‘ibot-tashviqot tadbiri tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv yoshlar orasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni mardlik va fidoyilik talab etiladigan kasblarga yo‘naltirish hamda yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli burchga da’vat etish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida mavjud ta’lim yo‘nalishlari, o‘qish sharoitlari va kelgusidagi xizmat imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, 5-kurs kursantlarining shaxsiy o‘qish va amaliy tajribalari asosida olib borilgan ochiq muloqot o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular favqulodda vaziyatlar sohasida xizmat qilish nafaqat kasb, balki Vatanga sadoqatning yorqin ifodasi ekanini ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida maktab kutubxonasiga badiiy va ma’naviy-ma’rifiy kitoblar sovg‘a qilinib, yoshlarning bilimga chanqoqligini qo‘llab-quvvatlashga munosib hissa qo‘shildi.
Shubhasiz, bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlarni ongli ravishda kelajak kasbini tanlashga undash, ularni yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi bilimli va vatanparvar yoshlar – ertangi ishonchli tayanchdir.