May 8

Xotira - qalblarni munavvar etdi

Kattaqo‘rg‘on tumani "Yonboshsoy" mahallasidagi 101-umumta’lim maktabida 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy, badiiylashtirilgan tadbir yuksak saviyada ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlandi. Vatan tinchligi, inson qadri va ajdodlar xotirasiga ehtirom g‘oyalari ustuvor bo‘lgan ushbu tadbir ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.

Tadbirni maktab direktori Munira Xo‘jamova ochib, yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan insonlar xotirasi hamisha e’zozda ekanini ta’kidladi. U o‘z tabrik so‘zida yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va inson qadrini ulug‘lash ruhida tarbiyalash bugungi kunning muhim vazifasi ekanini alohida ta`kidladi.

Tadbirda Do‘rmon ijodkorlar klubi a’zosi Safar Turon, afg‘on urushi qatnashchisi va shoir Sherquvot Primov, shuningdek, shoirlar Salim Yusupov, Qahramon Eshmurodov hamda Otabek Mirzaqobilovlar tomonidan o‘qilgan she’rlar yig‘ilganlarga manzur bo`ldi. Vatanni madh etuvchi, tinchlikni ulug‘lovchi she’rlar yoshlar qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Uchrashuvda Afg‘on urushi qatnashchisi Sherquvot Primovning hayot haqiqatlari bilan yo‘g‘rilgan chiqishi o‘quvchilarni befarq qoldirmadi. Urushning achchiq saboqlari, tinchlikning beqiyos qadri haqidagi fikrlar yosh avlod uchun hayotiy ibrat bo‘ldi.

Maktabning harbiy ta’lim o‘qituvchisi Husniddin Omonov rahbarligida tayyorlangan o‘quvchilarining chiqishlari yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. O‘quvchilarning sahnadagi vatanparvarlik ruhidagi chiqishlari va jonli ijrolari tadbirga alohida fayz kiritdi.

Xotira va qadrlash kuni — bu faqat o‘tmishni eslash emas, balki tinch va osuda hayotning qadriga yetish, inson sha’nini ulug‘lash, Vatanga muhabbatni yuraklarga jo etish demakdir. 101-maktabda o‘tkazilgan ushbu madaniy - ma’rifiy tadbir ham ana shu ezgu g‘oyalarning yorqin ifodasi bo`ldi.

Qahramon ESHMURODOV,

shoir